Ma'naviyat 06.08.2019 40

ODAMLAR ZIMMASIDA QANDAY AMALLAR BOR?

Bilib qo‘ygan afzal

Odamlar zimmasidagi amallar sakkiz qism bo‘lib, farz, vojib, sunnat, mustahab, muboh, harom, makruh, mustakrah ko‘rinishida bo‘ladi. Ularning ba’zilarini bajarish, ba’zilarini esa bajarmaslik shart. Yana ayrimlarini qilish-qilmaslik ixtiyoriy.

Farz - Alloh taolo buyurgan amal bo‘lib, uni qilgan kishi savob topadi. Uzrsiz bajarmagan esa gunohkor bo‘ladi. Uning zarurligiga ishonmagan kofir va imonsiz sanaladi.

Farz amali qaysi holatlarda ko‘rinadi?

- Alloh taologa imon keltirish, besh vaqt namozni o‘qish, Ramazon   oyida har kuni ro‘za tutish, zakot berish va Haj qilish.

Vojib - islom dinida bajarilishi shart bo‘lgan amal. Uni bajargan kishi savob oladi, bajarmaganlar gunohkor bo‘ladi. Vojib amalga ishonmagan kishi kofir va imonsiz bo‘lmasa ham, katta gunohga botadi.

Qanday amallar vojib amalga kiradi?

- Vitr namozini o‘qish, hayit namozlarini o‘qish, sadaqa va fitr berish, qurbonlik so‘yish, Qur’ondan sajda oyatlari o‘qilgan paytda sajda qilish kabilar.

Sunnat - Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom qilgan amallari. Sunnat amalini qilgan kishi savob topadi. Qilmagan kishi gunohkor bo‘lmasa-da, qiyomat kuni malomatga qoladi, Payg‘ambarimiz shafoatlariga loyiq bo‘lmaydi.

Sunnat amali nimalarda ko‘rinadi?

Yaxshi ishlarni "Bismillahir rohmanir rohim", deya boshlash, salom berish, Qur’on o‘qishni "A’uzu billahi minash shaytonir rojim" so‘zlari bilan boshlash va hokazo.

Mustahab - Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ba’zan bajargan va ba’zan bajarishni lozim ko‘rmagan amaldir. Uni qilgan kishi savob topadi. Ammo qilmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Qiyomat kuni azob va malomatga ham qolmaydi.

Mustahab amaliga qanday yumushlar kiradi?

- Nafl namoz o‘qish va nafl ro‘za tutish, nafl sadaqa berish va doim tahoratli yurish kabilar.

Muboh - shunday amalki, qilinsa ham, qilinmasa ham durust bo‘laveradi. Undan kishi savob ham, gunoh ham topmaydi. Qilish-qilmaslik bandaning ixtiyoridadir.

Qanday amallar mubohga misol bo‘ladi?

- Halol taomlarni yeyish, halol ichimliklarni ichish, o‘tirish, turish, yurish va zararsiz so‘zlarni so‘zlash.

Harom - dinimizda qat’iy taqiqlangan amaldir. Uni qilgan kishi qattiq gunohga botadi, uni halol, deguvchilar kofir va imonsiz hisoblanadi.

Qanday ishlar harom qilingan?

- Nohaq odam o‘ldirish, odamzodga va hayvonotga zulm qilish, g‘iybat qilish, o‘g‘rilik, yolg‘onchilik, aroqxo‘rlik va zinokorlik kabi ishlar.

Makruh - islom dini taqiqlagan amal. Makruhni qilmagan kishi savobga qoladi, qilgan kishi esa azoblanishi mumkin. Uni qilgan kishi kofir bo‘lmasa-da, gunohga botadi.

Makruh amal nimalarda ko‘rinadi?

Masjidga tuflash, (fahsh) nag‘malarga quloq solish, odobsiz she’rlarni kuylab hofizlik qilish, odamlar ichida masxarabozlik qilish, uyatsiz she’rlarni bitish kabilar makruh amallardir.

Mustakrah - shunday amalki, uni qilgandan ko‘ra qilmagan yaxshiroqdir. Qilgan kishi gunohkor sanalmasa-da, odobsiz bo‘ladi. Qiyomatda azobga qolishi mumkin.

Mustakrahga qanday amallar kiradi?

- Taomni katta-katta yeyish, bozorda, ko‘chada ovqatlanish, baland ovoz bilan kekirish va hayqirib esnash kabilar.

Amallarning yaxshi-yomonini    farqlab, ularga rioya qilish faqat foydaga xizmat qiladi.

Azamat USMONOV,

Kasbi tumanidagi "Fazli" jome masjidi imom-xatibi