Ma'naviyat 23.07.2019 65

MUTAXASSISLARIMIZ TURKIYADA ABUL MUIN NASAFIY ILMIY MEROSI BO‘YICHA IZLANISH OLIB BORMOQDA

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan bir guruh mutaxassislar buyuk vatandoshimiz Abul Muin an-Nasafiy ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha Turkiyada bo‘lib turibdi.

Ma’lumki, buyuk vatandoshimiz Abul Muin an-Nasafiy kalom ilmi allomasi, faqih va usuliyotchi olim sifatida shuhrat qozongan siymo sanaladi. Shu bois alloma ilmiy merosini o‘rganishga dunyoda qiziqish baland. Misol uchun, "Bahrul kalom" asarining qimmatli qo‘lyozmalaridan biri Dubaydagi Jum’a al-Mojid nomli madaniyat va meros markazida, ikkinchisi Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasi qo‘lyozmalar bo‘limida, uchinchisi Bag‘doddagi "Maktabat al-avqof-da"da, to‘rtinchisi Qohiradagi mashhur "Doru-l-kutub" qo‘lyozmalar bo‘limida saqlanadi. Ushbu qo‘lyozmaning oddiy xatda ko‘chirilgan boshqa bir nusxasi Iskandariyaning (Misr) "Maktabat al-baladiyya" nomli kutubxonasida saqlanmoqda.

Shunday nodir asarlar namunalarini Turkiyada ham topish mumkin. Jumladan, Nasafiyning "Qasiyd al-qavoid fi ilm al-aqoid" asari bir qo‘lyozma nusxasi Istanbul universiteti kutubxonasida, "Manohij al-aimmati fi-l-furu’" kitobi nusxasi Istanbuldagi "Lolaliy" kutubxonasida saqlansa, ko‘plab kitoblari turk tiliga o‘girilib, o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan.

Yurtimiz mutaxassislarining Turkiyaga safari bundan ming yil oldin ham jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan alloma ilmiy merosi bo‘yicha izlanishlar olib borish, asarlari qo‘lyozmalari bilan tanishish, ulardan nusxa olish, xarid qilish hamda kelgusida hamkorlik masalalariga qaratildi.

Dastlabki uchrashuv Anqara universiteti ilohiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Muassasa professor o‘qituvchilari Ali Sha’bon, So‘nmes Kutlu, Ismoil Haqqiy Abul Muin Nasafiy merosining bugungi kundagi mafkuraviy ahamiyati bo‘yicha fikr-mulohazalarini bayon qilishdi.

- Turkiyada Abul Muin Nasafiy asarlari qariyb yuz yildan oshiq vaqtdan buyon o‘rganilgani bizga faxr bag‘ishladi, - deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Saidmuxtor Oqilov. - Qo‘hna Nasafdan yetishib chiqqan buyuk alloma merosiga qiziqish yuqori ekanligi bizni hayratga soldi. Ishonamanki, ilmiy safarimiz natijalari Abul Muin Nasafiy merosi bo‘yicha tadqiqotlarga keng yo‘l ochadi.

Tadbirda allomaning "Tabsirat al-adilla" asari o‘zbek tilidagi tarjima nashrining taqdimoti o‘tkazildi. Ishtirokchilar universitetning qo‘lyozmalar fondi bilan tanishishdi.

- Bu yerdagi mavjud manbalar raqamlashtirilgan, elektron bazasi, qo‘lyozmalardan foydalanishning barcha imkoniyatlari yaratilgan, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim mudiri Ergash Daminov. - Menga ma’qul jihati, ajdodlarimiz, xususan, imom Moturidiy va Abul Muin Nasafiy asarlari, ularga bag‘ishlab qilingan tadqiqotlar alohida bo‘limda saqlanar ekan.

Shundan so‘ng kun mavzusi Anqaradagi Turkiya strategik tafakkur institutida tashkil qilingan "Tafakkur dunyosining me’mori: Abul Muin Nasafiy" deb nomlangan davra suhbatiga ko‘chdi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim mudiri, islomshunos olim Ergash Daminov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Saidmuxtor Oqilov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi rahbari Lola Saodatova, shuningdek, Turkiyaning Strategik tafakkur instituti direktori Muhammet Savash Kafkasvali, Diyonat ishlari sobiq mudiri, professor Mehmet Gurmesh, Anqara universiteti professori So‘nmez Kutlu va boshqa mutaxassislar Abul Muin an-Nasafiy qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros nafaqat o‘z zamoni uchun, balki hozirgi davrda ham amaliy ahamiyatga ega ta’limot sifatida har tomonlama chuqur o‘rganishga loyiq ekanini qayd etishdi. Kelajakda ikki davlat olimlari hamkorlikda olib boradigan tadqiqotlar yo‘nalishlari kelishib olindi.

Delegatsiya a’zolari Turkiyaning ISAM (Islom tadqiqotlar markazi) kutubxonasida bo‘lib, allomaning asarlari, ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdilar. Mavjud asarlardan nusxa olish, xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Turkiya safari davom etmoqda.

B.SAYFIYEV