Iqtisodiyot 07.06.2019 151

NAQ OLMADEK EKSPORTBOP OLXO‘RI

Qashqadaryo va dunyo

Zaminimizda unib-o‘sadigan mevalar totli va vitaminlarga boy, ekologik bezarardir. Pishib yetildimi, ularga hatto xorijdan ham shu zahoti xaridor topiladi. Ham yurtimiz aholisi, ham chet elliklarni ushbu ajoyib noz-ne’matlardan birdek bahramand qilishda shubhasiz sohibkor bog‘bonlarimizning hissasi katta. Ularning sa’y-harakati bilan bugun bozorlarimiz turfa mahsulotlarga to‘la, iste’moldan ortgani esa eksportga yo‘llanayapti.

Kitob tumanidagi "Ozodbek Foziljonovich" fermer xo‘jaligi ham bog‘dorchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, tasarrufidagi 10 gektar yerning qariyb yarmida olxo‘ri, qolgan qismida gilos parvarishlanayapti. Hozir bog‘ ayni kuchga kirgan payt. Olxo‘ri daraxtlari ekilganiga ham 8 yil bo‘libdi. Shu kunlarda esa hosil terib olinib, elimiz dasturxoniga peshma-pesh yetkazib berilmoqda. Fermer o‘z mahsulotini tashqi bozorga ham chiqarishga ulgurgani e’tiborlidir.

- Qozog‘istonlik hamkorlarimizga 4 tonna   olxo‘ri sotdik, - deydi xo‘jalik ish boshqaruvchisi Foziljon Vohidov. - Nafaqat mazasi, balki tashqi ko‘rinishi ham eksport talabiga mos. Mevasi yirik-yirik, naq olmadek. Xaridorlarga esa bu juda ma’qul keldi. Hozircha shu bilan kifoyalandik. Chunki noqulay ob-havo sabab hosilning asosiy qismini yo‘qotdik. Kelgusida eksport uchun ko‘proq ishlashni reja qilganmiz. Olxo‘ridan tashqari gilosni ham taklif etmoqchimiz. Mahsulot sifati yaqinda xo‘jaligimizda mehmon bo‘lgan chet elliklarni ham qanoatlantirdi.

Bog‘bonning aytishicha, bu yilgi mavsumda yana ko‘p miqdorda uzum eksportini amalga oshirish ham maqsad qilingan. Allaqachon kelishuvga ham erishilgan. Mo‘ljaldagi mahsulotni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan yig‘ib olish ko‘zda tutilmoqda.

M.JO‘RAYEV

Suratlarda: Kitob tumanidagi "Ozodbek Foziljonovich" fermer xo‘jaligi bog‘idan  lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.