Yilnoma 03.08.2017 559

MUROJAAT, MAS’ULIYAT VA JAVOBGARLIK

Xalq qabulxonasi – adolat maskani

MUROJAAT, MAS’ULIYAT VA JAVOBGARLIK

Viloyat adliya boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat Xalq qabulxonasi tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish amaliyotidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat Xalq qabulxonasi mudiri A.Xolmaxmatov boshqarib bordi.

Shahar, tumanlar Xalq qabulxonalari mudirlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, viloyat hududidagi mutasaddi korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlari va murojaatlar bilan ishlashga biriktirilgan xodimlari ishtirok etgan tadbirda qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va xolisona hal etishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida viloyatdagi Xalq qabulxonalariga 12 ming 126 ta murojaat qilingan bo‘lib, ular bandlik, uy-joy va yer, pensiya va nafaqalar, moddiy yordam hamda kommunal to‘lov kabi masalalarga taalluqlidir. Eng ko‘p murojaatlar Qarshi shahri, Kitob, Chiroqchi, Nishon va Qarshi tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelsa, Dehqonobod va Mirishkor tumani aholisi eng kam murojaat qilishgan. Murojaatlarning qanoatlantirilishi esa Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlarida eng past ko‘rsatkichga ega.

Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim rahbar va mansabdor shaxslar tomonidan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik, xatlarga nomigagina javob berish yoki umuman javob bermaslik hollari kuzatilayaptiki, bu o‘z navbatida fuqarolar e’tiroziga sabab bo‘lib, takroriy murojaatlarni keltirib chiqarmoqda.

Masalan, Qarshi shahrilik M.Umirovaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun yer olish masalasida yozgan arizasiga Qarshi shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan 49 kunda, F.Azizova xatiga esa Qarshi shahar hokimligi tomonidan 61 kun o‘tgandan so‘ng javob qaytarilgan.

Shuningdek, viloyat bandlik bosh boshqarmasi Qarshi tumanilik U.Luliyeva murojaatiga 58 kun o‘tgach javob yo‘llagan. Kasbilik S.Bo‘tayevaning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish so‘rab qilgan murojaati g‘alati tarzda “hal etilgan”. Yа’ni Kasbi tumani mehnat bo‘limi xodimlari S.Bo‘tayeva bilan uchrashib, ish topib berishlarini aytishgan va fuqaroga rozilik xatini yozdirib olishgan. Biroq masala hal etilmasdan qolavergan. Natijada S.Bo‘tayeva takroriy murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Shu bilan birga, murojaat madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha joylarda olib borilayotgan targ‘ibot ishlari yetarli emasligi sabab fuqarolar tomonidan bitta masala bo‘yicha bir vaqtning o‘zida ketma-ket yoki bir nechta tashkilotlarga murojaat qilish holatlari kuzatilmoqda. Misol uchun, fuqaro I.Qurbonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasiga 162 marta, A.Rajabov 91, B.Almardonov 73, N.Djurayev 56 marta murojaat qilishgan.

O‘rganishlar bu boradagi ishlarni tubdan yaxshilash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirish, murojaatlarni ko‘rib chiqishga mas’uliyat bilan qarashni taqozo qiladi.

Tadbirda ana shular haqda atroflicha so‘z yuritilib, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun hamda davlat organlari va muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi tegishli nizom talablariga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ul mutaxassislarning yer resurslari va davlat kadastri, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirishda noqonuniy qurilishlar bo‘yicha kelib chiqadigan muammolar, bandlik, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida qilinayotgan ishlar, bu borada kelib tushayotgan ariza, shikoyat va takliflar xususidagi ma’ruzalari tinglandi.

Muhokama qilingan masalalar asosida galdagi vazifalar belgilab olindi.

B.SAYFIYEV