O‘T-OLOVI YO‘Q JANG MAYDONI

20-iyul - Xalqaro shaxmat kuni

- Shaxmat shunchaki o‘yin emas, - degan edi kubalik grossmeyster Raul Kapablanka. - Bu vaqt o‘tkazishning ma’lum darajada badiiylik va ilmiylikka asoslangan intellektual foydali usuli. Jismoniy mukammallik uchun sport qanchalik muhim bo‘lsa, aqliy salohiyat uchun shaxmat shunchalik muhimdir. U insonga xos bo‘lgan alohida xususiyatlarni rivojlantirish va aqlni mashq qildirishning qiziqarli hamda qulay yo‘lidir.

- Darhaqiqat, shaxmat o‘ynaydigan bola maktabda ham a’lo baholar oladi, ayniqsa, aniq fanlarni o‘rganish borasidagi salohiyati yuqori bo‘ladi, bekorga uni "aql gimnastikasi" deyishmagan-da, - deydi viloyat "Barkamol avlod" bolalar markazi shaxmat to‘garagi murabbiysi Rahim Rajabov. - Viloyatimizda shaxmat federatsiyasi 1993-yilda tuzilgan bo‘lsa, o‘sha paytdagi a’zolar barmoq bilan sanarli edi. Natijalarimiz bilan ham unchalik maqtanib bo‘lmasdi. O‘zimiz uchun, iqtidorimizni o‘stirish uchungina shaxmat o‘ynardik go‘yo. So‘nggi o‘n-o‘n besh yilda esa odamlar orasida bu o‘yinga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi.

Bugun viloyat sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi, Shahrisabz, Chiroqchi, G‘uzor, Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi bolalar-o‘smirlar  sport maktablarida faoliyat olib borayotgan to‘garaklarda jami 200 nafarga yaqin yosh shaxmatchi    mashg‘ulot olib borayapti. Bundan tashqari, Qarshi shahridagi "Chess House" klubi  va "Geolog" sport-sog‘lomlashtirish markazida  xususiy to‘garaklar tashkil etilgan. Ularda ham 50 nafardan ortiq shaxmat ishqibozi dona suradi. So‘nggi yillarda viloyatimizdan Akmal Fayzullayev, Nodira Nodirjonova, Umida Chorshanbiyeva, Irina Toshmurodova kabi oliy ligada dona suradigan sportchilar, o‘nlab xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan shaxmat ustalari yetishib chiqdi.

Viloyat sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabidagi shaxmat to‘garagida murabbiylik qiladigan Nargiza Saidova 4 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga aql gimnastikasi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi.

- 4 yashar shogirdimni ham katta musobaqalarga olib yuraman, albatta, ota-onasi bilan kelishgan holda, - deydi Nargiza Saidova. - U g‘olib bo‘lishi shart emas, muhimi, jarayonni ko‘rsin, ko‘zi qotsin. Keyingi musobaqagacha unga g‘olib bo‘lish uchun nimalar qilishi kerakligini aytishim shart bo‘lmay qoladi.

Nargiza Saidova murabbiylik qiladigan to‘garakda 30 nafarga yaqin yosh shaxmatchi ham bor. Ularning hammasi viloyat chempionlari. Ayrimlari O‘zbekiston chempionatida  g‘olib va sovrindor bo‘lishgan. Shu bilan birga, Sultonbek Tursunov (2016-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida kumush medal sohibi bo‘lgan, 2017-yilda Sochida o‘tkazilgan jahon chempionatida qatnashib, 6-o‘rinni egallagan), Abdumalik Xalilov (2017 yilda Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 8-o‘rin, 2017-2018-yillarda viloyatimizda Ismat Shukurov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda 1-o‘rin), Shahzod Islamov (2018-yil Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 8-o‘rin, o‘sha yilning noyabrida Toshkent shahrida o‘tkazilgan G‘arbiy Osiyo chempionatida chempion) to‘garakning faxriga aylanib, tengdoshlari uchun o‘rnak bo‘lmoqda.

- Shaxmat - sehrli o‘yin, - deydi to‘garak a’zosi, joriy yilning mart oyida Bo‘stonliqda Yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan "Yoshlar shaxmat taxtasi" respublika turnirida 3-o‘rinni egallagan Gulhida Ilhomova. - Uni o‘ynaydigan odam, ustozimiz aytganidek, yetti o‘lchab, bir kesadigan bo‘lishi kerak.  Menga bu o‘yin mas’uliyatli bo‘lishni, to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rgatdi. Kelajakda professional sportchi   bo‘lish niyatim yo‘q, lekin shaxmat o‘ynashdan to‘xtamayman.

Bolalarning diqqatni bo‘lmay dona surishlariga qarab turib, shaxmat - insonni ulg‘aytiradi, og‘ir-bosiq qiladi, degan xayolga borasan kishi. Ular o‘zlari aytganidek, sehrli o‘yinning  sirli diyorida yurishibdi.

- Shaxmat taxtasining har bir katagida sirli olam yashiringan, - deydi Nargiza Saidova. - U kishini mushohadaga, jo‘shqin hislar girdobiga, kurash maydoniga yetaklaydi. Shaxmat o‘t-olovi yo‘q ulkan jang maydoniga o‘xshaydi. Manbalarda shaxmatni o‘ylab topishganiga besh ming yil bo‘lgan, deb yozishadi. Shuncha yildan beri 64 katakda 32 dona bilan jang qilinadi, uning muammolari cheksiz, hali hech kim adog‘iga yetmagan.

Shaxmat haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin uni bir bora o‘ynamagan, his qilmagan kishi uchun bu gaplar ahamiyatsizdek. Bu sport turiga kirishib ketish qiyin, kirishib ketgandan keyin chiqib ketish undan-da qiyin. G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq odamni yana va yana shaxmat taxtasi hamda oq va qora donalar sari yetaklayveradi.

Zebuniso NAZIROVA