Yilnoma 24.04.2017 1048

MUROJAAT MADANIYATI

Barchaga daxldor masala

MUROJAAT MADANIYATI

masalaning tez va to‘laqonli yechim topishida nechog‘lik ahamiyatga ega?

MUROJAATLAR BILAN ISHLASHNING ZAMONAVIY KO‘RINISHI

Har bir murojaat – bir taqdir. Uning ortida kishilarni qiynayotgan, o‘ylantirayotgan masalalar, yechimini kutayotgan muammolar turibdi. Kimningdir dardu tashvishi, orzu-o‘ylari mujassam ularda. Xo‘sh, murojaat qachon qanoatlantirilgan hisoblanadi? Albatta, belgilangan muddatda ko‘rib chiqilsa va unda keltirilgan har bir vaj asosli yechimini topsa. Biroq buning uchun har ikki tomon o‘z o‘rnini, mas’uliyatini bilishi, anglashi kerak. Mas’uliyatki, xat yo‘llagan fuqarodan ham, uni ko‘rib chiqayotgan mansabdor shaxsdan ham o‘ziga xos madaniyatni talab qiladi.

Ma’lumki, so‘nggi yarim yilda mamlakatimizda murojaatlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi joriy qilindi. To‘g‘ri, Bosh qomusimizda davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida javobgar ekanligi, har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Biroq bu borada shu paytgacha sansalorlik, qog‘ozbozlik va e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yib kelingani ham hech kimga sir emas. Buni birgina O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining, so‘ngra Prezidentning virtual qabulxonasiga qisqa muddatda bir necha yuz minglab ariza, shikoyat va takliflar kelib tushganidan ham bilish qiyin emas.

Ana shularni hisobga olib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq bir vaqtning o‘zida 3 ta yangi tuzilma tashkil etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni ishlar boshqarmasi huzuridagi fuqarolar qabulxonasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi hamda respublikamizdagi har bir viloyat, shahar va tumanida Prezidentning xalq qabulxonalari ochilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Maqsad nima? Albatta, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish, pirovardida aholining davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularni hayotdan rozi qilish. Bu borada davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlari va mansabdor shaxslari, barcha darajadagi hokimlar tomonidan tashkil qilinayotgan sayyor qabullar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, mazkur qabullar qo‘l uchida, nomiga o‘tkazilmayapti. Muammolarga joyida yechim topilayapti, aholini qiynayotgan, o‘ylantirayotgan masalalar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda. Murojaatlarning ko‘rib chiqilishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan yoki qonunchilik ijrosini ta’minlashga befarq bo‘lgan har bir mas’ul shaxsga nisbatan esa qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi ta’minlanmoqda.

E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, murojaatni ko‘rib chiquvchi shaxs zimmasiga juda katta mas’uliyat, o‘z navbatida javobgarlik yuklanayapti. Xo‘sh, murojaat qiluvchi gardanida ham biror mas’uliyat yoki vazifa bormi-yo‘qmi? Bor. Eng avval, murojaatda masalaning mohiyati aniq bayon etilishi hamda u tuhmat va haqoratdan iborat bo‘lmasligi kerak. Shu bilan birga, vakolati bo‘yicha tegishli idoraga yo‘llanishi zarur. Bor-yo‘g‘i shu. Qiyin emas, to‘g‘rimi?

UYDAGI GAP NEGA KO‘CHADA HAL QILINISHI KERAK?

Xalqimizda odob-axloq yuksak qadrlanadi. Har narsaga shu nuqtayi nazardan yondashiladi, yondashishga harakat qilinadi. Oddiygina salom berish, ovqatlanish, kiyinish, yurish-turish kabi kundalik yumushlarni olaylik. Ularni ham odob bilan bajarishga intilamiz. Shunday ekan, nega murojaat qilishda o‘ziga xos odob, madaniyat bo‘lmasligi kerak? Endi bir o‘ylab ko‘raylik. Biz o‘zimizni murojaat etish borasida madaniyatli sanay olamizmi? Dardu tashvishlarimizga yechim topishda, og‘irimizni yengil qilishda yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalana olayapmizmi?

- Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, qo‘yilayotgan masala qayerda, qaysi davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi idorasi, qaysi mansabdor shaxs bilan va qachon hal qilinishi borasida aholi o‘rtasida tushunmovchiliklar ko‘p, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kitob tumani Xalq qabulxonasi mudiri Abdishukur Omonov. - Masalan, bir fuqaro o‘z murojaatida bitta hovlida ko‘pchilik yashashi tufayli yer uchastkasi olib berilishini so‘rayapti. Vaholanki, uy-joy qurish uchun yer uchastkasi faqat kim oshdi savdosi orqali beriladi. Yoki fuqarolarimiz oilaviy sharoiti qiyinligini aytib, ko‘plab yuqori idoralarga chiqishadi. Aslida bunga hojat yo‘q. Chunki moddiy yordam masalasi faqat mahalla fuqarolar yig‘ini huzuridagi komissiyada hal qilinadi. Shuning uchun dastlab ana shu idoralarga murojaat qilish, agar ulardan hech qanday javob yoki samara bo‘lmasa, keyin yuqori idoralarga xat yo‘llansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Chindan ham masala aniq qo‘yilgan va to‘g‘ri yo‘llangan bo‘lsa, muammo tezda bartaraf etiladi. Ayrim fuqarolar tomonidan ariza va shikoyatlar birdaniga bir necha davlat va nodavlat idoralarga yuborilayotgani, qayta-qayta murojaat qilinayotgani esa xat va shikoyatlarning asossiz ko‘payishiga olib keladi. Murojaatda ko‘tarilayotgan masala bilan bevosita shug‘ullanmaydigan tashkilotlarga ham xatlar yo‘llanishi, qaysi masalani kim ko‘rishini o‘ylab o‘tirmay, to‘g‘ri kelgan idoraga murojaat qilish oqibatida qancha kishi ovorayu sarson, aslida bitta tashkilot qanoatlantiradigan masala ortidan o‘nlab idoralar javob xatlari yozishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun har bir kishi dardini elga dasturxon qilishdan avval obdan o‘ylab, yaqin kishilariga maslahat solib, muammoni dastavval mahalla-ko‘y ishtirokida hal qilish choralarini izlasa, har tomonlama yaxshi bo‘lmaydimi? Qolaversa, ota-bobolarimiz “Uydagi gapni ko‘chaga chiqarma”, “Kengashli to‘y tarqamas” deya bejiz aytishmagan.

Masalaning boshqa jihati ham borki, aynan quyi bo‘g‘inlarda bu xususda tushuntirish berilmagani va muqaddam qilingan murojaat e’tiborsiz qoldirilgani tufayli ham uydagi gap ko‘chaga, tashqariga olib chiqilishiga sabab bo‘layapti...

TOMNI KIM YOPIB BERADI?

- Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir fuqaroning davlat rahbariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish imkoni yaratilgani nihoyatda katta hodisa, - deydi islomshunos Nurali Mavlonov. – Kimdir bundan unumli foydalanib, o‘ziga va jamiyatga naf keltirayotgan bo‘lsa, boshqalar faqat shaxsiy manfaatlari, hatto g‘araz maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinayotgani achinarlidir. Birgina virtual qabulxonani olib ko‘raylik. Uni joriy etishdan asosiy maqsad xalqning dardini eshitish, ularga ko‘maklashish, tadbirli rejalarida yordamlashish, ularning baxti, kamoli, ertangi kuniga qaratilgan edi. Biroq mazkur manzilga kelib tushayotgan ayrim murojaatlarni o‘qigan, eshitgan yoki o‘rgangan oning hayron qolasan kishi.

Noto‘g‘ri yo‘l tutgan o‘g‘lining taqdiridan xavfsirab, unga bergan mashinasini olib qo‘ygan otaga achchiq qilib avtomashina olish maqsadida pul so‘rab murojaat qilgan yosh yigitning murojaatiga nima deyish mumkin?! Ota-onasining dunyo o‘z bag‘riga sig‘dirolmas orzulari olamida tarbiyalangan yakkayu yagona farzand bugun katta bo‘lib, qo‘llari qavargan mehribonlarining yonida bo‘lish, ularning xizmatini qilib, duolarini olish o‘rniga ota-onasidan arazlab, ular bilan birga yashashdan or qilib, tanho yashash maqsadida portaldan chora izlaganiga-chi?! O‘ziga to‘q, bilagida kuchi bor odam  “Tomimning shiferi uchib ketdi, qayta yopishda yordam bersangiz”, deya murojaat qilganida qanday mantiq bor?

Yana kimningdir boshqa birovga achchiq qilib: “Bir ko‘rsatib qo‘yay!”, yana birining: “Bir yozay-chi, nima bo‘lar ekan? Rostdan ham o‘rganisharkanmi?” qabilida murojaat qilayotgani ham tushunarsiz. Yana ularning “Yozdim. O‘rganishdi. Baribir natija bo‘lmadi. Qop-qop va’dalar hammasi qog‘ozda ekan-da...”, degan xulosaga kelishi ajablanarli. Bu murojaatlar davlatimiz rahbari kutgan – xalq dardi emas, illat-ku!..

Deylik, kimdir tadbirkorlik qilish niyatida. Buning uchun unda salohiyat va iqtidor bor, biroq moliyaviy imkoniyat yo‘q. Marhamat, tegishli   idoralarga murojaat qilib, yordam olsin, tadbirkor bo‘lsin, ish o‘rinlari yaratsin. Mavjud imkoniyatlardan shu tariqa ham foydalansa bo‘ladi-ku. Qachongacha shaxsiy manfaat, faqat manfaat izidan quvamiz? Jamiyat, odamlar uchun foyda keltiradigan taklif-mulohazalarni qachon bildiramiz?

MUROJAATDA HAM MANTIQ BO‘LSIN

Shunday holatlar ham borki, ayrim murojaatlar 50-60 varaqdan iborat bo‘ladi. Ancha vaqt sarflab, xatni oxirigacha o‘qiysizu unda aynan nima maqsad ko‘zda tutilgan, fuqaro qanday masalada ko‘mak kutayapti, degan savolga javob topish mushkul. Demakki, bu murojaat bilan qay tartibda ishlash ham murakkab bo‘lib qoladi. Ya’ni unda keltirilgan mavhum masalalar bilan qaysi idora shug‘ullanadi, undan ko‘zlangan maqsad-muddao nima o‘zi, bilib bo‘lmaydi. Ayonki, murojaat qancha muxtasar va aniq bo‘lsa, u bilan ishlash shuncha osonlashadi.

Shu bilan birga, ba’zi kishilar tomonidan xatning ta’sirini kuchaytirish uchun bitta masala yuzasidan o‘nlab tashkilotlarga xat yo‘llanadi. Masalan, “Nusxasi...” deya Oliy Majlisga, Vazirlar Mahkamasiga, Bosh prokuraturaga kabi. Aslida bu masalani mahalla fuqarolar yig‘ini ko‘rib chiqadi. Deylik, o‘sha xatda keltirilgan ro‘yxatda mahalla fuqarolar yig‘inining ham nomi keltirilgan bo‘lsa, boshqa idoralar xatni qay tartibda ko‘rib chiqishi kerak? Yoki agar nusxasi tegishli idoraga yuborilgan bo‘lsa, boshqa joyda uni ma’lumot sifatida qabul qilish kerakmi?

Umuman olganda, bunday xatlar zamirida quyi tashkilotlarga o‘zini ko‘rsatib qo‘yish istagi borday tuyuladi. Ya’ni mahallaga Oliy Majlis orqali xat kelsa, masala tezroq yechimini topadi. Ammo yuqorida aytganimizdek, “Nusxasi...” ko‘rinishida yuborilgan xatlar vakolati doirasiga kirmagani uchun ko‘plab idoralarda qog‘ozbozlik, vaqt sarfiga olib keladi.

Ayrim hollarda uyushtirilgan murojaatlarga, ya’ni “zakaz” bilan yozib berilgan xatlarga ham duch kelamiz. Deylik, xatda keltirilgan fuqaro bir joydan, uni yozayotgan kishi boshqa hududdan. Avvaldan o‘zaro tanish ham bo‘lishmagan. Ular bunga sabab qilib bir kishining manfaatini yuzaga chiqarib berishayotganini aytishadi. Ammo bunda qandaydir manfaat borligi sezilib turadi.

Aslida tushunarli yozilgan va tegishli joyga yuborilgan xat o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqiladi. Bunga shubha yo‘q. Kimlardir buni bilmay, falonchi ariza yozib berar ekan, deb turli “yozg‘uvchi”larga nimalarnidir tiqishtirib, oxir-oqibatda o‘zlari sarson bo‘lgani qoladi. Ana shunday “manfaatli ariza”larning oldini olish maqsadida barcha tuman (shahar)larda Xalq qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildiki, endi aholi vakillari to‘g‘ridan to‘g‘ri bu maskanlarga borib, bor dardu tashvishlarini bayon qilishlari mumkin.

XALQ QABULXONASI BARCHA BO‘G‘INDA BIR XIL VAKOLAT VA KUCHGA EGA

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyati aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Buning uchun viloyat, tuman, shahar Xalq qabulxonalarida barcha sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Ona va bola, tibbiyot xonalari, kutish zali zamonaviy jihozlangan. Sharoitlarki, har qanday didi nozik kishining ham e’tiborini tortadi. Ushbu muassasalarda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha tajribaga ega, amaldagi qonunchilikdan yaxshi xabardor mutaxassislar  faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq bu borada ham fuqarolarimiz e’tibor qaratishi zarur jihatlar ko‘zga tashlanib qolmoqda.

- Birinchi navbatda, murojaat qiluvchilar qabulxonalarga pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan kelishi lozim, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi Davlat Imomov. - Ikkinchidan, barcha darajadagi Xalq qabulxonalari, u Nishon tumanida bo‘ladimi yoki Chiroqchi, murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqishda bir xil huquq va vakolatga ega. Barcha qabulxonalar xodimlari O‘zbekiston Prezidenti devoni xodimi hisoblanadi. Shuning uchun fuqarolar avvalo o‘zlari yashab turgan tuman, shahardagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilsa, o‘rtaga qo‘yilayotgan masalaga o‘sha hududning o‘zida tezkor yechim topish imkoniyati oshadi. Tuman, shahar Xalq qabulxonasi mudiri ham kelib tushgan murojaat yechimi yuzasidan nafaqat o‘sha hudud, balki viloyat   miqyosidagi tashkilotlarga ham chiqishi mumkin. Yana bir muhim masala – qabulxonalarga murojaat qilish, mutaxassislardan huquqiy maslahat va tavsiya olishda hech qanday to‘lov amalga oshirilmaydi.

***

Bir o‘ylab ko‘ring. Mulohazasiz, o‘ylanmasdan qilingan murojaatlar qanchadan qancha sarsonlik, ovoragarchiliklarni yuzaga keltiradi. Sarf etilgan ortga qaytmas vaqt, ko‘z nurlari, elektr quvvati, qog‘ozlar... Bularning ham hisobi bor, isrofi bor. Bu isrofga murojaat madaniyatiga rioya qilmayotganimiz sabab bo‘lmayaptimikan?!

B.O‘KTAM