"O‘QITUVCHI HAM CHOY ICHARKAN..."

Aks-sado

"O‘QITUVCHI HAM CHOY ICHARKAN..."

"Qashqadaryo" gazetasining 2018- yil 3-noyabr sonida chop etilgan Abdunabi Abdiyevning "Bugungi kun o‘qituvchisi" nomli maqolasini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Maqolada bugungi kundagi dolzarb mavzu qalamga olingan. Ayniqsa, menga ma’qul bo‘lgani - gazetxonlarga, ustoz va o‘quvchilarga Xalqaro qo‘l yuvish kunini eslatib qo‘yganliklari. Bu masala mening qalbimda uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan tushuncha edi.

I

Haqiqatan ham, tozalik bor joyda hatto fikrlar ham toza bo‘ladi, deydi donolar. Jondan aziz dilbandlarimiz orasta, baquvvat va sog‘lom bo‘lishi uchun ularni tozalikka o‘rgatish, buning uchun bog‘cha-maktabda yetarli sharoit yaratish lozim. Juda ko‘p maktab va bog‘chalarda (hozir ham) bolalar qo‘li ifloslansa, oyoq kiyimlarini tozalashda, hojatdan keyin suv qidirib yurishadi, yomg‘ir yoqqanida ko‘lmaklardan foydalanishadi. Maktab oldiga o‘rnatilgan qo‘l yuvish  dastgohlari (umivalniklar)da doim ham suv bo‘lavermaydi. Ba’zi hollarda maktab xizmatchilari "suvni isrof qilma", deb bolalarni haydab solishadi. Muallim ham, o‘quvchilar ham bo‘rdan ko‘p foydalanadilar, biroq shundan keyin qo‘lni yuvishadimi yoki naridan-beri ro‘molchasiga artib, katta tanaffusda tamaddi ham qilishadimi?

Tibbiyotda sariq kasalni "iflos qo‘llar kasalligi" deb atashadi. Uning bolalarda ko‘proq uchrashi bejiz emas, albatta. To‘g‘risi, bu borada bolalarimizga ko‘p e’tibor bermaymiz. Ayniqsa qishloq joylarda...

Qimmatbaho kiyimlar kiyamiz, mahobatli uylar quramiz, ammo eng zarur masalalarga e’tibor qaratmaymiz. Ularni mayda-chuyda deb hisoblaymiz. Ziyofatlar uyushtiramiz, sovg‘a-salomlar uchun ortiqcha xarajatdan qochmaymiz. Bularni salgina qisqartirib, farzandlarimiz uchun eng zarur sharoitlarni (maktablarda qo‘l yuvish uchun sharoit yaratish, yog‘in-sochin vaqti oyoq kiyimlarini yuvishga maxsus tarnovchalar qilsak, bularni nazorat qilish uchun tanaffuslarda yuqori sinf o‘quvchilaridan navbatchilik) tashkil etsak, qandoq yaxshi bo‘lardi.

Nafaqadagi keksa o‘qituvchi bo‘lsam-da, ta’lim-tarbiya sohasidagi o‘zgarishlarni doim kuzatib boraman. Shunday damlarda yoshlarga qarata "Qanday baxtlisizlar. Sizlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga qaranglar, biz ishlagan paytlar bilan taqqoslasak, yer bilan osmoncha farq bor. Yosh bolamiz bo‘lsa ham oylab paxta terimida yurardik. Bahorda yagana, o‘toq o‘quvchi va o‘qituvchilar zimmasida edi. Sinfxonalar sovuq, is chiqarib turgan pechlar taftida isinib dars o‘tardik... Endi chin dildan ishlanglar, bildirilgan ishonchni oqlanglar", degim kelaveradi.

Darhaqiqat, ko‘rimsiz maktablar o‘rnida yurganda har tomondan aksingiz ko‘rinadigan ajoyib maktablar qurildi. Nabiralarimizga u maktablar haqida gapirsak, ishonishmaydi, ertak bo‘lib tuyuladi. Mayli, ular uchun ertak bo‘lib qolsin. Ammo mana shunday zamonaviy maktablarda isitish, qo‘l yuvish masalalari ko‘ngildagidek emas-da. Buni kim hal qilishi, kim javob berishi kerak? Xalqaro qo‘l yuvish kunini bilgan zukko, bilimdon  bolalarimiz hech kimdan kam bo‘lmasin. Sog‘lom va baquvvat bo‘lsin. Axir yurt kelajagi ularning qo‘lida-ku!

II

Ta’lim tizimi tubdan yangilanayotgan ekan, o‘qituvchilarimizning ma’naviy qiyofasi haqida ayrim fikrlar aytishni joiz deb bildim. Yo‘lovchi mashinada ketayotgan ikki ayolning suhbati qulog‘imga chalindi: "Nabiramning o‘qituvchisi dars payti teskari qarab, labiga buyoq, qoshiga qalam surtib olarmish". Ikkinchi ayol davom ettirdi: "Mening nabiramning o‘qituvchisi konfet shimib o‘tirarmish. Avvaliga ishonmadim, sinfdoshlaridan so‘rab ko‘rdim, rost ekan..."

Ustoz osmon qadar yuksak, yulduzlardek sirli, oftobdek mehrli, ona zamindek saxovatli emasmi?

Buyuk Alisher qalbiga she’r zavqini solgan Abu Lays emasmi u? O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov muallimlarni "Kamolot ichra ko‘zgu" demaganmidi. Ularning shu qadar yuksak qadrini yerga urishga, o‘quvchilar ko‘z o‘ngida noma’qulchilik qilishga haddi siqqan odam muallim degan nomga loyiq emas. U sinfdan, yo‘q, umuman, maktabdan chiqib ketishi kerak.

Boshlang‘ich sinfda dars bergan Gavhar opani aslo unutmayman. Bola emasmizmi, qishda maktabga kelguncha sumka ko‘targan qo‘llarimiz yaxlab qotib qolardi. Gavhar opa pechka yoniga o‘tqazib, qo‘llarimizni puflab isitib qo‘yardi. 8 mart bayramida men u kishiga bir siqimgina binafsha olib borganman. Ustozim shu qadar sevinganki, peshonamdan o‘pib, "Sen ko‘ngli guldek nozik qizsan, nasib bo‘lsa shoira bo‘lasan" degandi. Dunyoda ustoz duosidan ham ulug‘ narsa bormi? O‘quvchilar nazdida o‘qituvchi - odob, axloq, bilim, kiyinish, yurish-turish borasida eng namunali benuqson inson.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan biri o‘qituvchisining choy ichayotganini ko‘rib: "Iya, o‘qituvchimiz ham choy icharkan", deganini eshitganman...

Ha, o‘quvchi nazdida o‘qituvchi hamisha buyuk zot bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilarning yagona maktab formasiga o‘tganidan hamma xursand, ayniqsa, ota-onalar. Ammo soch turmaklash borasida ham bir to‘xtamga kelinsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Aksariyat qizlarimiz sochini yoyib yuradi, bu soch hamma joyga ilakishib, to‘kilib, boshqalar ko‘nglini xira qiladi. O‘zbek ziyoli ayollari - Sora Eshonto‘rayeva, Zulfiyaxonim, Saida Zunnunova sochlarining farqini to‘g‘ri ochib, ixchamgina turmaklab qo‘yishardi, bu juda yarashib turardi.

Yaqinda televizorda bir maktab rahbari, ayol gapirayapti. Kiyinishi joyida, ammo savatdek sochini sariqqa bo‘yab olgan. Bog‘chada ishlaydigan tanish ayol tirnog‘ini shu qadar o‘stirib olganki, biror bolaga tegib ketsa, jarohat yetkazishi hech gap emas. Binobarin, ulug‘larimiz "Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak", deb bejiz aytmaganlar axir.

Ta’lim va tarbiya doimo birga olib borilgan. Buni aslo unutmaylik. "Bugungi kun o‘qituvchisi" maqolasining muallifi Abdunabi Abdiyev aytganidek, "... vaqt borida uzatgan etagimizni yig‘ib olish" payti keldi.

Bo‘ston RAHMONOVA,

O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi