Siyosat 06.02.2017 1202

MUROJAATLAR BILAN ISHLASHNING YANGI TIZIMI

Farmon va ijro

MUROJAATLAR BILAN ISHLASHNING YANGI TIZIMI

Mana, yigirma besh yildirki, O‘zbekiston Respublikasi “Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari – oliy qadriyat” tamoyiliga sodiqligini namoyon etib kelmoqda. Bir paytlar xorijiy mamlakatlarning inson huquq hamda erkinliklari himoyasini ta’minlash borasidagi tajribasini o‘rgangan bo‘lsak, bugungi kunga kelib boshqa davlatlar bizdan andaza olayotgani hech kimga sir emas.

Ma’lumki, inson manfaatlarini, adolatni ta’minlash uchun avvalo odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaqindan bilish zarur. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi keng ko‘lamli va izchil islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Farmon davlat idoralari vakillarini xalq bilan ancha yaqinlashtirdi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini oshirdi. O‘z-o‘zidan hududlarda mavjud kamchiliklar, muammolar, aholini qiynab kelayotgan masalalar qalqib chiqqan bo‘lsa, ayrim kishilarning taklif hamda mulohazalari ko‘plab soha va yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqish, yo‘nalishni to‘g‘ri o‘zanga burish kerakligini ham ko‘rsatib berdi. Bulardan kim foyda ko‘radi? Albatta, xalq, jamiyat, davlat.

O‘tgan yilning 25-sentabrida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy tizimini yaratib bergandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi qisqa davrdagi faoliyati davomida aholining eng dolzarb muammolarini hal etish imkonini beruvchi, davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari, barcha darajadagi hokimiyatlar bilan fuqarolar o‘rtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmiga aylandi. O‘tgan davr mobaynida yuz minglab fuqarolarimiz virtual qabulxona orqali davlatimiz rahbari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lganining o‘ziyoq mazkur qabulxona fuqarolarimiz qalbidan nechog‘lik chuqur joy olganini, ularga har jihatdan ma’qul bo‘lganini ko‘rsatib beradi. Chunki internet tarmog‘idagi mazkur qabulxona murojaatlar bilan ishlashda, yechimini kutib yotgan muammolarni hal etishda muhim vositaga aylandi.

Ana shularni hisobga olgan holda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bilan bir vaqtning o‘zida 3 ta yangi tuzilma tashkil etilishi nazarda tutildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni ishlar boshqarmasi huzuridagi fuqarolar qabulxonasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasini tashkil etish hamda respublikamizdagi har bir shahar va tumanda Prezidentning xalq qabulxonalarini ochish belgilandi.

Ushbu tuzilmalarning asosiy vazifasi sifatida xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning butunlay yangi va samarali tizimini joriy qilish, ularning huquq-erkinliklari va qonuniy manfaatlarini to‘la-to‘kis himoya qilishga qaratilgan samarali mexanizmni hayotga tatbiq etish ko‘rsatildi.

Buning natijalari qanday bo‘ladi? Avvalo, xalq qabulxonalari murojaatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi davlat organlarining murojaatlar bilan bog‘liq ishni tashkil etishda ularni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlariga, rasmiyatchilik, byurokratizm va sansalorlik holatlariga doir qator tizimli kamchiliklarni aniqlash, baholash imkonini yaratdi. Hududlarda aholini qiynayotgan muammolarni ro‘y-rost ko‘rsatib berdi.

Kelib tushayotgan murojaatlarning xarakteri va mazmun-mohiyatiga qarab, qaysi hududda qanday muammo borligini, fuqarolarni nima ko‘proq tashvishga solayotgani yaqqol ko‘rindi. Bu kelgusida tegishli hududlarni strategik rivojlantirishning maqsad va vazifalarini ham aniqlashtirib olish imkonini beradi.

Ma’lumki, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish – aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, farmonda endilikda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlari va mansabdor shaxslari, barcha darajadagi hokimlar fuqarolardan tushayotgan arizalar bilan ishlashni tashkil etish maqsadida sayyor qabullar tashkil etishi belgilandi.

Qaror ijrosi har birimizning hayotimizda aks etmoqda. Ayni kunlarda viloyat prokuraturasi, viloyat bojxona, davlat soliq boshqarmalari va boshqa ko‘plab idoralar mas’ul xodimlari ishtirokida viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida aholi, tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularni qiynayotgan masalalarga joyida yechim topilmoqda. Shunga muvofiq hudud rivojidagi istiqbollar belgilanmoqda.

Shu bilan birga, joriy yilning 1-fevralidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh Chiroqchi tumanida bo‘lishib, xalq bilan muloqotda bo‘layapti. Aholini qiynayotgan muammolar, hududda yechimini kutayotgan masalalarni atroflicha o‘rganishayapti. Ushbu muloqot natijalari kelgusida hududni jadal rivojlantirish uchun belgilangan muhim yo‘nalishlarni mukammallashtirish uchun ham asqatadi. Ahamiyatlisi, bu kabi muloqotlar boshqa hududlarda ham uzluksiz davom etadi.

Muxtasar aytganda, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili arafasida qabul qilingan ushbu farmon xalqni rozi qilish, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda zamon talablariga javob beradigan mexanizm yaratishga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.

N.XO‘JAYEV