Madaniyat 28.06.2019 78

OLISLARNI QO‘SHIQ AYTIB KO‘ZLAGAN BAXSHI

Oltin meros

Baxshichilik faqatgina qalblarni rom etuvchi musiqiy san’at emas, balki butun bir falsafadir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, baxshi nafaqat shoir va ijrochi, balki tabib,  urug‘ sardori sifatida xalq orasida aziz.

Ana shunday aziz insonlardan biri Azim baxshi Xo‘jayev bundan roppa-rosa 90 yil oldin Chiroqchi tumanidagi "Chiyal" jamoa xo‘jaligi To‘qmor qishlog‘ida tug‘ilgandi. Otasi Xo‘ja bobo donishmand, yangilikka intiluvchi odam bo‘lib, uyida maxsi-kovush, qovg‘a tikish jarayonida xalq dostonlaridan xirgoyi qilib turar edi. Otasi aytgan dostonlaru termalar yosh Azimning murg‘ak qalbida muhrlanib qolgan ekanmi, kelajakda butun hayotini shu san’at turiga bag‘ishladi.

Dastlabki ta’limni Chiyaldagi boshlang‘ich maktabda olgan. Azim o‘z tengqo‘r do‘stlari bilan o‘qishga borish va o‘qishdan qaytish chog‘larida xalq dostonlaridan aytishib, bulbulday sayrashgan. Bu orada ko‘pchilikning qalbiga bitmas-tuganmas jarohatlar solib urush boshlanib ketdi.  Ayollardan birining eri, boshqasining eng yaqin jigarbandi urushda halok bo‘lgan, ko‘pchilikning dili xufton bo‘lib yurgan vaqtlarida yosh Azim dostonlar aytib, oz bo‘lsada ularga yupanch, dalda bo‘lgan.

Urushdan keyingi yillarda kitoblik Abdulla shoir Nurali o‘g‘li hayot taqozosi bilan Chiyalidagi mashhur Payshanba bozoriga tez-tez kelib turar, Azimning otasi Xo‘ja bobo bilan yaqindan tanishgan edi. Kitoblik ijodkor Xo‘ja boboning taklifi bilan ko‘pincha ularnikida qolib, doston kuylar va barchani xushnud etardi. Shoirning bulbuldek xonish qilishi yosh baxshini sehrlab qo‘ygan, shoirga va xalq dostonlariga mehr-muhabbatini yanada oshirgandi. Yosh Azim Abdulla shoirni o‘ziga ustoz sifatida bilib, o‘gitlariga og‘ishmay amal qildi. Xo‘ja boboning kitoblik do‘sti juda kamtarin inson bo‘lsa-da, do‘mbira chertishga kelganda shogirdidan qat’iylik talab qilardi.

  Keyinchalik yosh Azim Qaynar qishlog‘iga tez-tez borib baxshichilik sirlarini o‘rgana boshladi. Ustozi unga so‘z ham, soz ham, baxshi ovozi ham birdek g‘amgin, yo shodon, yo sho‘x, yo sokin - bir-biriga mos bo‘lmog‘i shart deb uqtirardi. Bu o‘gitlarga amal qilib, bo‘lajak baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh, Islom shoir, Pulkan shoir kabi o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namoyandalarining hayoti va ijodini chuqur o‘rgandi. Izlanishlari samarasi o‘laroq  qaynoq hayotdan olingan taassurotlardan termalar tuzadigan va ularni qiyomiga yetkazib aytadigan bo‘ldi. Qo‘li do‘mbiraga ancha kelishib qolganda esa xalq dostonlarini sozga solib kuylay boshladi. U qishloqma-qishloq yurib odamlar qalbiga o‘z qo‘shig‘i bilan kirib bordi.

Uning termalarida Vatan, mehr-muhabbat, halol mehnat ulug‘lanib, o‘lkamizning betakror  shukuhi, xalqimizning fidoyiligi madh etila bordi.

Harna dedim eli-yurtni kuyladim,

Bedov minib uloq chopib to‘yladim.

Yoronlar-ov yaxshilikni o‘yladim,

Haqiqatni so‘ylab kelgan baxshiman.

Azim shoirning dehqonobodlik Qodir baxshi Rahimov bilan tanishuvi va bir umrga qalin do‘st bo‘lib qolishi uning baxshichilik yo‘lida muhim rol o‘ynadi. Oliy dargoh ta’limini olgan, katta-kichik davralarda terma kuylab baxshichilik mahorati oshgan Qodir baxshidan baxshichilik sirlarini o‘rgandi. Ular bir-birlarini hurmat qilar, do‘stlar o‘rtasida o‘zaro bordi-keldi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Qodir baxshi Chiyalga ko‘p taklif etilar, har kelganida dastlab Azim shoirnikiga kelib, ahvollashib, keyin ikkalasi to‘yga borishar, to‘yni qizitib odamlarni xushnud etishardi. Qodir baxshi "Alpomish", "Go‘ro‘g‘li", "Yusuf va Ahmad" dostonlaridan aytib, sal toliqqanda navbatni Azim shoirga berardi. Azim shoir esa Qodir baxshi dostonning qayeriga kelib to‘xtagan bo‘lsa, shu yeridan davom ettirib ketardi.

Ko‘plab dostonlarni yoddan bilgan.

Bu zabardast baxshilar hayotda uchraydigan ijobiy va salbiy ko‘rinishlar haqida ham aytishuvlar qilishgan. Afsuski, ular o‘rtasidagi bunday aytishuvlar magnit lentalariga yozib olinmagan. Ulardan qisqagina ushbu aytishuv qolgan, xolos:

Qodir baxshi:

Nima kerak do‘stim birovga kulmoq,

Bittasi daryodir, bittasi ko‘lmak.

Biz ham odamzotmiz, odam zotidan

Nasib etarmikan daryoday bo‘lmoq.

Azim shoir:

Qashqani Amudan sira kam dema,

Sozni ushlab  alvon-alvon kuyladik.

O‘nutmaydi el-yurt bizni, g‘am yema,

Olislarni qo‘shiq aytib ko‘zladik.

Baxshi hayotida esda qolarli voqealar ko‘p bo‘lgan. 1980-yilda Qashqadaryoda paxta yig‘im-terimi rejasining bajarilishiga bag‘ishlangan hosil bayramiga Azim shoir ham taklif etildi. O‘sha davrdagi viloyat rahbari Ro‘zmat G‘oyipov shoirni o‘ziga yaqin olib, hurmatini joyiga qo‘ygan.  Ro‘zmat G‘oyipov "Qani, Azim og‘a, Vatan haqida kuylab bering" deganda  Azim shoir jonim bilan deb o‘zining "Qashqadaryom" degan she’rini aytib bergan:

Ta’rifing olamga doston,

Nomga boysan Qashqadaryo.

Cho‘llaringda don yaratib,

Nonga boysan, Qashqadaryo.

Shu yerning o‘zida viloyat rahbari Azim shoirni "Moskvich" mashinasi bilan mukofotlaydi.

Chiroqchi - baxshilar diyori. Do‘mbira tilga kirganda tog‘lar entikadi, osmon elanadi, maysalar uzra nurday yonib ohang yuguradi. Azim shoirning badihago‘lik mahorati, baxshichilik salohiyati o‘zi bilan zamondosh bo‘lgan har qanday iqtidorli baxshi-shoir bilan aytishuvga qodirligi borasida yaqqol namoyon bo‘lar edi. Uning termalaridagi o‘ynoqi tashbehlar jilosi, fikran teranlik, jo‘shqinlik, salmoqlilik, sodda va o‘tkirlik odamlarni o‘ziga jalb etgan. Bunga uning shahrisabzlik mashhur Zohir shoir Qo‘chqor o‘g‘li bilan xalq oldidagi aytishuvi misol bo‘la oladi.

Zohir:

Zorlanib, zarqo‘noqdan tong otadi.

Kun chiqsa, Toshqo‘rg‘onda kim yotadi?

Aytishuvla tanishaylik Azimboy,

Indamay turaversak kun botadi.

Azim:

Go‘ro‘g‘lidek tor olar mard g‘ayiri,

Kelgan deydi Shahrisabzning Zoiri,

Kecha bo‘lsa tong ottirish qiyinmi?

Kun chiqqancha kuylar jirov-shoiri.

Xalqimizda "Eshikdan oqqan ariqning qadri yo‘q" degan maqol bor. 1993-yil 3- oktabrda vafot etgan Azim shoir ariq emas, ulkan daryo bo‘lib Chiyalining qoq o‘rtasidan oqib o‘tgan ekan. Bu uning vafotidan keyin yaqqol sezila boshlandi. Davralarda uning o‘rni bilinib qoldi.

Azim baxshi Xo‘jayevdan ko‘plab shogirdlar qoldi. Ularga xalq og‘zaki ijodi durdonalariga hurmatda bo‘lish, ijrochilik mahoratlarini oshirish sirlarini puxta o‘rgatdi. O‘g‘li Yodgor baxshi esa  ota izidan borib, baxshilar sulolasini yaratishdek ulkan orzu va ezgu o‘ylar bilan qo‘liga soz olib el ko‘nglini shod etib kelayotir.

Dono xalqimizda "Ot o‘rnini toy bosar" deganlaridek, Yodgor baxshidan padari buzrukvori Azim shoirday mashhur baxshining ruhini shod etib, uning do‘mbirasini qo‘liga olib, yangi-yangi termalar yaratib xalqimizning yaxshi kunlarida, xalq sayillarida jo‘shib kuylashiga ishonib yashaymiz.

Norqizil KENGBOYEV.