Tibbiyot 31.05.2019 142

O‘LIMGA ELTUVCHI "LAZZAT"

31 may - Butunjahon tamaki chekishga qarshi kurashish kuni

Inson salomatligi uchun o‘ta xavfli ekanligi allaqachon isbotlanganiga qaramasdan, bashariyat hamon voz kecholmayotgan illat  bu kashandalikdir. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino yozganidek, "Agar chang va g‘ubor bo‘lmaganida edi, inson ming yil yashardi...". Tamaki tutuni tarkibida esa nafaqat chang va g‘ubor, balki sizu biz tasavvur qilolmaydigan necha minglab zaharli moddalar mavjud.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda kashandalikka qarshi kurash olib borsa-da, bu illatni batamom bartaraf etishning imkoni bo‘lmayapti. Masalan, sayyoramizning ekologik sofligini ta’minlash, chekish bilan bog‘liq xastaliklar va o‘limni kamaytirish, kelgusi avlodni har tomonlama sog‘lom hamda barkamol etib voyaga yetkazish maqsadida har yili 31 may - Butunjahon tamaki chekishga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlab kelinadi. Shu kuni butun dunyoda chekishning salbiy oqibatlarini ko‘rsatish, bashariyatni bu illatdan voz kechishga chaqirish, kashandalik bilan bog‘liq xastaliklarni kamaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali shifokori Sohib SHODIYEV bilan suhbatimiz shu xususda.

O‘pka saratoniga chalinganlarning 96 foizi chekuvchilar

- Tamaki davosi yo‘q bo‘lgan 14 ta kasallikning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.  Jumladan, o‘pka saratoniga chalinganlarning 96 foizi aynan kashandalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, bronxlarda paydo bo‘ladigan kasalliklarning 92 foizini, oyoq tomirlari devorining qalinlashib, torayib, qon o‘tmay qolishi natijasida sodir bo‘ladigan oyoq panjalari qorason kasalligining 95 foizini, oshqozon osti bezi rakining 72 foizini, qovuq rakining 70 foizini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, tamaki chekish yurak infarkti, miyaga qon quyilishi, o‘pka sili kasalliklarining kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Nafas olish a’zolariga zarari

- Tamaki tutuni nafas yo‘llaridan ko‘p yillar davomida o‘taverganidan burun, xalqum, hiqildoq, traxeya, bronx va bronxiolalar shilliq pardalarida yallig‘lanishlar vujudga keladi. Aniqlanishicha, bir dona tamaki oxirigacha chekilganida 5 litr tutun hosil bo‘larkan. Uning bir santimetrida 6000 dona qoraqurum, 6000 dona qora moy tomchisi bo‘lar ekan. Bularni 5 litrga ko‘paytirsa, milliard-milliard qoraqurum va qora moy tomchilari mavjud ekani ma’lum bo‘ladi.

Kashanda bir dona tamakini o‘rtacha hisobda 15 marta tortib, tutunini o‘pkasiga yutadi. Agar u bir kunda 20 dona tamaki cheksa, u holda bir yilda 109 ming 500 marta o‘pkasiga tutun yutib, nafas olishni ta’minlaydigan asosiy a’zoni zaharlaydi!

Chekmaydigan "kashanda"

- Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining saratonni o‘rganish xalqaro agentligi tomonidan olib borilgan izlanishlarda chekmaydigan "kashanda"lar faol kashandalar organizmi qabul qilayotgan barcha kanserogen moddalardan zararlanishi isbotlandi. Sigaret tutunidagi 4 mingdan ziyod zararli kimyoviy birikmalar, jumladan, 69 xil xavfli kanserogenlar inson salomatligiga jiddiy tahdid soladi. Ayniqsa, kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi ammiak, atseton, azot va uglerod oksidlari, fenol, N-nitrozamin, 4-aminobifenil singari moddalar barchaga birdek zarar keltiradi. Garchi chekuvchi ichiga tortayotgan va atrofdagilar nafas olayotgan tutunda bir xil zararli moddalar mavjud bo‘lsa ham, ularning konsentratsiyasi turlicha ta’sir kuchiga ega. Yangi izlanishlardan ma’lum bo‘lishicha, bir qancha kanserogenlar ta’siri chekuvchiga qaraganda uning tutunidan "bahra" olayotgan kishilarda kuchliroq kuzatilar ekan. Buning sababi oddiy kishilar organizmi chekuvchilarga qaraganda kashandalikning salbiy oqibatlariga ruhan tayyor bo‘lmagani bilan izohlanmoqda.

Oddiy filtr tabiatda yo‘qolishiga 10 yil ketadi

- Tamaki yetishtirish va uning iste’moli tufayli tabiat ham jiddiy zararlanmoqda. Bir dona sigaret chekilganda, atrof-muhitga tarqaladigan zaharli gazlarni qo‘yavering, uning oddiy filtri tamomila yo‘q bo‘lib ketishi uchun ham 10 yil ketar ekan. Vaholanki, har yili ana shu filtrlarning 770 ming tonnasi chiqindi sifatida yig‘iladi. Ulardan esa havoga 845 ming tonna atsetat moddasi tarqaladi. Bu chiqindining aksariyati daryolarga tashlanishi oqibatida suv va suvosti olami ulkan ziyon ko‘radi. Binobarin, mazkur chiqindilar sohil bo‘ylarini eng ko‘p ifloslantiradigan omilga aylanmoqda. Ularni tozalash esa jahon iqtisodiyotiga bir necha milliard AQSH dollariga tushayotir. Yaxshilab o‘chirilmagan sigaret qoldiqlari tufayli yuz beradigan yong‘inlar ham katta muammoga aylangan...

Yuqorida aytilganlardan xulosa qilsak, chekish nafaqat umr zavoli, balki o‘zimiz o‘tirgan shoxga o‘zimiz bolta urishimiz bilan teng illatdir. Loaqal bir kun chekmasak ham qanchalar ulkan foyda bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring-a... Shunday ekan, undan qancha tez qutulsak, o‘z sog‘lig‘imiz va atrofimizdagilarning salomatligini yaxshilashga, tabiat musaffoligini ta’minlashga shuncha katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Buning uchun esa har bir chekuvchidan mustahkam iroda, qat’iy intilish talab etiladi, xolos.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.