Jamiyat 14.05.2019 19

NAMUNALI MEHNAT FAXRIYLARI TAQDIRLANDI

Tadbir

Viloyat hokimligida bir guruh nuroniylarga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishonini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-iyuldagi tegishli qarori bilan "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni ta’sis etilib, u turli sohalarda ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, jamiyatda mustahkam oilani saqlashda munosib  nom qozongan onalarga beriladi.

O‘tgan yili ilk bor ushbu nishon bilan viloyatimizdan 62 nafar nuroniy taqdirlangan edi. Joriy yilda esa 15 nafar nuroniy birinchi, 15 nafari ikkinchi va 31 nafari uchinchi darajali "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.

Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ko‘krak nishonlarini o‘z egalariga topshirar ekan, bu mukofot mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida halol ishlagan, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan insonlarning mehnati hech qachon unutilmasligining yana bir namunasi ekanligini qayd etdi.

- 40 yil o‘qituvchilik qildim, keyin hokimiyat tizimida ishladim, - deydi 3-darajali "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni sohibi Xosiyat Jabborova. - Ushbu mukofot g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shmoqda. Yurtimiz, mahallamiz obodligi, farovonligi uchun yanada shijoat bilan harakat qilaman.

- Ushbu ko‘krak nishoni biz kabi faxriylarni jamiyatda faol bo‘lishga undashi bilan ham muhim ahamiyatga ega, - deydi ko‘p yillar davomida Qamashi    tumani xalq ta’limi tizimida samarali mehnat qilgan Qo‘chqor Ko‘chimov. - Bunday e’tirofdan kishining ko‘ngli ko‘tarilib, ruhi tetiklashadi. Yurtimizda biz, nuroniylar mana shunday baxtga muyassar bo‘layotganimizdan behad mamnunmiz.

Shuni ham qayd etish  joiz, "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan fuqarolar yashaydigan joylarga mahalliy hokimliklar tomonidan "Bu xonadonda mehnat faxriysi yashaydi" yozuvli peshlavha o‘rnatiladi.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV  olgan suratlar.