Jamiyat 11.01.2019 21

"NURLAR TO‘SHAB BORAR QUYOSH IZIGA..."

Judolik

"NURLAR TO‘SHAB BORAR QUYOSH IZIGA..."

O‘tayotgan hafta avvalida tarqalgan noxush xabar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi. O‘zining sohir she’riyati bilan millionlab muxlislari qalbini zabt eta olgan, nufuzli saytlar e’tirof etganidek: "feysbuk"da o‘zbeklarni birlashtirgan" chiroqchilik yosh shoira Baxtiniso Mahmudova olamdan o‘tdi.

U o‘zi tug‘ilib o‘sgan Olmazor qishlog‘idagi "Qirqqiz ona" qabristoniga dafn etildi.

Baxtiniso Mahmudova 1993-yilda tug‘ilgan. U Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim, Xurshid Davron, Eshqobil Shukur singari ulug‘ shoirlar tomonidan o‘zbek she’riyatida porlayotgan iqtidorli  shoira sifatida ta’riflangan. "Yurt kelajagi", "Yuksak ma’naviyatli avlod", "Yilning eng faol ma’naviyat  targ‘ibotchisi" ko‘rik-tanlovlari g‘olibi bo‘lgan edi.

- Baxtiniso butun shoir bo‘lib bizning safimizga qo‘shilgan edi, - deydi O‘zbekiston xalq  shoiri Usmon Azim. - U hech kimga o‘xshamas edi, uning she’rlari hech kimnikiga o‘xshamas edi. Men uning chop etilayotgan yangi kitobiga so‘zboshi yozgandim, "Baxtiniso she’riyatimiz osmonida bir porloq yulduz bo‘ladi", deb qo‘ygan edim. Endi qanday qilib so‘zboshini boshqatdan yozaman? Qanday qilib "edi" deyman...

- Baxtiniso biror marta birovni yomonlamadi, biror marta birovdan yozg‘irmadi, biror marta biror nimadan nolimadi, - deydi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Nodir Jonuzoq. - Baxtiniso ozgina yashadi, og‘riqlar ichida kechgan qisqagina umrida o‘z tengdoshlariga ham, o‘zidan kattalarga ham, hatto ustozlariga ham qanday yashashni o‘rgatib ketdi. U hayotni sevdi, yashashni istadi, afsus umri qisqa ekan... Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi uning alohida ikki kitobini nashrga tayyorlayotgan edi. Endi mana shu kitoblarni yaxlit bir to‘plam tarzida nashrdan chiqarish taraddudidamiz.

Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida shoiraga bag‘ishlangan o‘nlab marsiyalar e’lon qilindi. Eshqobil Shukur: "Oy yuzingda tabassumlar oyday balqardi, Sen so‘zlasang, muz yuraklar, toshlar qalqardi", - deb yozdi. Nodir Jonuzoq:  "Ey, Xudoning ma’sum oshig‘i, Haq qoshiga bording yugurib!", Zuhriddin Karimov:  "Sensiz gullar endi uyalmaydimi? Bahorlar qaytadi qaysi yuz bilan?", - deya bitdi...

Shoiraning o‘zi esa "Vatan" she’rida shunday satrlarni bitgan edi:

Bu afsunni kimdan o‘rgandi ekan?

Nurlar to‘shab borar quyosh iziga.

Qaniydi, ko‘nglimdan o‘tgan Vatanning

Vatan bo‘la olsam bitta hisiga!

Yigirma besh yoshida dunyo bilan vidolashgan benazir shoira Baxtiniso Mahmudova "ko‘nglidan o‘tgan" Vataniga ulkan xizmatlar qilib ketdi. Ilohim, oxirati obod bo‘lsin!

Nuriddin EGAMOV