Jamiyat 06.09.2019 26

NOPOK YO‘LNING NIHOYASI

Jinoyatga jazo muqarrar

Fahsh va zino shariatda ham, jamiyatda ham keskin qoralanadigan, jirkanch illatlardan biri. Bu yo‘lning oxiri sharmandalik, nadomat va qabohat ekanligi ayon. Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lgan quyidagi mudhish jinoyat ham fikrimiz tasdig‘idir.

Marina Botirova (maqoladagi barcha ism va familiyalar o‘zgartirilgan) turmushidan ajrashib, yaqinlaridan olisda, 2 nafar farzandi bilan ijara uyda yashay boshlaydi. Tabiiyki, hali 30 yoshga ham to‘lmagan, buning ustiga yolg‘iz yashaydigan juvonga gap otguvchilar topiladi. Achinarli tomoni, ayol ham bu ilmoqli gaplarni e’tiborsiz qoldirmas, hatto shaytoniy istak izmidagi ayrim erkaklarni uyiga boshlab kelib, ko‘ngilxushlik qilishni odat qilgandi.

Marina bilan yaqin aloqa o‘rnatganlardan biri tumandagi tibbiyot muassasasida o‘t yoquvchi bo‘lib ishlagan, yoshi oltmishni qoralagan Zuhriddin Jalolov edi. To‘rt nafar farzandning otasi, bir talay nevaraning bobosi bo‘lgan, quda-andali bu kishining nopok qadami haqida ko‘pchilik yaqinlari ham bilib ulgurgan, hatto ba’zida o‘zi ham yosh juvon bilan munosabatlarini so‘zlashdan or qilmasdi.

Marinaning "do‘sti"ga aylanganlardan yana bir kimsa shu tumanda yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan Haqdo‘st Omonovdir. Hali uylanmagan, butun hayoti oldinda bo‘lgan bu yigit ham Marina bilan munosabatlarini hech kimdan yashirmas, go‘yoki o‘zini uning turmush o‘rtog‘i, himoyachisi sifatida ko‘rsatishga harakat qilar, aslida esa o‘rtalaridagi munosabat na shar’iy, na huquqiy asosga ega edi.

Endi voqeaga o‘tamiz. O‘sha kuni qandaydir bayram munosabati bilan rosa ichgan Zuhriddin Jalolov mast holda Marina ijarada yashaydigan uyga keladi. Qattiq-qattiq gapirib, nimalarnidir tushuntira boshlaydi. Uning ovozini qo‘shnilar eshitib qolishidan cho‘chigan ayol darhol uni ichkariga taklif qiladi. Ammo uning mast holda, baqir-chaqir qilib kelganini sira xushlamayotgan edi. Natijada ikki o‘rtada janjal chiqib, bir-biri tomon yog‘ilayotgan haqoratlar keyin ur-yiqitga aylanadi. Bu paytda Marinaning uyida yaqin tanishi bo‘lgan yana bir qiz bor edi. Zuhriddin Jalolovga kuchi yetmasligini bilgan Marina unga "Haqdo‘stga telefon qil, xotiningni birov urayapti, deb ayt", deya baqiradi. Qiz darhol u aytgan raqamga telefon qiladi va Marinaning uyida janjal bo‘layotgani, bir erkak uni haqoratlab, urayotgani xabarini yetkazadi.

Haqdo‘st yoniga ikki oshnasini olib, darhol yetib keldi. Ko‘rsaki, Marina bilan janjallashayotgan erkak — sinfdoshining otasi.

- Sen nima qilayapsan bu yerda? - unga o‘dag‘ayladi Haqdo‘st.

- Seni kim chaqirdi, bor ko‘zimga ko‘rinma, - deya javob qaytardi Zuhriddin Jalolov ham.

Shundan so‘ng Haqdo‘st va ikki sherigi unga tashlanib, urib-tepalab ketishdi. "Jabrdiyda" har qancha urinmasin, uch yigitga bas kela olmasdi. Yigitlar holdan toygan Zuhriddin Jalolovning oyoq-qo‘llarini bog‘lab qo‘yib, o‘zlari ichkilikbozlikni boshlab yuborishadi. Hamma yog‘i ko‘karib, shishib ketgan o‘t yoquvchi vaqti-vaqti bilan o‘ziga kelar,  yotgan joyida ularni so‘kib, haqoratlashga urinardi. Shunda yigitlardan biri turib, uni tepkilar, oyog‘ining tagiga temir bilan urib qiynar, hushini yo‘qotganidan so‘ng esa yana ulfatchilikni davom ettirishardi. Eng achinarlisi, bu zo‘ravonliklar Marinaning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda edi.

 Kechga yaqin Zuhriddin Jalolovning jimib qolgani qolganlar e’tiborini tortdi. Yigitlardan biri yuragiga quloq tutib ko‘rdi, nafas olmayotgan ekan. So‘ng boshqalar ham yugurib kelib, silkilashga, hushiga keltirishga urindi, ammo endi kech bo‘lgandi.

Voqeaning bunday yakun topishini kutmagan sheriklar qanday qilib jinoyat izini yashirish haqida o‘ylay boshlashdi. Oxiri hamma bir qarorga keldi: kechasi bilan shu yerda qolib, chuqur qazishadi va murdani hovliga ko‘mishadi.

Shunday ham bo‘ldi, kechqurun hovlidan chuqur qazib, murdani ko‘mishdi, so‘ng yotib uxlashdi. Ertalab turishganida kechagi voqea, qolaversa, ichkilik ta’sirida hamma karaxt, qorinlari och, ammo yeyishga ham, ichishga ham uyda hech vaqo yo‘q edi. Hech kimning yonidan pul ham chiqmadi.

- Bir tanishimda 200 ming so‘m pulim bor, - dedi kecha Marinaning uyiga kelgan va o‘zi istamagan holda jinoyat guvohiga aylanib qolgan  qiz. - Shuni olib, do‘kondan u-bu narsa olib kelaman.

Sheriklar unga istar-istamas javob berishdi. Agar kechagi voqea haqida kimgadir aytgudek bo‘lsa, o‘ldirib ketishlarini aytib, og‘ziga mahkam bo‘lishi kerakligini   uqtirishdi.

Qizning haqiqatan ham bir tanishida 200 ming so‘m puli bor edi. Unga telefon qilib, pulni olib kelishini so‘radi. So‘ng do‘kondan aroq va yeguliklar olib, Marinaning uyiga keltirib berdi. O‘zi esa yana chiqib ketdi. Uning xayolida faqat kechagi voqealar aylanar, bu haqda hech kimga churq etmasa, taqdiri qanday kechishiyu, organ xodimlariga xabar bersa nima bo‘lishi haqida o‘ylardi. Oxiri ikki kundan so‘ng o‘zi uchun eng to‘g‘ri qarorga keldi va IIB xodimlariga telefon qilib, jinoyat haqida aytdi.

Telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng IIB xodimlari jinoyat sodir etilgan joyni tekshirish bilan bir vaqtda jinoyat tafsilotlarini yanada aniqlashtirish maqsadida Zuhriddin Jalolovning qayerda ekanligi haqida surishtiradi. Uyidagilar uni dastlab ishda deb aytadi. Ammo ishxona vakili uch kundan buyon ishga bormagani haqida bildirgach, "Nishon tumanida yashovchi qarindoshlarimiznikiga ketgan bo‘lsa kerak", deb javob berishadi. Tez orada u yerda ham yo‘qligi aniqlanadi. "Bo‘lmasa bir buzuqni topib olgan, shu bilan yurgandir-da", deydi turmush o‘rtog‘i bamaylixotir.

Qarang, bir kishi uch kundan buyon uyga kelmayapti. Ammo bu narsa oila a’zolarini umuman qiziqtirgani yo‘q. Ha, Zuhriddin Jalolov misolida o‘z oilasiga xiyonat qilib, harom-xarish yo‘lga yuz burgan kishilarning hayotda ham o‘z o‘rni, obro‘-e’tiborini yo‘qotishlariga yana bir bora amin bo‘lasan kishi. Oqibat esa bundan-da ayanchli yakun topdi. U farzandlariga bosh bo‘lib, nevara-chevaralariga pand-nasihat qilib, piru badavlat otaxon sifatida keksalik gashtini surishi,  chiroyli umrguzaronlik qilishi ham mumkin edi. Biroq shaytoniy istak ilinjida oilasiga xiyonat qilib, nopok yo‘lga yuz burib, salkam oltmish yoshida kichik o‘g‘li tengi yigitlar bilan bir ayolni talashib, sharmandali o‘lim topdi.

Endi hali katta hayot ostonasida turgan, uylanib, bir oilaga bosh bo‘lishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topib, obro‘-e’tibor orttirishi mumkin bo‘lgan Haqdo‘st Omonov va ikki sherigining ham taqdiri aniq...

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga ko‘ra, Haqdo‘st Omonov 17 yil, sheriklari Shahzod Mohirov 17 hamda Zohir Odilov 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, Marina Botirovaga nisbatan jazo tayinlashda sud uning yoshligi, ayolligi, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, voqeaning passiv ishtirokchisi ekanligi va boshqa omillarni hisobga olib, unga nisbatan 12 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi.

Shunga aytadilar-da, har kimning kori a’moli - o‘ziga, deb.

J.SHUKUROV, 

viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i

J.BOYMURODOV, jurnalist