Jamiyat 25.12.2018 131

MURUVVAT UYINING YANGI QIYOFASI

Bunyodkorlik

MURUVVAT UYINING YANGI QIYOFASI

Qarshi shahridagi "Muruvvat" nogiron bolalar uchun internat uyi kapital rekonstruksiya qilindi.

Davlatimiz rahbari ko‘rsatmalari asosida joriy yil aprel oyidan boshlangan qurilish-ta’mirlash ishlari "ERIELL" hamda "ENTER Engineering" kompaniyalari homiyligida 12 milliard so‘m mablag‘ evaziga bajarilib, Yangi yil bayrami arafasida nihoyasiga yetkazildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda internat uyi tarbiyalanuvchilari, xodimlari, sog‘liqni saqlash tizimi hamda homiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev so‘zga chiqib, imkoniyati cheklangan shaxslarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami manfaatlarini ta’minlash doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.

1976-yilda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan mazkur muassasa imkoniyati cheklanganlarga har tomonlama yordam berish, ularning salomatligini muhofaza qilish, ruhiy madad ko‘rsatish, jamiyatga integratsiyalashuviga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda bu yerda 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan aqlan zaif va nogironligi bo‘lgan 285 nafar bola yashab, tarbiya oladi.

Internat qisqa vaqt ichida butunlay yangi qiyofa kasb etdi, bosh bino, oshxona majmuasi, qozonxona, issiqlik, elektr va ventilyatsiya tizimlari ta’mirlandi, mebellar yangilandi, hudud obodonlashtirildi.

- Bu yangilanishlar bolalarga qulaylik yaratishi bilan birga xodimlarimizning ham samarali ishlashini ta’minlaydi, - deydi muassasa rahbari Ro‘ziqul Xodjayev. - Bilamizki, qulay va yaxshi sharoit ta’lim-tarbiyada muhim o‘rin tutadi.

Tadbir san’atkorlar ishtirokidagi konsert bilan yanada fayzli tus oldi, internat tarbiyalanuvchilariga homiylarning bayram sovg‘alari topshirildi.

N.XO‘JAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.