Ta'lim 09.07.2019 27

OLIY MA’LUMOTLI KADRLARGA EHTIYOJ YUQORI

Qaror va ijro

OLIY MA’LUMOTLI KADRLARGA EHTIYOJ YUQORI

8 tuman maktablari uchun maqsadli qabul ko‘rsatkichlari belgilandi

2019/2020-o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqib, davlat granti doirasida xalq ta’limi sohasida oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun maqsadli qabul ko‘rsatkichlari belgilandi.

Bunda respublikaning 9 ta hududidagi 48 ta tuman (shahar)ning olis, chekka va tog‘li hududlarida joylashgan maktablarni oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash yuzasidan maqsadli qabul uchun jami 815 ta o‘rin ajratilishi ko‘zda tutilib, ularning 140 tasi viloyatimizning Kitob, Dehqonobod, Chiroqchi, Muborak, Mirishkor, Yakkabog‘, Qamashi, Shahrisabz tumanlariga tegishli.

Ma’lumot uchun, yangi o‘quv yilida mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda bir qancha yangiliklar joriy etildi. Jumladan, Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lganlar uchun umumiy qabul kvotasi doirasidan tashqari, shuningdek, nogironlar uchun ham alohida kvota ajratildi. To‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga o‘z xohishlariga ko‘ra kontrakt to‘lovini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash, magistraturada faqat turdosh emas, istagan yo‘nalishda o‘qish, rektorlarga to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash huquqi berildi.

N.XO‘JAYEV