So'nggi yangiliklar 01.08.2019 31

ODAM SAVDOSIDAN JABRLANGANLARNING 80 FOIZINI AYOLLAR VA BOLALAR TASHKIL ETADI

Aksiya

160 dan ortiq davlat odam savdosiga qarshi kurashishga oid xalqaro hamkorlikka qo‘shilganiga qaramay har yili dunyo bo‘yicha 20 milliondan ortiq inson bu illat ortidan jabr ko‘rmoqda. Ularning 80 foizini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonida  30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni munosabati bilan "Birgalikda odam savdosiga qarshi kurashamiz!" shiori ostida bo‘lib o‘tgan aksiyada shu haqda aytib o‘tildi.

Tadbir viloyat xokimligi, "Yuksalish" axborot-maslaxat resurs markazi, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi viloyat bo‘limi, ichki ishlar va madaniyat boshqarmalari, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda aholining, ayniqsa, xotin-qizlarning odam savdosi qurboniga aylanishlarining oldini olish, huquqiy savodxonligini oshirish, jabrlanganlarning Vatanga qaytishlariga hamda jamiyatda qayta tiklanib, moslashishlariga ko‘maklashish, ularga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha galdagi vazifalar aytib o‘tildi.

Ishtirokchilarga odam savdosi muammosi, chet ellarga chiqish va o‘zga davlatlarda bo‘lish qoidalari, u yerlarda norasmiy va noqonuniy ishlashning oqibatlari, ushbu jinoyatdan jabrlanganlar uchun yo‘naltirilgan axborotni o‘zida mujassam etgan bukletlar taqdim etildi.

Shuningdek, rasmlar ko‘rgazmasi, Qarshi shahridagi maktab, kollej va litsey o‘quvchilari o‘rtasida rasm chizish bo‘yicha ko‘rik-tanlov ham bo‘lib o‘tdi. G‘oliblar va ishtirokchilarga kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.

Aksiya davomida san’atkorlar, ijodiy jamoalar ogohlikka chorlovchi qo‘shiq va raqslari bilan ishtirok etdi.

Shohista BOZOROVA

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Murodulla KOMILOV olgan suratlar.