Ma'naviyat 27.09.2019 27

O‘QITUVCHI KITOB O‘QIMASA...

Bugunning gapi

Ilmni kim vositai joh etar,

O‘zni-yu xalqini gumroh etar.

Alisher NAVOIY

1

O‘qituvchi va kitobxonlik.

Aslida bu ikki tushuncha egizakdek. Negaki o‘qituvchilik birgina o‘quv darsliklari bilan chegaralanib qolmasdan bevosita kitob, badiiy adabiyot bilan chambarchas bog‘liq. Lekin bu qarash hamma vaqt ham o‘zini oqlayvermaydi. Bir gal aniq fanlar o‘qituvchilari shu’ba yig‘ilishi ishtirokchilarining badiiy adabiyot sohasidan qay darajada bilimdonligini sinab qo‘rish uchun adabiy jamoatchilik o‘rtasida katta shov-shuvga sazovor bo‘lgan o‘nlab asarlarni tilga olganimda, ko‘pchiligi muztar tortgan, oralaridan dadilrog‘i esa yuzimga g‘alati razm solib:

- Aka, siz adashdingiz, biz adabiyotchi emasmiz, - dedi.

Aslida suhbatdoshim sira ikkilanmasdan boshqa soha o‘qituvchisi ekanligidan kitobxonlikka e’tiborsizligini xaspo‘shlash vositasi sifatida foydalangan, ammo o‘zi sezmagan holda "qovun tushirib" qo‘ygandi. Axir muallim degan nomning o‘zi bu kasb sohibi zimmasiga o‘quvchidan ko‘ra ko‘proq o‘qish, izlanish majburiyatini yuklamaydimi? Qolaversa har bir o‘qituvchi bolaga nafaqat bilim, balki tarbiya ham berishi lozimligi uning bevosita badiiy adabiyotga yaqin bo‘lishini taqozo etmaydimi?

Masala mohiyatiga chuqurroq kirib borish uchun "adabiyot" va "tarbiya" so‘zlarining tagzaminiga nazar tashlaylik. Har ikala so‘z o‘zagi arabchadan olingan. "Adab" - odob birlik, "iyat" esa "lar" ko‘plik qo‘shimchasi bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinganda "odoblar majmui" degan ma’noni anglatar, o‘zagi "arba" (to‘rt) so‘zidan yasalgan "tarbiya" tushunchasi ma’naviy, axloqiy, ruhiy, jismoniy tarbiya berishni o‘z ichiga qamrab olar ekan.

Shu o‘rinda bir mulohaza - so‘z ko‘rki bo‘lgan maqollarni, ajdodlarimiz tomonidan meros qoldirilgan ibratli rivoyat va hikoyatlarni, jahon va o‘zbek mumtoz hamda zamonaviy asarlarini o‘qib va uqib olmasdan, ulardan aynan misollar keltirmasdan qanday qilib yosh avlodni tarbiyalashdek muhim vazifani bajarib bo‘ladi?

Savollar ko‘p va og‘riqli. Ta’lim tizimida ishlovchi har bir mutaxassis kitob o‘qishni, kitobxonlikni kundalik ehtiyojiga aylantirmas ekan, mazkur savollarga shunchaki javob qaytarish qiyinligicha qolaveradi.

2

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir xabar e’tiborimni tortdi. Unda yozilishicha, Dehqonobod tumani hokimi Zoir Aliqulov Paxtachi mahallasida joylashgan, o‘quvchilarining o‘zlashtirish darajasi past bo‘lgan 68-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, 10-sinf o‘quvchilariga dars o‘tgan.

Hokimning maktabga borishi, dars o‘tishi bugun hech kimni ajablantirmasligi mumkin. Negaki mamlakatimiz Prezidenti yangi o‘quv yili arafasida o‘tkazgan muloqotda vazirlardan tortib barcha darajadagi rahbarlar maktablarga oyida kamida uch marotaba borib, dars o‘tishi to‘g‘risida aniq ko‘rsatmalar bergandi.

Endi boyagi xabarga qaytaylik: "Hokim soatida Zoir Aliqulov o‘quvchilarning badiiy adabiyotlarga qiziqishi, asosan qaysi kitoblarni o‘qiyotgani bilan ham qiziqdi.

30 nafar o‘quvchi qatnashgan darsda o‘quvchilarning birortasi ham badiiy adabiyot o‘qimagani ma’lum bo‘ldi. Eng yomoni hokim bilan muloqot chog‘ida maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Rajab Xidirov hamda adabiyot fani o‘qituvchisi Faxriddin Ko‘charovning ham badiiy adabiyotdan yiroqligi oshkor bo‘ldi...

...Hokim o‘qituvchilar va o‘quvchilarning ushbu harakatsizligiga javoban, o‘qishning ahamiyati, kelajakda inson hayotida muhim o‘rin tutishi haqida so‘z yuritdi... Tuman hokimi o‘quvchilarga bir hafta vaqt berib, shu muddat ichida biror bir badiiy asarni tugatib kelish va asar bo‘yicha savol-javob qilishini bildirdi".

Bugun kitobxonlikni kuchaytirishga, badiiy adabiyot targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratilayapti. Mamlakatimizda har yili uch yosh yo‘nalishida o‘tkazilayotgan "Yosh kitobxon" tanlovi g‘oliblari "Spark" avtomashinasi bilan taqdirlanayotgani, viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev Mirishkor tumanidagi 32-maktabning buyuk turkman shoiri Maxtumquli she’riyatini deyarli yod olgan 5-sinf o‘quvchisiga shaxsiy planshetini tortiq qilgani, mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan "Jonajon maktabimga kitob sovg‘a qilaman" aksiyasi ishtirokchilari soni kun sayin ortib borayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir.

Meni bir savol qiynaydi: so‘nggi uch yildirki, Prezident tomonidan kitobxonlik nafaqat ilm-ma’rifatni, ma’naviyatni yuksaltirishning asosi bo‘lib qolmasdan, mamlakat iqtisodiy ravnaqini ta’minlovchi bosh omil ekanligi qayta-qayta uqtirib kelinayotgan bo‘lsa-da, aksarimizni kitob, kitobxonlikka panja orasidan qarash kayfiyati nega tark etmayapti? 

3

Qanchalik achinarli bo‘lmasin, tan olish kerak, ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchi, murabbiylarning hammasi ham yosh avlod ongida kitobga, adabiyotga havas ruhini uyg‘otayapti, deyish noo‘rin. Qo‘liga matbuot nashri yoki kitob olsa, esnog‘i tutib qoladiganlar ko‘plab topiladi. Ko‘p yillik pedagog, ijodkor sifatida qaysi ta’lim maskaniga yo‘lim tushmasin, ishni shu maskan kutubxonasi bilan tanishishdan boshlayman. To‘g‘ri, keyingi yillarda kutubxonalar fondini badiiy adabiyotlar bilan boyitishga ancha e’tibor qaratilayapti. Ammo bu sohadagi ishlarimizni yetarli deb bo‘lmaydi. Kutubxonalarga keltirilayotgan aksar asarlar bir yoki ikki nusxagina xolos. Faraz qiling, kamida yuz nafar o‘quvchi tahsil olayotgan maktab uchun yetarli miqdormi bu?

Bundan ham achinarlirog‘i, maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan  boshqa fan o‘qituvchilarini qo‘ya turaylik, aksar ona tili va adabiyoti fani mutaxassislari ham bugungi adabiy jarayondan bexabar. Shaxsiy fikri ojizimcha, adabiyot fani darsliklari o‘qituvchi zimmasiga adabiy jarayondan boxabar bo‘lib turish majburiyatini yuklay olmayotganday.

5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan adabiyot darsliklaridan ma’lum bir davr adabiy muhitini atroflicha yoritadigan mavzular deyarli o‘rin olmagan. Buning ustiga xronologik izchillikka ham e’tibor qaratilmagan. 5-sinf darsligi ibtidosidan "Adabiyot - so‘z san’ati" deb nomlangan mavzu o‘rin olgan. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodga so‘z san’ati deb atalmish muhtasham qasrda ilk tetapoyalarni qo‘ydirish. So‘z san’ati, unga bobo-momolarimiz uzun kechalar aytib bergan ertaklar orqali kirib kelishimiz tasviridan so‘ng adabiyotning "she’riyat", "nasr", "dramaturgiya" turlariga (janrlariga) qisqacha izoh beriladi.

Har bir elning adabiyoti poydevorini xalq og‘zaki ijodi tashkil qiladi. Shu nuqtai nazardan darslikning ilk bobi "Hikmat durdonalari" deb atalishi, qismdan "Maqollar", "Topishmoqlar" kabi mavzular o‘rin olgani juda o‘rinli. Ammo xalq og‘zaki ijodini o‘rganish shu bilan vaqtincha yakun topadi.

Bizningcha esa mazkur boshlang‘ich "Ertaklar", "Rivoyat, hikoyat va afsonalar", "Dostonlar", "Eposlar", "Xalq qo‘shiqlari" ko‘rinishida davom ettirilsa, o‘quvchining adabiyot olamiga safarida izchillik ta’minlangan bo‘lardi. To‘g‘ri, Imom Buxoriy, Ezop kabi mutafakkirlar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan mavzular izidan darslikning ikkinchi bobi - "Ertaklar olamida" boshlanadi. "Uch og‘a-ini botirlar","Hikoya", "Susambil" ertaklari o‘rganilgach, Hamid Olimjon va Maqsud Shayxzoda tomonidan bolalar uchun yaratilgan "Oygul va Baxtiyor", "Iskandar Zulqarnayn" ertak-dostonlariga o‘rin berilishi esa xronologik izchillikni mutlaq buzib qo‘yadi. Har ikkala ulug‘ shoirimiz yigirmanchi asrda yashab, ijod qilishgan, xalq og‘zaki ijodining yaratilishi esa ming yilliklarga borib tutashadi. Menimcha, ushbu mavzular biroz keyinga olib qo‘yilib, tillardan tillarga ko‘chib kelayotgan so‘z san’ati namunalari, xususan, doston janri to‘liq o‘rganib chiqilgach, xalq og‘zaki ijodining yozma adabiyotga ta’siri haqida to‘xtalib, so‘ngra yuqoridagi mavzularga murojaat etilganda, foydadan xoli bo‘lmas edi.

4

Adabiyot darsliklaridagi nomutanosiblik haqida istagancha so‘z yuritish mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu alohida mavzu. Faqat adabiyot darsliklarida har bir davr adabiyoti alohida olingan mualliflar hayoti va ijodini o‘rganish bilan kifoyalanib qolmasdan dastlab o‘sha davr adabiy jarayoni obzor shaklida talqin etilsa, o‘qituvchi oldiga darslik bilan chegaralanmay, umumiy obzorga kiritilgan boshqa asarlarni ham o‘qish majburiyatini yuklagan bo‘lardi.

Kitob va o‘qituvchi esa biz istaymizmi-yo‘qmi, egizak tushuncha bo‘lganicha qolaveradi. Badiiyatdan yiroq o‘qituvchi hamma tomonlama axborot makonida yashayotgan o‘quvchini qanoatlantira olmaydi. Zero Prezident yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishni ko‘zlab olg‘a surgan besh tashabbusning ham biri kitob, kitobxonlikka yo‘naltirilgani bejiz emas. Navoiy hazratlari zikr etganidek, ilmdan "vositai joh" o‘rnida foydalanmaylik, aziz hamkasblar.

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori