So'nggi yangiliklar 27.08.2019 21

NURONIYLAR NIMALAR BILAN BAND?

Yig‘ilish

Viloyat hokimligida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi vasiylik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kengash a’zolari, viloyat tashkilot va korxonalaridan vakillar, jamg‘armaning tuman va shaharlar bo‘limlari rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi "O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni  ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglandi.

Ta’kidlandiki, viloyatimizda yoshga doir pensiya oluvchilar soni 235 ming 624 nafar bo‘lsa, ularning 56 nafari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, 3483 nafari esa frontorti mehnat faxriylaridir. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari, yolg‘iz keksalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq reja va tadbirlar belgilangan.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan Qarshi shahrida ilgarigi ko‘z kasalliklari shifoxonasi binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, uning negizida zamonaviy sanatoriy foydalanishga topshirildi. Mahalliy budjet hisobidan 7 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan ushbu sihatgoh asosan keksalar, nogironlar, urush va mehnat faxriylarini sog‘lomlashtirishga mo‘ljallangan.

Tadbirda 5 muhim tashabbus doirasidagi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha, xotin-qizlar qo‘mitalari bilan hamkorlikda bajarilgan ishlar yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi vasiylik kengashining qarori tasdiqlandi.

SH.BOZOROVA