Ma'naviyat 17.09.2019 40

NEGA HANUZ YEVROPA ORTIDAN CHOPIB YURIBMIZ?..

Mutolaa uchun tavsiya

Insoniyat tarixida shunday asarlar yaratilganki, ularning ma’naviy qiymati vaqtlar o‘tgani sari yanada oshib boraveradi. Har safar takror o‘qiganingda, o‘zing uchun yangi g‘oya va fikrlar topasan, shu asosda boshqalar bilan fikrlashish va hatto bahslashishga ehtiyoj sezasan.

Ana shunday asarlardan biri Abu Ali Hasan ibn Ali Tusiy Nizomulmulkning 1091-yilda yozilgan "Siyosatnoma" kitobidir. Nizomulmulk 1018-1092-yillarda yashab, uzoq yillar saljuqiy hukmdorlar saroyida martabali lavozimlarda ishlagan. Davlat ishlarini adolatli boshqarish va shohlarga sadoqatli bo‘lish bilan birga Umar Xayyom, Muhammad G‘azzoliy kabi olimu oriflar va  xalqqa muruvvat ko‘rsatgan. Alparslon va Malikshohning ishonchi asosida katta davlatni diyonatli, ziyoli   insonlarni jalb qilgan holda boshqargan.

Malikshoh Saljuqiy topshirig‘i asosida Nizomulmulk boshchiligidagi saroyning olimu fozillari "Siyosatnoma" yoki "Siyar ul-muluk" ("Podshohlar turmushi") asarini yozishadi. Mazkur asarda davlatni boshqarish tartibi, qoidalari va usullari yoritilgan bo‘lib, ko‘p yillar davlat ishlarini yuritishda dastur vazifasini bajargan.

Nizomulmulk o‘z asarida shoh va hokimlarni insofu diyonatga, sulh va muruvvatga, davlatni oqilona va adolatli boshqarishga, davlatda qat’iy qoida va tartib o‘rnatishga, amaldorlarni vijdonli, imonli va halol bo‘lishga, mamlakatni tinch, obod qilishga va elu ulusning farovon yashashini ta’minlashga da’vat etadi. Har bir fikr-g‘oyasini isbotlash uchun o‘tmishdan asosli misollar keltiradi. Amaldorlar orasida g‘arazgo‘y, hasadgo‘y, iymonsiz, diyonatsiz va mol-mulkka o‘chlarning bo‘lishi, saroydagi makru o‘yinlar davlat ishlariga, xalq va saltanatga katta ziyon yetkazishini alohida ta’kidlaydi.

Nizomulmulkning fikricha, markaziy hokimiyat kuchli bo‘lishi, shohu amaldorlar zulmkorlardan jabr ko‘rganlarni qabul qilib, aybdorlarga qat’iy chora ko‘rishi, olimu mo‘tabar kishilar bilan maslahatlashib ish tutishi zarur. Davlat aniq va yagona g‘oyaga ega bo‘lishi shart. O‘z navbatida kitobda islom dinidagi har xil mazhablar o‘rtasidagi tortishuvlar, xalifalarga qarshi bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonlar va ularning sabablari haqida ham fikr yuritilgan.

"Siyosatnoma" - Sharq davlatchilik tarixi, siyosati va madaniyatini o‘rganishda muhim o‘rin tutadi. Alisher Navoiy asarlarida, "Temur tuzuklari"da, V.Bartold va B.Ahmedov kabi tarixchi olimlarning kitoblarida "Siyosatnoma" hamda uning muallifi Nizomulmulk haqida fikrlar bitilgan. Asarni o‘qish va uqmoq hamda tegishli xulosalar chiqarish barcha davlat xizmatchilari uchun foydalidir.

Sharqning ilg‘or fikrlagan mutafakkirlaridan yana biri Ahmad Donish bo‘lib, u 1827-1897-yillarda Buxoroda yashab o‘tgan. Madrasada olgan bilimlari bilan birgalikda adabiyot, tarix, falsafa, astronomiya va me’morchilikka oid ilmlarni ham yaxshi o‘rgangan. Ma’lum muddat Buxoro amirlari Amir Nasrullo va Amir Muzaffar saroyida xizmat qilgan. Bir necha marta Buxoro elchilari tarkibida Rossiyada bo‘lib, Rossiya va Yevropaning ilm-fan hamda davlat boshqaruvi sohasidagi yutuqlari bilan tanishgan. Bu jarayonlar uning dunyoqarashiga ta’sirini ko‘rsatib, Buxoroda mavjud tartiblarni isloh qilish borasida o‘z g‘oyalarini ilgari surgan.

Ahmad Donishning "Yulduzlarni kuzatish", "Mang‘it sulolalari tarixi", "Shia va sunniyni yarashtirish haqidagi nasihat" va "Nodir voqealar" kabi asarlari diqqatga sazovor. Mutafakkir bu asarlarida turli tarixiy, diniy, astronomiya, adabiy va falsafiy masalalar haqida fikr yuritadi. Shuningdek, davlatchilik masalalariga to‘xtalib, bu borada keng ko‘lamli islohotlar zarurligini ta’kidlaydi.

1870-1885-yillar oralig‘ida yozilgan "Nodir voqealar" asarida Buxoro amirligi Yevropa mamlakatlari va Rossiya bilan taqqoslanib, o‘z Vatanining iqtisodiy va madaniy jihatdan orqada qolgani hamda uning sabablarini ko‘rsatib bergan. Ahmad Donish fikricha: "Davlat bir guruh kishilar ehtiyojlarini qondirish uchun emas, xalq manfaatlari uchun, mamlakatni obod qilish uchun xizmat qilmog‘i zarur". U "Kishi o‘z vatanini himoya qilsagina, o‘z xalqi bilan birga bo‘lsagina, u har doim barhayotdir", deb ta’kidlaydi.

Asarda ma’rifatli, oqil va adolatli hukmdor masalasi hamda uning donishmandlar fikri bilan hisoblashishi zarurligiga oid mulohazalari ham o‘rin olgan. Ahmad Donish yosh avlodni kasb-hunar va ilm-fanga mehr qo‘yishga, mansab-martaba va mol-dunyo hirsidan uzoq bo‘lishga undaydi. O‘zi yashayotgan davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy qoloqlik, barcha haqsizlik va adolatsizlik sababini "davlat ishlarining yolg‘iz podsho qo‘lida bo‘lishi"dan topadi. Shu o‘rinda Ahmad Donishning ijtimoiy-siyosiy g‘oyalari o‘z davri uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidlash joiz.

Ahmad Donish Amir Temur, Husayn Boyqaro, Abdullaxon, Amir Muzaffar kabi saltanatlar misolida har bir davlatning paydo bo‘lishi, taraqqiyoti va tanazzuli sabablarini tahlil qilib, asosli xulosalar  chiqaradi. Masalan, Yevropada huquqda hammaning tengligiga rioya etilishi, davlat xizmatiga olishda esa kishilarning ilmu fazilatiga e’tibor qaratilishi ta’kidlangan. Bu holat Yevropaning "barcha davlatlarni yengib, butun dunyoga ega bo‘lishi"da asosiy omil bo‘lganini uqtiradi. Ushbu fikrlarni o‘qib qariyb ikki asrdan buyon Yevropa ortidan chopib yurganimiz hamda hanuz marra uzoqligi haqida o‘ylanib qolasan.

Aytishlaricha, Ahmad Donish Buxoro yerlarini sug‘orish uchun Amudaryodan hozirgi Dehqonobod tumani hududi orqali kanal o‘tkazish loyihasini tayyorlagan ekan. Uning loyihasi bo‘yicha Surxondaryo viloyati va Dehqonobod tumani orqali Amudaryodan Qashqadaryo hamda Buxoro viloyatlariga oqar suv olib kelish mumkin ekan. Bu loyihalar topilsa, bugun uchun ham foydali bo‘lur edi.

Ahmad Donishning "Nodir voqealar" asarida davlatning vazifalari va boshqaruv tizimini belgilab olish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, diniy va  dunyoviy ishlarni tartibga solish, ilm-fan va ma’rifat, xalqning   baxtli va farovon hayotiga oid qarashlar o‘z ifodasini topgan. Ularni o‘rganish hozir ham foydadan xoli emas.

Nafaqat Hindiston, butun insoniyat tarixida munosib nom qoldirgan insonlardan biri Mohandas Karamchand (Mahatma) Gandi bo‘lib, u 1869-1948-yillarda yashagan. Hindistonni Britan mustamlakasidan ozod qilish harakatining namoyandalaridan biri bo‘lib, Angliyada yuridik ta’lim olgan. Ko‘p yillar advokat va yuriskonsult vazifalarida ishlagan. Mahatma Gandi 1915-yilda Hindistonga qaytib, Milliy kongress partiyasiga a’zo bo‘lgan. U yaratgan kuch ishlatmasdan kurashish falsafasi Hindistonni mustamlakadan ozod qilishda muhim rol o‘ynagan. U "Yomonlikka yaxshilik bilan javob ber" hikmati mening yo‘l boshlovchi tamoyilim bo‘lib qolgan", degan ekan. Hind xalqining mustaqillik uchun kurashi Mahatma Gandining g‘oyaviy va fidokorona xatti-harakatlari bilan bevosita bog‘liq. Uning "Mening hayotim" asari tarjimai hol tariqasida yozilgan bo‘lsa-da, millatparvarlik va vatanparvarlik, fidoyilik va halollik g‘oyalari keng targ‘ib qilingan.

Uning 1916-yil 16-fevralda Banoras shahridagi Hind universitetining ochilishi marosimidagi "Hindistonning najot yo‘li" ma’ruzasi diqqatga sazovordir. Mahatma Gandi ma’ruzasini o‘z millatdoshlariga chet tilida murojaat qilishga majbur bo‘lgani barcha hindlar uchun haqoratli holat ekanligidan boshlagan. Universitetda yoshlarga o‘z ona tilida dars berilishiga umid qiladi. O‘z tili va o‘z uyida ma’rifatli bo‘lmagan odam hech joyda ma’rifatli bo‘lmasligini ta’kidlaydi.

Mahatma Gandi dabdabali saroylar va ziyofatlarni yoqtirmagan, boy-zodagon yurtdoshlarini kambag‘allarga mehrli va e’tiborli bo‘lishga  chaqirgan. U bashang kiyingan oqsuyak zodagonlarga qarata: "Siz vatandoshlaringizning ahvolini o‘nglash uchun o‘z taqinchoqlaringizni yulib olib ular (qashshoqlar)ga bermaguningizcha Hindiston balolardan xalos bo‘lolmaydi", deb ta’kidlagan.

Shuningdek, Hindiston aholisining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i dehqonlar ekanligi uchun bu zahmatkashlarni qo‘llab aytgan ekan: "Agar biz dehqonlarni ko‘kartirmasak, topgan-tutganining deyarli barchasini olib qo‘ysak yoki kimlardir tortib olishiga indamay qarab tursak, qalbimizda mustaqillik ruhidan asar ham qolmagani shu emasmi? Dehqonlar bizning najotkorlarimizdir. Najotni bizga yuristlar ham, vrachlar ham, boy zamindorlar ham berolmaydi".

Umuman olganda, yuqorida sanalgan asarlarni o‘qib chiqish har bir inson uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.

Abdishukur OMONOV