Tibbiyot 10.09.2019 29

OITS haqida hamma biladiyu, kasal yuqtirayotganlar soni kamaymayapti. NEGA?

Salomatlik

OITS (SPID) kasalligi haqida juda ko‘p eshitamiz. Darhaqiqat, targ‘ibot ishlari kuchidan ushbu bedavo xastalikka chalinish sabablari va uning oqibatlari borasida deyarli barcha kishilar ma’lum tushunchaga ega. Shunga qaramay, kasal yuqtirayotgan insonlar soni kamayib qolayotgani yo‘q. Demak, bu borada hali ko‘p ishlash zarur.

OIV - odam immunitet tanqisligi virusi bo‘lib, inson organizmidagi immun (himoya) tizimi hujayralarini yemiradi. Natijada OIV bilan zararlangan inson organizmining himoyalanish qobiliyati keskin pasayib ketib, turli xil yuqumli va o‘sma kasalliklariga qarshi kurashish qobiliyatini yo‘qotadi.

Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) - ikkilamchi immunitet tanqisligi natijasida opportunistik infeksiyalar, xavfli o‘smalar rivojlanib, asab tizimini izdan chiqaruvchi OIV infeksiyasining so‘nggi (terminal) bosqichidir. Hozirgi vaqtda OIV uchta yo‘l bilan yuqishi tasdiqlangan:

jinsiy aloqa orqali;

parenteral yo‘l bilan - OIVga tekshirilmagan qon va uning komponentlarini quyganda, organ va to‘qimalarni ko‘chirishda, ekstrakorporal urug‘lantirish o‘tkazilganda, bir marta ishlatiladigan tibbiy shprits va ignalar, infuzion eritmalarni quyishda ishlatiladigan sistemalar qayta ishlatilganda, sterillanmagan tibbiyot anjomlari (ginekologik, stomatologik, jarrohlik va  boshqalar)dan foydalanilganda, shuningdek, giyohvand moddani tomir ichiga inyeksiya orqali qabul qilishda boshqa shaxs ishlatgan vositalarni ishlatganda;

vertikal yo‘l bilan - OIV infeksiyasi onadan homilaga homiladorlik davrida jarohatlangan yo‘ldosh orqali (transplatsentar), tug‘ish paytida (intranatal) va emizishda (postnatal) yuqadi.

Mamlakatimizda OIV infeksiyasining yuqish xavfini kamaytirish maqsadida muntazam sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, axloqan pok bo‘lish, tibbiy muolajalar olish zaruriyati tug‘ilganda faqat steril, bir marta ishlatiladigan instrumentlardan foydalanish,  tekshirilmagan qon va qon mahsulotlari quyilmasligi, umumiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, kosmetik muolajalarda steril instrumentlardan, shaxsiy gigiyena vositalaridan  foydalanish talab etiladi.

Bugungi kunda kasallikning jinsiy yo‘l bilan yuqishiga ta’sir o‘tkazish ancha murakkab bo‘lmoqda, buning oqibatida kasallik kundan-kunga ko‘payib, homiladorlarda va hatto nikohlanuvchilar o‘rtasida oldingi yillarga nisbatan bir necha marta ko‘p ro‘yxatga olinmoqda.

Bir misol. M.A. ismli ayol homiladorligi bo‘yicha birlamchi tibbiyot muassasasi - QVP tomonidan xisobga olinadi. U tekshirilgan vaqtda OIV infeksiyasi aniqlanadi. Viloyat OITSga qarshi kurash markazi mutaxassislari tomonidan epidemiologik surishtiruv olib borilganda, ayolning turmush o‘rtog‘i mehnat migranti sifatida chet elda ishlab yurgan vaqtida OIV infeksiyasini yuqtirib oilasiga qaytgani va tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan turmush o‘rtog‘iga ushbu infeksiyani yuqtirgani ma’lum bo‘ldi.

Unutmaslik zarurki, hech kim yoshidan, kasbidan, millatidan, irqidan qat’i nazar OIV/OITSdan himoyalanmagan! Salomatlik inson uchun eng bebaho boylik ekan, uni asrab-avaylash faqatgina o‘zimizga bog‘liq. OIV va OITS kasalliklaridan nafaqat oila a’zolarimizni, balki butun jamiyatni  saqlab qolish uchun hamisha profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, ogoh va hushyor bo‘lmoq darkor.

SH.MADATOV, 

viloyat OITSga qarshi kurash markazi bosh vrach o‘rinbosari

Z.NIKBAYEVA,

markaz vrach-metodisti