Jamiyat 07.06.2019 133

OILAVIY ZO‘RAVONLIKKA UCHRAYOTGAN AYOLLAR

Ijtimoiy himoya

OILAVIY ZO‘RAVONLIKKA UCHRAYOTGAN AYOLLAR

himoyasi uchun nimalar qilinmoqda?

Qarshi shahar Shayxali mahallasida yashovchi vaqtincha ishsiz X.G‘. muttasil spirtli ichimliklar iste’mol qilishi oqibatida turmush o‘rtog‘i A.I.ni har kuni kaltaklab, huquqini poymol etib, bir necha bor tan jarohatlari yetkazgan edi.  Oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan A.I. ichki ishlar profilaktika inspektoriga murojaat qilishga urinsa-da, andisha qilib shashtidan qaytdi. Buni ko‘rib-bilib turgan yon qo‘shnisi mahalla faollariga voqeani aytib berdi. Qo‘shnining murojaatiga asosan Qarshi shahar IIO FMB 4-sonli IIB ma’muriy hududi xodimlari Shayxali mahallasi faollari hamkorligida X.G‘. bilan profilaktika ishlari olib boradilar. Muntazam o‘tkazilgan suhbatlar va tushuntirishlar natijasida ayni paytda X.G‘. ichkilikbozlikdan qutulish yo‘liga kirdi. Ayniqsa, uning ish bilan ta’minlanganligi  oilaviy janjallarning barham topishida muhim rol o‘ynadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har uchta ayolning bittasiga hayoti davomida umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi.  Ayollarni  o‘ldirgan qotillarning 38 foizi ularning turmush o‘rtoqlari yoki birga yashaydigan hamrohlaridir. Biroq  zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarning 42 foizigina muammo haqida ochiq so‘zlaydi.

Nima uchun oilaviy zo‘ravonlikka barham berish qiyin? Buning sabablarini tahlil qilganda, mentalitetga xos xususiyatlarni e’tibordan qochirmaslik lozim. O‘zbek oilalarida shaxsiy hayot, oilaviy sir muqaddas va  xalqimiz bu ma’noda ancha konservativ hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘pchilik holatlarda oiladagi zo‘ravonlik oiladan tashqariga chiqmaydi.

O‘zbek oilalari odatda ko‘p a’zolik, ya’ni nafaqat er va xotin, balki ularning qarindoshlari ham munosabatlar zanjirida muhim rol o‘ynaydi.  Qaynona, qaynota va boshqa qarindoshlarning oiladagi kelinga zulm qilishi, uning so‘zsiz bo‘ysunishini, hech qanday imtiyozlar talab qilmasligini istashi yoki ota-onaning farzandga, kelinlarning betob qaynona yoki qaynotaga bosim o‘tkazishi kabi holatlar kuzatiladi. Afsuski, ana shu vaziyatlar aksar hollarda javbrlanuvchining o‘z joniga qasd qilishiga yoki oxirgi, kritik nuqtaga yetib borguncha zulmga bardosh berib, jiddiy tan jarohatlari, ruhiy zarbalar olishiga, sog‘lig‘ini tiklanmas darajada yo‘qotishiga sabab bo‘ladi.

Qolaversa, jamiyatda birovning oilaviy ishiga aralashmaslik, o‘z tinchini o‘ylash, muammoga beparvolik holatlari mavjud. Oilaviy zo‘ravonlik nazoratdan chiqib, muammo kattalashgach, qilingan murojaatlar ko‘pincha uchastka noziri yoki mahalla fuqarolar yig‘inida tezda yopiladi, sabablar o‘rganilmaydi, faqat o‘sha vaziyatning o‘zigagina taalluqli, vaqtinchalik choralar bilan cheklanib qolinadi. Natijada muammo yanada chuqurroq ildiz otib boraveradi. Achinarlisi, ko‘pincha jabrlanuvchi ishni javobgarni jazolashgacha olib bormay, da’vosini qaytarib oladi. Jazolanmagan jinoyatlar esa yana takrorlanaveradi.

Boshqarib bo‘lmaydigan, kishi hayotiga xavf tug‘diradigan, uni o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazadigan oilaviy zo‘ravonlik katta ijtimoiy muammoga aylanib bormoqda. Buning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni hamda sohaga oid boshqa qonun hujjatlariga asosan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor  lavozimi joriy etildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2018-yil 2-iyuldagi "Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida hududlarda ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari tashkil etildi.  Ularning asosiy vazifasi zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish, ijtimoiy hayotda qiynalgan, oila a’zolari yoki boshqa shaxslar tomonidan qiynoqqa solinib kelinayotgan xotin-qizlarni aniqlab, ular tomonidan yoki ularga nisbatan kelgusida salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish choralarini ko‘rishdan iborat. Shuningdek,  notinch oilalar va nikohsiz, sha’riy nikoh yoki ikki-uch xotin bo‘lib yashayotgan oilalarni aniqlash hamda ular tomonidan kelgusida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida muntazam ravishda profilaktik  chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. 

Hududimizga Qarshi shahridagi 19 ta mahalla qamrab olingan bo‘lib, uzluksiz ishlab turgan "1146" qisqa raqamli ishonch telefoniga maishiy zo‘ravonlik jabrdiydalaridan turli murojaatlar bo‘lib turibdi. Mutaxassislarimiz esa ularning murojaatlarida ko‘rsatilgan muammolarini hal etib, hayotini o‘nglab olishga yaqindan ko‘maklashmoqda.

Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi, "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, ayollar maslahatxonasi va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlarga bo‘lgan murojaatlarning tahlili asosida ishlab chiqilgan loyihaning hayotga tatbiq qilinishi yuqorida qayd etilgan muammolar  barham topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ortiq HAMIDOV, 

 Qarshi shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-son IIB huzuridagi tergov bo‘limi boshlig‘i

Mohigul KENJAYEVA,

bo‘limning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori