Jamiyat 30.08.2019 4

NODIR KOMANDIRNING "DUMI"

Tarixning o‘qilmagan sahifalari

O‘zbek adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri, shoir va adib G‘afur G‘ulom o‘z vaqtida "Nodir komandir" degan ocherk yozgan edi. Ocherkda qamashilik Nodir Pardayev va uning  faoliyati haqida so‘z yuritilgan.

Nodir komandir 1895-yilda Qamashining Katta Do‘stberdi qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘n uch yoshida ota-onasidan yetim qolib, odamlarning turli yumushlarini bajarib kun kechirgan.

U 1923-yildan boshlab sho‘rolar xizmatiga kiradi va otryad komandiri, qishloq kengashi raisi, Chiroqchi tumani ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib faoliyat yuritadi. 1937-yilda qatag‘on qurboni bo‘lgan.

Nodir komandir haqida G‘afur G‘ulomdan so‘ng ham ko‘pchilik ijodkorlar ocherk va maqolalar, kitoblar yozishgan. Ularda oddiy qishloq yigitining matonati, shijoati va insoniy fazilatlari qalamga olinadi.

Ammo biz bugun Nodir komandir emas, balki u bilan birga ishlagan va keyinchalik "Nodir komandirning "dumi" degan ayblov bilan qamoqqa olinib, qatag‘on qilingan yana bir qamashilik inson - Mahmatqobil Avazov haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Mahmatqobil Avazov asli Qamashi tumanining Do‘ngsanchiqul qishlog‘idan bo‘lib, ko‘p yillar mobaynida Qoratepa qishloq kengashi raisi bo‘lib ishlagan. U Nodir komandir bilan ham ish yuzasidan tanishgan va do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan.

Shu bois Nodir komandir hibsga olingach, Mahmatqobil Avazovning boshida ham qora bulutlar aylana boshlaydi. Bu haqda o‘z vaqtida Mahmatqobil boboning qizi Bibisora Mahmatqobilova shundan xotirlagandi:

- O‘sha kuni otam uyga juda tashvishli qiyofada kirib kelgandi. Buning boisini keyinroq, uning onam bilan suhbatidan anglab qoldim. "Onasi, bu dunyoning ishlariga tushunmay qoldim. Kecha Nodir komandirni ham qamashibdi. SHo‘rlik, shu yurt uchun, xalq uchun jonini jabborga berib, yelib-yugurib ishlab yurgandi. SHo‘ro hukumati uchun undan ortiq jon kuydirgan kishi bor ekanmi?! Bilmadim, ularga Nodir komandirning qaysi ishi yoqmagan bo‘lsa? Nima gunohi bor ekan sho‘rlikning?.. Shuncha talonchi, o‘g‘rilarni tugatgan, jinoyatchilarning dodini bergani uchunmi..."

Otam og‘ir uh tortar ekan, mayus bosh chayqab, alam bilan gapirgandi: "Attang, yomon ishlar bo‘layapti-da... Erta-indin, balki meni ham..."

- Otam bu gaplarni bekorga aytmagan ekan. Qishloqda u haqida "qamalarmish", "Nodirning "dumi" ekan" kabi gap-so‘zlar paydo bo‘lganini o‘sha kuni tundayoq uyimizga qarindoshlar yig‘ilganida bildik. Hammaning ko‘zida mayuslik, uydagilar xuddi kimdir eshitib qoladigandek past ovoz bilan kuyunib gapirar, ular aftidan otamni Tojikistonga ketishga undardi. Boisi, o‘sha yillari tazyiqqa uchragan birigina Nodir komandir bilan otam emasdi. Qishloqning o‘zida ham ko‘p edi bundaylar. Xususan,  Mulla Ibrohim Shernazar o‘g‘li, Mamat Yusupov va boshqalar ana shunday xavf-xatar iskanjasida oilalari bilan yashirinishga majbur bo‘lgandi.

Mahmatqobil Avazov qarindoshlarining bu undovlariga quloq solmaydi. U o‘zining halol ishlaganini, davlatga sadoqat bilan xizmat qilganini bilar, shu bois boshida qora bulutlar aylanayotgan bir paytda ham hukumatga, adolatga ishonardi. "Bu qama-qamalarni Stalin bilmaydi, men esa unga ishonaman. Bir kun bu adolatsizliklar tugaydi", deydi u "Qishloqdan qochib ket" deya jon koyitib gapirayotgan qarindoshlariga qarata qat’iy ohangda.

Ammo Mahmatqobil Avazov ishongan haqiqat yuzaga chiqmaydi. Oradan ko‘p o‘tmay qama-qama taloto‘plari ichida u ham hibsga olinadi va millatning bir guruh ilmli, o‘z Vatani, xalqi kelajagi, farovon turmushi uchun yonib yashagan, fikri, tafakkuri uyg‘oq farzandlari safida qatag‘on qilinadi. Yaqinlari Mahmatqobil Avazovni u olib ketilganidan so‘ng qayta ko‘rmagan. Lekin nafaqat yaqinlari, balki uni ko‘rgan, bilgan, hatto u haqda kattalardan eshitganlar ham faqat yaxshi xotiralar bilan yodga olishadi. Ayniqsa, u kishining elu xalqqa, biror narsaga muhtojlik sezib turgan qishloqdoshlariga ko‘rsatgan yordamlari hali-hamon tildan tushmay kelmoqda. Bu haqda qishloq kishilaridan biri - Xudoyor muallim shunday hikoya qilgandi.

“Bir kuni ertalab otam tez tayyor bo‘l, bir joyga ma’rakaga boramiz deb qoldi. Apil-tapil kiyinib chiqsam, mototsikl kajavasiga bir qo‘yini joylab turgan ekan. Manzilga yetib bordik, duo o‘qildi. Shu yerlik yoshlardan biri qo‘yni tushirib oldi.

Aftidan xonadon egasi bizni unchalik yaxshi tanimagani bois, qo‘y olib borganimizdan biroz taajjublanib turardi.

Shunda otam u kishiga tushuntirdi:

- Rahmatli qaynotangiz Mahmatqobil Avazov bilan otam qalin oshna bo‘lishgan ekan. Otamiz bizlarga to‘y qilganida, qaynotangiz to‘yonaga katta sarka yetaklab borgan. Afsuski, boboga elga to‘y berish nasib etmadi, u kishi qatag‘on yillarining begunoh qurboni bo‘lib ketdi. Otam o‘lim oldidan shu qarzni bajarishni menga tayinlagandi. Men Mahmatqobil boboning to‘yonasini qaytardim, qabul qiling, domla...”

Xalq hech qachon o‘zining fidoyi farzandlarini unutmaydi, deyishadi-ku. Mahmatqobil Avazov haqidagi gaplar ham u kishining nevara-chevaralari, qishloqdoshlari orasida tildan-tilga, avloddan-avlodga o‘tib, yashab kelmoqda.

O‘rolboy  QOBIL