Jamiyat 10.09.2019 27

O‘ZGARISHLAR NIMALARGA SABAB BO‘LADI?

Qonun ijodkorligi

Joriy yil 28-avgust kuni davlat rahbari tomonidan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun imzolanib, kuchga kirdi.

Unga ko‘ra, Oila kodeksi 15-moddasi birinchi qismiga asosan nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun bir xil, ya’ni 18 yosh etib belgilandi va bu norma 2019-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi. Maqsad - yosh qizlarning hayotda o‘z o‘rnini topish va oila qurishga tayyorgarlik ko‘rishiga imkoniyat yaratish, oila mustahkamligini ta’minlash va ayollar huquqini himoya qilishdan iborat. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, muqaddam nikoh yoshi ayollar uchun 17 yosh edi.

"Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunga yangi 53-1-modda kiritilib, unga asosan manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiyalar to‘lash manzil-koloniya joylashgan yerdagi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman, shahar bo‘limlari tomonidan tegishli pensiyalar summalarini mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkazish orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Buning uchun pensiya yoshiga yetgan va tegishli mehnat stajiga ega bo‘lgan mahkumlar ariza bilan manzil-koloniya joylashgan yerdagi Pensiya jamg‘armasining tuman, shahar bo‘limlariga murojaat qilishlari kerak.

Qayd etish lozim, shu vaqtgacha qonunchiligimizda bunday norma bo‘lmagan. Maqsad - pensiya yoshiga yetgan sudlanganlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdan iborat.

Shuni ham ta’kidlash joiz, manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan mahkumlardan boshqa ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga tayinlangan pensiyani to‘lash ozodlikdan mahrum qilingan vaqtda to‘xtatib turiladi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga "Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish" deb nomlangan yangi bob kiritildi. Bundan ayblanuvchi va sudlanuvchining surishtiruv, dastlabki tergov va suddan bo‘yin tovlashini hamda keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish va hukmning ijro etilishini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadi ko‘zlangan. Shu o‘rinda pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv e’lon qilingan ayblanuvchi va sudlanuvchi shaxsga nisbatan sud tomonidan qo‘llanilishini ta’kidlash joiz.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash va ularning huquqlarini kengaytirishga oid bir qator normalar kiritildi. Bu o‘zgarishlarga asosan mahkumlarning uchrashuv, telefon orqali so‘zlashuv, posilka va banderol olishlari ko‘paymoqda.

Masalan, umumiy tartibli koloniyalarda jazoni o‘tayotgan mahkumlar hozirga qadar yil mobaynida to‘rt marta qisqa muddatli va to‘rt marta uzoq muddatli uchrashuv, olti marta telefon orqali so‘zlashuv, oltita posilka va yo‘qlov, oltita banderol olish huquqiga ega edi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlarga binoan endi ular yil mobaynida olti marta qisqa muddatli va olti marta uzoq muddatli uchrashuv, o‘n ikki marta telefon orqali so‘zlashuv, o‘n ikkita posilka yoki yo‘qlov, o‘n ikkita banderol olish huquqiga ega bo‘ldi. Mahkumlarning sog‘lig‘i holati va ovqatlanishiga e’tibor qaratilib, bemor mahkumlarni saqlash va ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan shifoxonalar tashkil etiladigan bo‘ldi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzganlik, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganlik, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlaganlik, aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, bo‘sh ish o‘rinlarini yashirganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Jumladan, eng kam ish haqining uch baravarigacha bo‘lgan jarimalar eng kam ish haqining o‘n baravaridan yuz baravariga qadar oshirildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17-1-moddasi beshinchi qism bilan to‘ldirildi. Unga asosan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari hamda ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan, deb topiladigan bo‘ldi. Bu jarayon tegishli hujjatlar, maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali isbotlansa, ma’muriy ish tugatiladi. Shu vaqtgacha qonunlarimizda bunday norma bo‘lmagan.

Yer kodeksining 48- va 90-moddalariga kiritilgan o‘zgarishlarga asosan, yerni ijaraga olgan shaxslar uni muhofaza qilish yuzasidan, shu jumladan, sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rishi shartligi belgilandi. Fermer xo‘jaligi rahbarlari qonunning bu talabini buzsalar, tegishli javobgarlik kelib chiqadi.

Davlat rahbari 2019-yil 30-avgust kuni imzolagan "Moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunga asosan Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga o‘zgartirishlar kiritildi. Ularga asosan davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Shuningdek, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida moddiy madaniy meros obyektlari hisoblanmagan inshootlarni qurish belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan amalga oshirilishi taqiqlandi.

Prezident tomonidan shu yilning 2-sentabr kuni imzolangan "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunga ko‘ra, jabrlanuvchining sodir etilgan zo‘ravonlik yoki tahdid haqida tegishli organlarga yoxud sudga murojaat etish, bepul huquqiy maslahat, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish kabi huquqlari belgilab berildi. Qonunga asosan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy hamda ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risida ariza bilan sudga murojaat etganida davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, 2-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunni imzoladi.

Unga asosan xotin-qizlar va erkaklar davlat tomonidan kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni,  sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan,   madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanishini kafolatlaydi. Xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida haqiqiy tenglikka erishish, jamiyat hayotining barcha sohalarida ularning ishtirokini kengaytirish, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishni bartaraf etish hamda ularning oldini olish maqsadida davlat tomonidan gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘riladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi "Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish choralari kuchaytirildi.

Jumladan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining chet ellarda bir qancha vakolatxonalari ochiladigan bo‘ldi. Qariganda pensiya va uy-joy olish huquqlari borasida o‘zgarishlar kuzatildi. Chet ellarda baxtsiz hodisalarga uchragan fuqarolar diplomatik vakolatxonalar yoki agentlik buyurtmanomasi asosida bepul O‘zbekistonga olib kelinadigan bo‘ldi. Chet elga ishga ketayotgan fuqarolar ketishdan oldin Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan kasbga o‘qitiladi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019-yil 1- avgustdagi qarori bilan "Hayvonlarning egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori va shartlari to‘g‘risidagi Nizom" tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, hayvon egalaridan har bir qoramol, ot, eshak va tuya uchun O‘zbekistonda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki foizi, har bir qo‘y, echki va cho‘chqa uchun bir yarim foizi, har bir it va mushuk uchun bir foizi miqdorida to‘lov undiriladigan bo‘ldi. Ushbu tartib 2019-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari