Jamiyat 14.05.2019 146

NAFSNING QITIG‘I QAYERDA?

Ma’naviyat tarozisi

NAFSNING QITIG‘I QAYERDA?

Yoxud ogoh bo‘ling: "Jinchiroq" virusi, "Qopqoq" epidemiyasi...

- Xohlasangiz, mana, yigirma millionni olib, o‘yinni tark etasiz, lekin o‘ylab ko‘ring, bu yoqda avtomobil qopketayapti-ku...

Televizorda allambalo-shou davom etayapti. "Omadli" ishtirokchining ko‘zlari olazarak. Nazarimda, ikki o‘t orasida qovurilayapti. Zaldagilar qiy-chuv solishadi: "O‘yin... O‘yin..." Boshlovchi baqirganicha yana nafsning qo‘ltig‘idan qitiqlaydi:

- O‘ylab ko‘ring yaxshilab, dedim-ku... Mana, qarang, agar o‘ynaganingizda Siz nimalarni yutishingiz mumkin edi...

Yonboshimda o‘tirgan o‘smir o‘g‘lim televizorga qarab qo‘yib, so‘raydi:

- Dada, bu qimor emasmi?

Indamasdan boshqa kanalga olaman. Bu yoqda ham xuddi shunaqa "...shou". Go‘yo Oloviddinning jinchirog‘ini qo‘lingizga tutqazishadi. Yonboshini ishqalasangiz, ichidan "O‘-o‘-o‘" deb jin janoblari chiqib keladiyu, "Amringizga muntazirman, tilang tilagingizni", deydi.

Pultni bosaman. Dunyoni shou bosib ketibdimi, deyman: "Falon" iching - mashina yuting, "pismadon" yeng - millioner bo‘ling..." Hatto bolalarning tagligidan ham yutuq chiqarmish. O‘g‘limning luqmasi chuvalgan xayollarimni bo‘ladi:

- Kollejimizdan birovi yigirmata "..." olibdi, bittasini ichibdi, qolganlarini zovurga to‘kibdi. Qopqoq yig‘ayapti. Bir marta velik yutishiga sal qoldi...

O‘g‘ilga zarda qilaman:

- O‘sha oshnangga aytgin, hozir shaharda kanalizatsiya "kolodets"larining qopqoqlaridan ham yutuq chiqayotganmish... Ko‘p gapirmay, darsingni qil...

Hamkasblarimdan biri aytib qoldi. Yaqinda ularning qishlog‘idan bir yigit yutuq yutaman deb bir kunda o‘nlab shisha energetik ichimlik ichibdi. Oqibatda zaharlanib, shifoxonaga tushibdi...

Bilasizmi, nafs o‘pqonining qopqog‘i nima?

QANOAT emasmi?!

Ammo qayoqqa ketdi u?

Tavba, deysiz. Ishdan kelib, el qatori televizor ko‘rib, hordiq chiqargingiz keladi. Axborot dasturlarini ko‘rib bo‘lib, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarni izlaysiz. Ammo o‘rniga "ko‘ngilqochar"lariga duch kelasiz. Go‘yo hayot faqat shoulardan iboratday... Go‘yo ko‘ngil ochish deganlari "omadi chopgan" qopqoqparastning pullarni xazonday supurib olishiga harislik bilan tikilish deganiday...

Birovning beli og‘rimasdan mashina, muzlatkich, konditsioner yo bir necha million so‘m yutib olishini ko‘z-ko‘zlab namoyish etishdan muddao nima? Boshqalarga buning nimasi qiziq? "Reklama-da, shunga shuncha jig‘ibiyron bo‘lishingiz shartmi?", dersiz?! Qaysidir kompaniyayu korchalonning manfaatlari deb har kuni millionlab odamlarning nafsini yotqizvolib qitiqlash shartmi? Yoshlarimizga shunaqa-shunaqa, mehnat qilmasdan, ter to‘kmasdan ham "soqqa qilsa" bo‘ladi, demoqchimizmi? Reklama ortidan keladigan daromadni deb qanoatga tig‘ urib, nafsga pishang beramizmi? Tinimsiz gijgijlangan nafs borib-borib kishini tamagirlik, manfaatparastlik, ochko‘zlik, baxillik, xudbinlik... singari illatlarning boshi berk ko‘chasiga yetaklamaydimi?

Kechirasizu, bu endi "SHOU" emas! Bu - borib turgan QUTQU!

Men bolalarimni bu     QUTQUdan asrashni istayman!

Ana, "ter to‘kiladigan" intellektual shoular ham bor-ku, dersiz? Men ularning aksariyatida ishtirokchilarga berilayotgan savollarni shunday talqin qilaman: "Ikki karra ikki nechchi? Variantlar: besh, to‘rt, o‘n olti...". O‘zi shundoq ham ayrim "intellekt" sohiblari "oting nima?" desangiz ham "variantlar bormi?" deb so‘raydigan darajaga yetib bo‘ldi...

Abdulla Avloniy "Turkiy guliston yoxud axloq"da shunday o‘git beradilar: "Qanoat hasad, tama, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning g‘inosidur. Qanoat bir xazinadurki, naqdinasi kundan-kun ortar. Bu xazinaga ega bo‘lgan kishilar umrlarini shavq va rohatda kechirurlar... Nafs o‘lchovi haqiqiy bir o‘lchovdurki, insonning o‘z nafsiga loyiq ko‘rmagan muomalani boshqalar haqida ijro etmoqg‘a qo‘ymas, fikr egalari, insof sohiblari har vaqt nafs o‘lchovidan tashqari harakat qilmas..."

...Xo‘p, ana, Siz aytgancha ham bo‘laqolsin. Reklama bo‘lsa, reklama-da... Men avvalo o‘zimning bolalarim, so‘ng qopqoq qidirib yurgan yuzlab yoshlarimiz uchun bir reklama matnini yozdim. Eshitib ko‘ring-chi...

Ukajonlarim, singiljonlarim!

Men bitta "qopqoq"ni bilaman.

Uni ochsangiz, haqiqiy lazzatni, muhabbatni, mukofotni his qilasiz.

Chanqog‘ingizni bir lahzada bosadigan bunday ne’matni yetti iqlimni kezib ham topa olmaysiz.

Ertakdagi Oloviddin singari dunyoning xohlagan mamlakatiga, istasangiz - behishtmonand orollar, istasangiz - osmono‘par binolarga kon megapolislarga sayohat qilib, olam mo‘jizalari bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘lasiz bunda.

Taningizga va ruhiyatingizga bitmas-tuganmas energiya, zavq-shavq, rohatu farog‘at, huzur va halovat baxsh etadigan, simirganingiz sari butun vujudingiz, har bir hujayrangiz mazza qiladigan, bir qopqoqning o‘zidayoq butun umringizga tatiydigan minglab "superyutuq"lar chiqadigan, sizni haqiqiy boyvachchaga aylantiradigan, dunyodagi barcha omadning kaliti va xazinalarning xaritasi bo‘lgan, qo‘yin-qo‘njingizni duru javohirlarga to‘ldiradigan, farovon hayotingizga, munavvar istiqbolingizga, baxtu saodatingizga ishonchli kafil bo‘la oladigan, qalbingizga quvonch, xonadoningizga asl barakani olib kiradigan, tiyiqsiz nafsni jilovlashni o‘rgatadigan, hayotda eng to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan benaziru betakroru beminnat mo‘jizaning o‘zi bu...

Yo‘q, bu "jinchiroq" emas. Uni ishqalab o‘tirmang!

Uni oching. Va... varaqlang...

Nuriddin EGAMOV