Madaniyat 28.06.2019 189

“OPEN AIR. SAHRO SIMFONIYASI" QARSHI VA SHAHRISABZDA

Musiqiy loyiha

Qarshi shahrida simfonik orkestrning jonli konserti hamda san’at ustalari va yosh san’atkorlarning chiqishlarini o‘zida mujassamlashtirgan "OPEN AIR. SAHRO SIMFONIYASI" musiqiy loyihasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi va viloyat hokimligi hamkorligida amalga oshirilgan musiqiy dasturni tomosha qilish uchun nafaqat san’at shinavandalari, balki keng jamoatchilik vakillari ham yig‘ildi.

Konsert dasturi o‘tkazilgan maydonda o‘rindiqlar o‘rnatilib, sahna musiqiy chiroq uskunalari bilan bezatildi, shahar manzaralarini aks ettiruvchi vizual ekranlar qurildi. Shuningdek, viloyatimiz o‘ziga xosligini namoyish etuvchi o‘tovlar o‘rnatilib, hunarmandlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

- Konsert dasturida mumtoz asarlar, mashhur romantik kuylar va opera musiqalari, filmlardan musiqa ijro etildi, - deydi Qarshi shahrilik muxlis  Nargiza Jabborova. - Dastur davomidagi raqslar ham juda qiziqarli bo‘ldi. Tomoshabinlar uchun kutilmagan va shou tarzida namoyish etilgan ko‘plab sovg‘alar san’atsevarlarni xursand qildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ushbu loyiha ikki yildan buyon o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yilgi dastur doirasida 18-27-iyun kunlari O‘zbekistonning beshta shahri - Nukus, Xiva, Termiz, Qarshi va Shahrisabzda ochiq osmon ostida konsertlar uyushtirildi.  "OPEN AIR. SAHRO SIMFONIYASI" loyihasining ko‘hna Keshdagi qismi kecha Oqsaroy majmuasi oldidagi muhtasham maydonda o‘tkazildi.

Sojida ALLAYOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.