Ma'naviyat 24.05.2019 131

O‘ljas SULAYMONOV: MADANIYAT - BU JAMIYATNING KAYFIYATI VA UNING SOG‘LIGI KO‘RSATKICHI

2019-yil - O‘zbekistonda Qozog‘iston yili

Bundan bir necha yil ilgari qozoq adibi O‘ljas Sulaymonov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan "Badiiy adabiyot" nashriyotida "O‘ljas va men" kitobi tayyorlandi. Unda atoqli zamondoshimizning ijodiy faoliyati, shaxsi haqida davlat va jamoat arboblari, ilmiy hamda ijodiy soha vakillari, turli mamlakatlar prozaiklari va shoirlarining mulohazalari, o‘y-fikrlari jamlangan. E’tiboringizga O‘ljas Sulaymonov bilan mazkur nashr g‘oyasi egasi, to‘plovchi va muallif Yermek Aldanovning suhbatini taqdim etamiz.

- Mening taklifimga ko‘ra, bir jild ostida jillaqursa, ayrim hamkasblaringiz, do‘stlaringizning siz haqingizda kichik fikr-mulohazalarini to‘plashni aytganimda, g‘oyat vazminlik bilan buni kechiktirdingiz. Ioneskoning "Bugun adabiyot butun dunyoda hayotdan kuchli orqada qolib ketayapti; biz adabiy emas, siyosiy davrda yashayapmiz" degan so‘zlarini misol keltirgandingiz.

- Shu gapingizga qo‘shimcha qilamanki, bugungi kunda shoirlar na dostonlar, na qissalar yaratishayapti, aksincha, publitsistika janrini egallashayapti. Menda ikki-uch jo‘shqin o‘tgan o‘n yilliklarda yig‘ilgan tomlab gazeta maqolalari bor. Shu tariqa davom etayotgan dunyoni qayta qurishda eng boshidan biz ijodkorlar faol aktyorlar ("ishtirokchi personaj") bo‘lib qatnashayapmiz. Shuning uchun hamkasabalarimni zamonning muhim ishlaridan qoldirishni xohlamayman.

- Biroq, guvohi bo‘lganingizdek, qo‘ng‘iroqlashib yoxud manzillarini topa olganim bois ko‘pchilik murojaatimga xayrixohlik ko‘rsatishdi. Agar ko‘proq vaqt bo‘lganida, aminmanki, bu kitobda Rossiya respublikalaridan, yaqin va uzoq xorijdan bo‘lgan hamkasblaringizning fikr-mulohazalari joylangan bo‘lardi. To‘plamga do‘stlaringiz - Andrey Voznesenskiy, Rimma Kazakova, Konstantin Simonovning sizga 1975-yilning sentabrida jo‘natgan fikr-mulohazalarini qo‘shdim, ularni yozuvchining farzandlari yordamida arxivdan axtarib topdim.

- Tashakkur. "Az i YA"ga qarshi kampaniya boshlanishi oldidan ayni pallada olingan ajoyib maktub. Baxtga qarshi, menga jo‘natilgan boshqa ko‘pgina maktublar saqlanib qolmagan. Ko‘chmanchilar o‘zining tarixiga kerakli ahamiyat berishmagan, hatto shunday nodir artefaktlarga ham. Men bu nuqtai nazardan haqiqiy qozoqman. Do‘stlarda, inchunun. Bu bizning hozirgi tariximiz.

- Sizga munosabatini bildirgan mualliflar bilan bog‘liq unutilmas epizodlarni eslay olasizmi? Ular shubhasiz ko‘p. Balki hammasidan ko‘p xotirada saqlangani bordir?

- Bunday hodisalarni alohida kitobga to‘plagan bo‘lardim. Anchadan beri bularni esga olishni orzu qilaman. Hechqursa, adabiyot va butun madaniyat uchun rohatbaxsh bo‘lgan 70-yillarni, ta’riflab bo‘lmas 80-yillar va 90-yillarni xotirlashni istayman. Bizning kunlarimiz va tunlarimiz mana shu o‘n yilliklarda. Umid qilamanki, joriy yil jillaqursa, xotiranomalarning birinchi tomini boshlayman. Unda, turgan gapki, berilgan savolga batafsil javob beraman.

- Yoshlik yillaringiz o‘tgan 60-yillardagi muhit shak-shubhasiz, hozirgi davrdan farq qilgan. O‘shanda o‘zingizni qanday his etgansiz?

- O‘zimni avjiga chiqqan va ko‘pchilik singari yorqin kelajak sari limmo-lim umidlar bilan intilgandek his etdim. Xuddi butun mamlakatimiz singari. 60-yillarning bahori! Stalinsiz o‘tgan dastlabki o‘n yillik. "Iliqlik davri". Shoirlar, kinochilar birinchi bo‘lib o‘zida ozodlikni sezishgandi. SHe’rlar! Eng zo‘r hikoyalar! Eng yaxshi filmlar va spektakllar!.. Madaniyatning bunaqangi yuksak parvozi hali bo‘lmagan va takrorlanishi dargumon. Madaniyat - bu jamiyatning kayfiyati va uning sog‘ligi ko‘rsatkichi. Ko‘z o‘ngimizda va bizning ishtirokimiz bilan ulug‘ adabiyot, ulug‘ g‘oyalar hamda ishlar ila tarbiyalangan Buyuk kitobxon mamlakati vujudga kelgandi. Noshud inqiloblar esa madaniyatga zarba berayapti - buni biz ko‘rganmiz, ko‘rayapmiz.

- Bugungi jamiyatda sizni birinchi navbatda qanday muammolar tashvishga solayapti?

- Bugungi kundagi muammolar majmuasidan javob uchun bir mavzuni tanlayman. Adabiyot, shubhasiz. Meni "Zamonaviy jamiyatga qanday qilib kitobni qaytarish mumkin", degan savol tashvishlantiradi. Yangi avlod televizor va internetdagi ijtimoiy tarmoqlar bilan voyaga yetayapti. Kam darajada - kinematografiya bilan ham. Bizning davlatlar - Buyuk kitobxon mamlakatining bir bo‘lagi - bugungi kunda tomoshabinlar va tinglovchilar avlodini yetishtirayapti, ota-bobolarimiz o‘rta asrlarda va tarixdan ilgarigi davrlarda qanaqa bo‘lishgan edi-ya? Vaqt o‘tgan sari bolalar va yoshlarning kitobdan voz kechishi iqtisod, texnika va texnologiya kabi barcha fanlar rivojiga ta’sir etayapti. Muqarrar ravishda. Fundamental fanlarning bugungi yutuqlari ko‘p ming yillik kitobdek bo‘lgani kabi yanada qudratli poydevorda tiklanayapti. "Komsomolskaya pravda" gazetasidan bir misolni takrorlashdan sira charchamayman. Unda bir atoqli fizikdan intervyu olishadi: "Maktab o‘quvchilari fizika va matematikani a’lo darajada o‘zlashtirishlari uchun nima qilish zarur?" Olim esa "Adabiyot darslari miqdorini oshirish zarur", deya javob beradi. Jahon  miqyosidagi tajriba allaqachon bu javob to‘g‘riligini tasdiqlayapti.

Kitob kino tasmasiga singdirilganida edi. O‘z ishining ustalaridan ba’zilari buning uddasidan chiqqan. Men ancha oldin Stanislav Govoruxinning filmlarini sevib qolganman. Yuzma-yuz ko‘rishganimizda esa, biz qarindosh ekanimizni tushundim. Siyosiy lug‘atda "aka" so‘zi shu qadar eskirganki, u asta-sekin ilk ma’no-mazmuniga tiklanishi uchun vaqt kerak. Govoruxinning kino tili dunyodagi eng vijdonli adabiyot - klassik rus adabiyoti asosida qurilgan. U shedevrni yoki o‘tkinchi narsalarni tasvirga olishni maqsad qilmagan, uning ekrani klassikadan nafas oladi.

- O‘z ijodiy ishlaringizdan qay birini yaxshi ko‘rasiz?

- "Tuproqli kitob".

- Ko‘plab o‘quvchilar sizning eng yaxshi kitobingiz deya "Az i YA"ni atashsa, boshqalarga "Zamin, insonga ta’zim qil!" nomli eng birinchi dostoningiz yoqadi. Ba’zilarga, haqiqatan, barchamiz kosmik jismni tasavvur qilishga ko‘nikkan Zamin qanday qilib ta’zim qilishi mumkinligi tushunarsiz.

- Bu yerda zamin jismoniy jismdek emas, Yer shari nazarda tutilayapti, ko‘chma ma’noda esa - "insonlar dunyosi", "banibashar". 1961 yilning aprelida samoga birinchi kosmonavt parvoz qilganida bu voqeaga bag‘ishlangan doston yozilgandi. Zavqqa to‘lgan gazetalarning xabarlari "Butun zamin Yuriy Gagarinni olqishlayapti"ga o‘xshash bo‘lganini barcha tushunib yetdi. Agar zamin olqishlayotgan ekan, demak, qahramonga ta’zim ham qila olgan.

- Hamkasblardan, do‘stlardan olingan eng muhim saboqlar?

- Har kimning birinchi ustozi - bu ona, onaizor. Hozir, bosib o‘tilgan yo‘llarga nazar tashlay turib, butun hayotim davomida bolalikdan yod bo‘lib ketgan onamning pand-nasihatlariga amal qilganimni anglayman. 40 yoshimda she’rlarimda ilk bora ulardan ba’zilarini ovoza qilgandim. Onam oldida hisobot berib, ma’lum qilib, hech kimga hasad va  nafrat qilmadim, hech kimga xiyonat qilmadim; hech kimga qulluq qilmasdan barchasiga intildim, maqsadga erishgach esa, kibr-havoga berilmadim. Har bir ona din va milliy an’analarni anglab, pand-nasihatni o‘zicha ta’riflaydi. "Mag‘rur bilan mag‘rur bo‘l: u Payg‘ambarning o‘g‘li emas, xushmuomala bilan xushmuomala bo‘l: u otangning quli emas". Uning hikoyasidagi bu qadimiy donishmandlik mening shaxsiy konstitutsiyamning asosiga aylandi. Onam menga "Sen bilan salomlashgan har kimning qo‘lini ol: Xudoning chopari ularning qirqdan birida ro‘para keladi" deb o‘rgatgan. Shu boisdan, hech bir qo‘lni qaytarmadim, minglab kishilarning qo‘lini oldim, ko‘p marotaba Xudoning choparlari bilan salomlashganimga ishonaman.

Onalar bizni adolatli bo‘lishga, doimo haqiqatni gapirishga o‘rgatadi. Keyin yorqin va qayg‘uli yillar bizni eng chin haqiqat doim ham haqiqat bo‘lib chiqmasligi to‘g‘risidagi tushunchani o‘rgatdi. Ehtimol, shuning uchun biz haq buyurgani kabi ish tutmagandirmiz?

Bu kabi fikrlarga biz - ijod ahli bir-birimizni o‘rgatdik. Sovet davrida va hozir ham.

- Kitobda siz haqingizda turli xil mulohazalar mavjud. Ularning bir qismi yubiley pafosidagi voqealardek tushunarsiz emas. Ba’zilari qisqa, boshqalari uzundan-uzoq, mulohazali, hattoki, g‘oyat darajada ilmiy. Barchasi birgalikda bir-birini to‘ldirib, qay darajadadir sizga tanish, qay darajadadir notanish qiyofa yaratgan. Axir rassomlar turli xil bo‘ladi, shuning uchun bo‘yoqlar, qalamlar ham turli ranglarda. Mualliflarning     familiyalarni alifbo tartibida, aytganlaridek,  Az dan YA gacha joylashtirdik. O‘qishni boshlaymiz!

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi.