Ta'lim 20.12.2018 55

OKTABR RAHIMOV

Fan va innovatsiya

OKTABR RAHIMOV

- "Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi" tanlovi g‘olibi

O‘zbekiston Respublikasining "Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq, har yili oliy ta’lim tizimida yuqori malakali pedagog kadrlarni aniqlash va taqdirlash, ularning faoliyati nufuzini yanada oshirish, o‘qitishning innovatsion texnologiyalarini keng ommalashtirish, pedagogik faoliyatda sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish, oliy ta’lim muassasalari pedagoglarining kasbiy ravnaqini rag‘batlantirish va mahoratini oshirish maqsadida "Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi"  tanlovi o‘tkaziladi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali dotsenti, texnika fanlari nomzodi Oktabr Rahimov 2018-yilda o‘tkazilgan ushbu tanlovning respublika bosqichida hayotiy faoliyat xavfsizligi ta’lim sohasi bo‘yicha "Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagog" nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Oktabr Rahimov mehnat faoliyatini 1981-yilda (sobiq Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali) hozirgi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida yosh mutaxassis sifatida assistent lavozimidan boshlagan. Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida turli lavozimlarda ishlagan. Hozirda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida "Hayot faoliyati xavfsizligi" fanidan dars beradi. Oliy ta’lim a’lochisi, Turon fanlar akademiyasi akademigi. Faoliyati davomida 200 ga yaqin ilmiy-uslubiy ishlari, darslik va monografiyalari chop etilgan. Ixtirolari uchun 9 ta patent va mualliflik guvohnomasiga ega.

Ayniqsa, muallifning innovatsion pedagogik texnologiyalarga oid "Zamonaviy ta’lim texnologiyalari", "Ta’lim sifati va innovatsion texnologiyalar" nomli monografiyasi, "Innovatsion pedagogik texnologiyalar", "Oliy ta’limda masofaviy o‘qitishni tashkil etish", "Innovatsion pedagogik texnologiyalar: loyihalar uslubi - ta’lim sifatini oshiruvchi texnologiya sifatida" kabi o‘quv va uslubiy qo‘llanmalari iqtidorli yoshlar va olimlar uchun asqatayapti.

Shuningdek, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim  muassasalari uchun nashrdan chiqarilgan "Mehnatni muhofaza qilish" nomli o‘quv qo‘llanmasi, "Hayot faoliyati    xavfsizligi" va "Mehnatni muhofaza qilish" fanlaridan ma’ruza matnlari to‘plamlari respublikadagi barcha turdosh oliy o‘quv yurtlari uchun muqobil o‘quv qo‘llanma sifatida tavsiya etilgan. Shuningdek, joriy yilda nashr etilgan "Hayot faoliyati xavfsizligi. Ekologiya" nomli darslik hamda "Mehnatni muhofaza qilish" nomli o‘quv qo‘llanmasi kurs ishlari, bitiruv  malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlashda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Oktabr Rahimov fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish, yirik korxonalar muhandis-texnik xodimlarini "Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi" bo‘yicha o‘qitish va ularning bilimini sinovdan o‘tkazish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

  "Yangi g‘oya. Investitsiya. Innovatsiya" fondi tomonidan talaba va magistrlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan 2017-2018-yillar uchun "Yangi innovatsion g‘oyalar" tanloviga uning rahbarligida iqtidorli talabalar tomonidan 4 ta istiqbolli loyiha taqdim etilgan.

U yaratgan hfxraximov.uz sayti respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ichida birinchilardan bo‘lib aniq bir fan - "Hayot faoliyati xavfsizligi" fanidan yaratilgan shaxsiy veb-sayt hisoblanadi.

Ayni damda muallif 2018-2019-yillarga mo‘ljallangan Davlat ilmiy texnik dasturlari doirasida "O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga "Talaba portfoliosi" innovatsion pedagogik texnologiyasini joriy etish" mavzusidagi amaliy loyihada katta ilmiy xodim sifatida ishtirok etmoqda. Shuningdek, sentabr oyida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan e’lon qilingan Jahon bankining Akademik innovatsiyalar fondi doirasidagi "O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni modernizatsiya qilish" loyihasi bo‘yicha tanlovda umumiy qiymati 120 ming AQSH dollari bo‘lgan loyiha bilan qatnashib, tanlovning 1-bosqichidan muvaffaqiyatli tarzda o‘tdi.

S.ALLAYOROVA