Ta'lim 27.12.2018 9

MUKOFOTGA "NEKSIYA" OLGAN TALABA

Oramizdagi odamlar

MUKOFOTGA "NEKSIYA" OLGAN TALABA

Bugun oliy o‘quv yurtlari talabalari ham o‘qishga mashinada qatnashayotganini ko‘rgan kishi ajablanmaydi. Mashhur qiziqchining "hurmatli talabalar, mashinalaringizni bir chetga olinglar, bo‘lmasa, domlalarning velosipediga joy qolmayapti", degan achchiq istehzoli gaplari ham bejiz aytilmagan.

Hazil o‘z yo‘ligayu, asli qamashilik, ayni   paytda Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Mansurjon Boymurodov ham erta tongdan oliy o‘quv yurti avtoturargohida mashinasini qoldirib, darsga kirishi bor gap. Boshqa ko‘plab mashinali talabalardan farqli o‘laroq unga "Neksiya"ni otasi yo bobosi   sovg‘a qilgani yo‘q. U bu mukofotga o‘z bilimi, intilishi bilan erishdi. Va haqli ravishda uchqur "tulpor"ining "egar"ida ham ko‘pkarida oliy sovrin uchun uloq ayirgan mohir chavandozdek g‘urur va viqor bilan o‘tiradi...

Qamashi tumani Guliston qishlog‘ida joylashgan 54-maktabda Mahmud Rahimov degan muallim 28 yildan buyon fransuz tilidan dars berib keladi. Muallimning oilasi kattagina, uch o‘g‘il, bir qizi bor, el qatori yashaydi. Ayoli Risolat Jo‘rayeva bilan farzandlariga yaxshi tarbiya berishdi.

Oradan yillar o‘tishi bilan ota va onaning tashvishi ham ortib boraverdi. Bu ham bo‘lsa farzandlarini o‘qimishli va kasb-hunarli qilish masalasi edi. Muallim bu borada barcha imkoniyatni yaratib qo‘yish uchun qattiq ter to‘kdi. Risolat ro‘zg‘orga quvvat deb chevarlik bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ayniqsa uning kuyov to‘nlarini bejirim qavishini hamqishloqlari yaxshi  bilishadi.

 Muallimning bolasi-da, o‘g‘il-qizlari maktabda a’lo baholarga o‘qishdi. O‘g‘illari G‘ayrat va Begali  oliy dargohga kirish uchun bir-ikki urinib ko‘rishdi, ammo, omadlari kelmadi.

Navbat qizi Xolidaga keldi. Qizi  poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlariga kirishga tayyorlaydigan nufuzli o‘quv  markazlaridan birida tahsil olib, Toshkent jahon tillari universitetiga davlat granti asosida o‘qishga kirdi. Hozir oxirgi bosqichda ta’lim olmoqda. 

Oilaning kenja o‘g‘li Mansurjon maktabda ham o‘t-olov edi. U ham kamiga opasi o‘qigan o‘quv markazida tayyorgarlik ko‘rib, Toshkent davlat yuridik universitetiga 190,9 ball bilan o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi.  

  Pirovardida esa Mansurjon Boymurodov o‘quv markazi tomonidan eng yuqori ball to‘plab, o‘qishga kirganlar o‘rtasida yutuqqa qo‘yilgan ikkita "Neksiya"   mashinasining biriga  munosib deb topildi. Tantanali marosimda mashina kalitini o‘g‘li bilan birga    mashhur san’atkorlar qo‘lidan olar ekan, Mahmud    muallimning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi...

Kimlardir buni omadga yo‘ydi. Balki shundaydir. Biroq omad ham intilganga kulib boqadi-da.   Prezident ham bejizga aytmadi: "Bilimli avlod - buyuk kelajakning kafolati" deb...

O‘rolboy QOBIL