Iqtisodiyot 27.08.2019 30

ONA QO‘ZIQORIN YETISHTIRSA, QIZI TO‘YAQUSH BOQMOQDA

Harakatda - barakat

Ko‘pgina davlatlarda tuyaqush boqish parrandachilikning serdaromad sohalaridan biriga aylangan. Buning asosiy sabablaridan biri esa uning go‘shti parhezbopligi, pati, terisi va hatto tirnoqlaridan olinadigan xom ashyo qimmatbaholigidadir.

Tuyaqush go‘shtida xolesterin juda kam. Qon-tomir, oshqozon-ichak kasalliklarida, infarkt, insultning oldini olishda juda foydali. U immunitetni mustahkamlashda, qon bosimi ko‘tarilishi va tushishi, allergiya, astma kabi qator kasalliklarni davolashda qo‘l keladi.

Shuningdek, tuyaqush terisidan qimmatbaho kiyimlar, qo‘lqop, poyabzal, hamyon va sumkalar tikilsa, tirnog‘idan brilliant va olmosni qayta ishlashda qo‘llaniladigan kukun, patidan esa par yostiqlar, ayollar uchun sharf va boshqa kiyim-kechaklar tayyorlanadi.

Mana shu jihatlar kishilarda tuyaqush boqish faoliyati bilan shug‘ullanishga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda. Bugun viloyatimizda ham ushbu parranda turini parvarishlayotgan oilalar, tadbirkorlik subyektlari ko‘p.

- O‘z xonadonimizda Afrika qora tuyaqushlarini parvarishlayapmiz. Bu ishga qiziqishimga ota-onam sababchi bo‘ldi, - deydi Mirishkor tumanilik Ruqiya Egamova. - Ularning maslahati va bevosita ko‘magi bilan shu faoliyatni boshladik. Sarmoya uchun "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasining tuman filialidan 100 million so‘m imtiyozli kredit olganmiz. Bu mablag‘ hisobidan kerakli shart-sharoitlarni hozirladik va    8 ta tuyaqush olib keldik.

Tadbirkor qizning ta’kidlashicha, Afrika qora tuyaqushlari 50 yil yashaydi va kamida 30-35 yil tuxum beradi. Bir oyda bitta tuyaqush 10-15 ta tuxum qo‘yadi. Laboratoriya sharoitida barcha tuxumlarini ochirish mumkin. Inkubatorda 40, tabiiy sharoitda 60 kunda jo‘ja tuxumni yorib chiqadi. Atigi ikki haftada mahalliy sharoitga moslashadi.

E’tiborli jihati, ushbu oilada yangi, noodatiy sohalarga bo‘lgan qiziqish kuchli. Misol uchun, oila bekasi Husniya Ravshanova bir necha yildan buyon qo‘ziqorin yetishtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

- Qo‘ziqorinni xonadon sharoitida hamma vaqt yetishtirish mumkin, - deydi u. - Ammo bizda bu mahsulot asosan qish va bahor oylari xaridorgir bo‘ladi. Shunga ko‘ra, sentabr-aprel oylari oralig‘ida shu ish bilan shug‘ullanamiz. Bu ish ko‘proq e’tibor talab qiladi, ammo unchalik qiyin emas. Tuproq to‘ldirilgan xaltalarga qo‘ziqorin urug‘ini tashlab, nam-likni ta’minlagan holda kerakli haroratda parvarishlasangiz bo‘lgani. Shu usul bilan bir mavsum davomida o‘rtacha 3 tonnagacha qo‘ziqorin yetishtirib, 40-45 million so‘m atrofida daromad olayapmiz.

Ha, izlanish, intilish, mehnat qilish oila farovonligini ta’minlovchi eng muhim omillardan biridir. Buni mirishkorlik ushbu oila hayoti misolida ham ko‘rdik. Shunchaki ularga havas qilish, uddaburonligini o‘rganish kerak, xolos. Ana shunisidan manfaat bo‘ladi.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.