Jamiyat 27.08.2019 36

ODAMLAR SAYYOR QABULLAR SAMARASINI SEZAYAPTIMI?

Xalq bilan muloqot

Nima deb o‘ylaysiz, xalq va hokimiyat o‘rtasida devor o‘rnatilgani yaxshimi yo ko‘prik? Albatta, ko‘prik bo‘lgani har ikki tomonga manfaatli. Sir emas, uzoq yillar xalq va hokimiyatni ulkan devorlar ajratib turdi. Odamlar hokim yo kattaroq mansabdagi kishilarni deyarli ko‘rmas, ko‘rganda ham uning yaqiniga yo‘lay olmas, bordiyu, o‘ziga yarasharoq tadbirga kattalar qadam ranjida qiladigan bo‘lsa, butkul as’asayu dabdaba bilan kutib olinar, tadbir ham shunga yarasha sun’iy, hech neni o‘zgartirmaydigan ruhda o‘tardi.

Oqibatda nimaga erishildi? Natija shu bo‘ldiki, yuzma-yuz bo‘lolmagandan keyin xalq o‘z muammosini kimga aytishni bilmadi, hokimiyat vakillari esa muammolarni ko‘rmadi, ko‘rsa, ko‘rmaslikka oldi. Bunday uzilish sabab muammolar maddalab, davlat va jamiyat oldida birdaniga "davolash" mushkul og‘riqli masalalar qalqib chiqdi. Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i fermerlarni kishanlab, avtobusga qamab qo‘yishiyu, dehqonning uyiga kelib, uning oila a’zolariga zug‘um ko‘rsatishi, hokim o‘rinbosari buldozer haydab, tuppa-tuzuk imoratni buzib tashlashga urinishi va hokazolar, o‘sha, xalq bilan uzilishning, uning dardu tashvishlari bilan hisoblashmaslikning bugun ham saqlanib qolgan sarqitlari, desak xato bo‘lmaydi.

Shu ma’noda turli darajadagi rahbarlarning olis va chekka hududlarga-da borib, odamlar bilan muloqotga kirishayotganini uzilgan rishtalarni tiklashga urinish sifatida baholash mumkin. Voqelik shuni ko‘rsatdiki, ko‘zlangan maqsadga, rasmiy aytganda, islohotlar samaradorligiga xalq bilan bamaslahat ish tutmay, hisoblashmay, kengashmay, holing ne deb so‘ramay, erishib bo‘lmas ekan.

Muloqot shakllari bugun shaxsiy, virtual, sayyor va ommaviy qabullar ko‘rinishida davom etmoqdaki, barida kishilarni qiynayotgan masalalar yechim topib, joylardagi asl vaziyat yaqqol namoyon bo‘layotir. Buni birgina o‘tgan hafta davomida viloyat hokimining bir necha tumanda o‘tkazgan sayyor qabullari misolida ko‘rish mumkin.

Tafsilotlarga to‘xtalsak. Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev Chiroqchi tumanidagi Ko‘kdala mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bo‘larkan, dastlab 55 nafar boquvchisini yo‘qotgan yetim bolaga maktab formalari, qishki kiyim-bosh va o‘quv qurollari sovg‘a qildi. Qishloq aholisi bilan suhbatdan so‘ng Ko‘kdala hududiy shifoxonasi va uning qoshidagi 4-poliklinikada yaratilgan sharoitlar borib ko‘rildi.

Shu kunga qadar Ko‘kdaladagi 101 ming kishiga xizmat ko‘rsatib kelgan shifo maskani o‘tgan asrning 80-yillarida qurilgan va ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Investitsiya dasturi asosida 4 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga kapital rekonstruksiya qilingan maskanda kanalizatsiya tizimi yangilanib, doimiy suv bilan ta’minlandi, qo‘shimcha xizmat binolari qurildi. Endilikda ko‘plab yengil jarrohlik amaliyotlari shu yerning o‘zida o‘tkazilayotganidan odamlar mamnun.

Viloyat va tuman mutasaddi rahbarlari Oltinboshoq mahallasidagi 112-maktabda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ham ko‘zdan kechirdi.

Maktab 240 o‘ringa mo‘ljallangan, biroq shu kungacha bu yerda 800 dan oshiq o‘quvchi ta’lim olib kelgan. Ko‘rinib turibdiki, darslarni 3-4 smenada o‘tishdan boshqa imkon bo‘lmagan. Maktab yonida bunyod etilgan 420 o‘rinli zamonaviy bino esa ushbu   muammoni bir qadar aritadi.

Muloqot uyma-uy yurib, kishilarning yashash sharoitlari, oilaviy ahvoli bilan tanishish orqali davom etdi.

- Dehqonchilikda Chiroqchi tajribasini boshlab bergan ko‘kdalalik mirishkorlar bu yil ham ertachi tarvuz-qovundan tashqari bodring, bulg‘or qalampiri va boshqa sabzavot mahsulotlarini bozorlarga birinchilardan bo‘lib olib chiqishdi, - dedi viloyat hokimi. - Bugun keksalarning murojaati asosida ajratilgan 300 million so‘m mablag‘ hududning ichki yo‘llarini ta’mirlash va maktab o‘quvchilariga qulaylik yaratish maqsadida piyodalar yo‘laklarini qurish ishlariga sarflanadi.

Shuni ham aytish joiz, hududning tashqi va ichki serqatnov yo‘llarini ta’mirlashga o‘tgan yili ham 700 million so‘m ajratilgan edi.

Oltindalalik Hurriyat Shukurova 6 farzandning onasi. Farzandlar yosh, egizaklari hali chaqaloq. Turmush o‘rtog‘i esa jigar xastaligi bilan og‘rib, 8 marta davolanib chiqqan. O‘z-o‘zidan ro‘zg‘orni tebratishda anchagina qiyinchiliklar paydo bo‘lgan, uy ta’mirtalab holga kelib qolgan. Dehqonchilik qilay desa, suv muammo, mol boqay desa, uni sotib olishga pul kerak.

Viloyat hokimi bu yerda bo‘lib, xonadon egalari bilan gaplashdi, imkoni nimaga yetishini surishtirdi. Shunga ko‘ra, chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun xonadonga 15 million so‘m imtiyozli kredit ajratiladigan bo‘ldi.

Oltinboshoq mahallasida yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan, 3 nafar farzandi bilan yolg‘iz yashaydigan Naima Orolovaga esa uy-joyini ta’mirlash va tiklash bo‘yicha moddiy yordam berildi.

Boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashash sharoitlarini o‘rganish va amaliy ko‘mak berish Mirishkor tumanida ham davom etdi.

Obodonlik Marg‘uba Hamroyeva qizi bilan yolg‘iz yashasa-da, 6 sotix tomorqasini yashnatib qo‘ygan. Xonadon bilan tanishildi, ta’mirga ehtiyoj borligidan kelib chiqib, uyning tom qismini yopish uchun 75 dona shifer, uyga zamonaviy eshik, derazalariga esa panjara o‘rnatib berilishi bildirildi.

Shuningdek, ayzobodlik, boquvchisini yo‘qotgan D.Abilova va M.Xonqulovaga uylari tomlarini yopish uchun 60 donadan shifer beriladigan bo‘ldi, S.Sherovaning uyini ta’mirlashni esa mahalla-ko‘y o‘z zimmasiga oldi.

Viloyat hokimi har bir xonadonga borganida xonadon sohibalariga farzandlar tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish kerakligini, kelajakda bu oilalarning farzandlari a’lo baholarga o‘qib, Vatanga munosib hizmat qiladigan xaqiqiy o‘g‘il-qizlar bo‘lib kamol topishiga ishonch bildirdi.

Shuni ham aytish joizki, Mirishkor tumanida 1 sentabrgacha kam ta’minlangan 100 oilaga ehtiyojiga qarab moddiy yordam ko‘rsatilishi reja qilingan.

Dehqonobod tumanining olis qishloqlaridan biri Boyqo‘rg‘onning tabiat manzaralari shu yerdan o‘tayotgan kishini o‘ziga bir zum mahliyo etishi mumkin, biroq bu yerda doimiy hayot kechirishning o‘zi bo‘lmaydi. Tog‘li hudud bo‘lgani bois qishda ko‘p qor yog‘adi, bahor esa seryog‘in keladi. Sel suvlari ichki yo‘llar, ko‘priklarni yaroqsiz holga keltirib tashlagan. Aholining asosiy daromadi chorvadan bo‘lgani bilan ishsizlar ham anchagina topiladi, tibbiy xizmatni ham juda sifatli deb bo‘lmaydi. Ustiga-ustak elektr ta’minotidagi tez-tez uzilishlar aholi kayfiyatiga ta’sir etmasdan qolmayapti.

Hudud aholisi bilan muloqot davomida ushbu muammolarning ko‘pchiligiga yechim topilgani barchani mamnun etgani bor gap. G‘injak qishlog‘i aholisi uchun 2 kilometr asfalt yo‘l, Qo‘chqorbuloqdagi ko‘prik ta’miri uchun 5 million so‘m mablag‘ ajratilib, Nurli kelajak mahallasidagi 60 dona simyog‘och almashtiriladigan bo‘ldi.

Hududdagi bir nechta kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan ham xabar olindi. Boyqo‘rg‘on qishlog‘ilik birinchi guruh nogironi, 10 yil avval insult sabab to‘shakka mixlanib qolgan Qudrat bobo Do‘sanovdan hol-ahvol so‘ralib, nogironlik aravachasi va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Yaqin ikki yarim yildan beri turli bo‘g‘in va darajadagi rahbarlarning sayyor qabullari to‘xtovsiz davom etayapti, biroq qayerga borsangiz, muammolar qalashib yotibdi. Asablari tarang, ko‘zlarida ilinj aks etgan fuqarolar orasida yoshlardan  tortib, keksa otaxon va onaxonlarni ham uchratish mumkin. Xo‘sh, buning sabablari nimada?

Bunga Shahrisabzdagi "Beruniy" bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tkazilgan qabulda javob izlandi.

- Shuncha o‘tkazilgan sayyor qabullarda muammolar bartaraf etilmadimi, demak, nazorati to‘g‘ri olib borilmayapti, mas’ullar e’tiborsizlik bilan qarayapti, - dedi viloyat hokimi. - Endilikda, sektor rahbarlarining natija bermaydigan,  xalqning dardini yechmaydigan, ular o‘rtasida davlatga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishga olib keladigan saviyasiz qabullar o‘tkazishi taqiqlanadi. Sayyor qabullarni nazorat qilish kengashi tashkil etiladi.

Haqiqatan ham, qabulga kelgan fuqarolarning 26 nafari bir necha bor sektor rahbarlari qabulida bo‘lganliklari, hali ham muammosi ijobiy hal etilmaganini ma’lum qildi.

- Yil davomida yugurib-yelib faqat bugun eshitish moslamasi oldim, - deydi shamatonlik Komila Qobulova. - Shuningdek, ko‘pdan buyon qizim orzu qilib yurgan yangi zamonaviy tikuv mashinasi ham bugunning o‘zida topshirilgani bizni juda quvontirdi.

Qabulda 307 nafar fuqarodan jami 196 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 64 tasi shu joyning o‘zida hal etildi. 113 tasi bo‘yicha shartli muddatlar belgilangan bo‘lsa, 19 ta murojaat joyiga borib o‘rganilganda, hech qanday asosga ega emasligi aniqlandi. Masalan, shahrisabzlik Sh.D. ismli ayol yer so‘rab murojaat qilgan. Holat o‘rganilganda, tuman hokimligi tomonidan berilgan yerni fuqaro o‘z maqsadlari yo‘lida sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Navbatdagi muloqot Nishon tumanidagi Talimarjon shaharchasida tashkil etildi. "Obod markaz" dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar sifati bilan tanishilib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ehtiyojmand oilalar farzandlariga kuz-qish mavsumi uchun issiq kiyimlar tarqatildi.

Shuningdek, viloyat hokimi Qarshi tumanidagi "Lt Textile International" xorijiy korxonasi faoliyati bilan qizivib, 2-bosqich investitsiya loyihasini bajarishdagi muammolar - elektr energiyasi, gaz va suv masalasi tez muddatda hal etilishini bildirdi. 

Umuman olganda, viloyat va tuman mutasaddilarining sayyor qabullari va shu kabi xayrli ishlar butun voha bo‘ylab davom etmoqda. Maqsad aholining turmush farovonligini oshirish, yashash sharoitini yaxshilashga qaratilganki, bu tadbirlarning aynan Mustaqilligimizning 28 yilligi bayrami oldidan tashkil etilayotgani bayramga munosib tuhfa bo‘lishi barobarida kishilar kayfiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga o‘ziga xos ulush bo‘lib qo‘shilayapti.

N.XO‘JAYEV