Jamiyat 02.04.2019 26

OQ XALAT BILAN BOZORDA SAVDOLASHILADI

Qing‘ir ish - keltirar tashvish

Shifokorlar sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish jarayonining bevosita ishtirokchilaridir. Biroq bu nomga dog‘ tushirib, o‘z lavozimini suiiste’mol qilayotgan, mansab vakolatidan qing‘ir maqsadlarda foydalanayotgan, bemorlarni davolashdek yuksak vazifasini poraxo‘rlik, tamagirlik kabi illatlar bilan bulg‘ayotgan shifokorlarning hali-hamon uchrayotgani achinarli hol, albatta.

SHIFOKORLIK QASAMINI SUV KABI ICHGAN KO‘RINADI

Ba’zan odam bolasi bilib, ba’zan esa bilmay noto‘g‘ri yo‘lga qadam bosadi. Ammo  qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’i nazar, jinoyatga jazo muqarrar, ya’ni pora oluvchi ham, uzatuvchi ham, ikkisining o‘rtasida vositachi bo‘lgan ham  javobgar hisoblanadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sog‘liqni saqlash tizimida tamagirlik, poraxo‘rlik, umuman korrupsiya holatlari borasida mas’uliyatni kuchaytirishga har qachongidan-da ko‘proq ehtiyoj sezilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazgan tadbirida bu zarurat yana bir bor namoyon bo‘ldi. Unda markaz vrach-ordinatori U.D. 2011-yilda tug‘ilgan D.U.ning burun sohasidagi operatsiyasi uchun tamagirlik yo‘li bilan 250 ming so‘m olayotgan paytida qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan U.D.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.

KASALNI YASHIRSANG...

Kasbi tumanida yashovchi D.H. tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 9-poliklinikaga ish so‘rab keladi. Lekin mazkur poliklinika mudiri O.S. unga ish yo‘qligini, agar "haqqi"ni bersa, tanishlari orqali uni ishga joylashtirib qo‘yishini aytadi. Ishsiz yurgan fuqaro uning shartiga rozi bo‘ladi.

O.S. "va’da"sining ustidan chiqish evaziga 100 AQSH dollari va tibbiy daftarcha tayyorlatib berish uchun 100 ming so‘m pulni pora tariqasida olayotgan vaqtda departamentning Kasbi tumani bo‘limi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan pora oluvchiyam, beruvchiyam tegishli jazosini oldi.

Tibbiyot xodimlarining nafs quliga aylanib, poraxo‘rligi evaziga oq xalatiga tushirgan dog‘i endi ketarmikan?

To‘lqin QURBONOV,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i