Ma'naviyat 09.08.2019 30

OQIBAT

Inson o‘zing...

Rahmatli onam "Oqibat devorlari nuramasin" degan gapni ko‘p takrorlardi. Bola qalbim bilan buni tushunmas, oqibat devori qanday bo‘lar ekan, deya o‘ylardim. Vaqt o‘tgan sari bu so‘zlar ma’nosini anglagandek bo‘ldim.

 Bir devor qo‘shni, sinfdosh dugonam bilan maktabga birga qatnardik. O‘qishdan qaytgach, uy yumushlarini tez-tez bajarib, uyimiz oldidagi maydonchaga o‘ynagani chiqardik. Bir kuni o‘yin avjiga chiqqanda Gulnoza shoshib qoldi:

- Uyda buvamning o‘zi qolgandi-ku! Men tez uyga kirishim kerak. Buvam oshxonaga kirib olib go‘sht pishirayotgan bo‘lsa kerak...

- Bu nima deganing. Ovqat qilmaganmiding? - deya ajablanib so‘radim.

 - Ovqat bor. Ammo necha kundan beri buvam qovurilgan go‘sht yegim kelayapti, deb yurgandi. Aytganini qilib bermagandik, o‘zi pishirib yebdi. Onam buvang go‘shtni kamaytirib qo‘yibdi, nega qaramading,  deb rosa  baqirgandi. Shu buvamni deb tinchlik yo‘q uyimizda. Qari bo‘lsayam tomog‘i yomon-da o‘lgurning. Allanimalarni yegisi keladi. Dadam: "Boboy o‘lsa, shoshib qolmaylik", deb, bir qopdan  guruch bilan un olib qo‘ygandi. Ko‘p vaqt turganidan mitalab ketibdi.  Noiloj ro‘zg‘orga ishlata boshladik. Ertaga dadam maosh olsa yana guruch, un olib kelarkan. Onam ham, "Sakson beshga kirsayam o‘lishidan darak yo‘q. Joniyam qattiq ekan-da", dedilar...

U tinmay gapirar, gapirgan sari oyoqlari uyi tomon shoshib ketardi...

Ochil boboning qulog‘i og‘irroq bo‘lsa-da, juda mehnatkash, samimiy inson edi. Qachon chiqsam, u kishi doim bir nimalar bilan band bo‘lar, oila a’zolarining oyoq kiyimlarini tikib, butlab o‘tirganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Suhbatini eshitsangiz yonidan ketgingiz kelmas, bir-biridan qiziqarli hikoyalarni aytib odamni aslo zeriktirmasdi...

Shu voqea sabab bo‘ldi-yu, maktabga Gulnoza  kelishini kutmay atayin erta ketib qoladigan bo‘ldim. U bo‘lsa nima bo‘lganiga hayron edi...

Bir kuni erta tongdan  "Voy, otam-yey", degan yig‘i eshitildi. Yugurib hovliga chiqdim, ovoz Gulnozalarning uyi tomondan kelayotgan edi. Bildimki, Ochil bobo vafot etibdi... Kechagina hassasiga suyangancha ko‘cha eshigi oldida nimalarnidir o‘ylab o‘tirgandi-ya.

Qo‘shni hovlidan chiqayotgan ovoz balandlashgan sari shunchalik soxtadek tuyular, Gulnozaning "Guruchlarimiz eskirib qoldi, buning esa o‘lishidan darak yo‘q", degan gaplari qulog‘im ostida jaranglayverardi... 

Endi har gal Qarshiga kelsam, bir devor naridan baqir-chaqir, ur-to‘polonlarning ovozini eshitaman. Ukamga nima gap degandek qarayman. U esa xo‘rsinib, "Qaytar dunyo", deydi. Shunday paytlarda ko‘chamizda Ochil boboning mung‘ayib turgan chehrasi ko‘z oldimda namoyon bo‘laveradi...

***

...Avtobusda yurishning ham o‘ziga yarasha gashti bor. Yo‘lovchilarning kayfiyati chog‘. Kimdir kitob o‘qiyapti, kimdir qo‘shiq eshitayapti, boshqa birov esa atrofni tomosha qilgan...  Qo‘qqisdan konduktor ayolning baqirgani hammaning e’tiborini tortdi.

 - Hozir tushasan. Tushundingmi? Men hech nimani bilmayman. Avtobus to‘xtashi bilan tushasan. Puling yo‘q ekan, nega avtobusga chiqasan?   He seni pulsiz jo‘natgan o‘sha ota-onangni...

- Adashib qolaman-ku, opajon. Pulim bor edi. Ishlatib qo‘ydim-da. Ertaga qo‘shib beraman, - avtobusning o‘rta eshigi yonidan hiqillagan ovoz eshitildi. Chamasi ikkinchi yo uchinchi sinf o‘quvchisi bo‘lgan bir bolakay yerga qarab turardi. Yoshi ulug‘roq ayol konduktorni insofga chaqirmoqchi bo‘ldi:

- Bu nima qilganingiz? Yaqinda sizga o‘xshagan bir konduktor puli yo‘q bolani avtobusdan tushirib yuborgan ekan, uni naq uch kun qidirishibdi. Bolasi topilgunicha ota-onasining bo‘lari bo‘libdi. Pul kerak bo‘lsa mana men to‘layman. Bolaga indamang, xo‘pmi, - dedi.

- Pulingiz shunchalik ko‘p ekan bunga o‘xshagan bolalarning hammasiga to‘lay olasizmi? O‘tirib olib muncha donolik qilasiz, - deya baqira ketdi konduktor ayol.

Odam ko‘p bo‘lsa-da, avtobus suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi. Hammaning kayfiyati tundlashdi. Axiyri o‘zining borligi esiga tushib qoldimi, haydovchi amaki tilga kirdi:

- Necha marotaba aytdim senga "Bolalarga indamagin, puli bo‘lsa beradi, bo‘lmasa yo‘q" deb. Qanaqa gap tushunmaydigan xotinsan o‘zi, a? Doim bir g‘alva chiqarasan... Axir sening ham farzandlaring, nabiralaring bor-ku. Ular ham bir kuni shunday holga tushib qolishi mumkin-ku.

Asabiylasha boshlagan haydovchining gap-so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki, konduktor ayol xotini ekan.

- Yaxshi bo‘libdi. Yo‘lingizga qarang. Men hech qachon farzandlarimni pulsiz ko‘chaga chiqarmayman, tushundingizmi...

Ayolning borgan sari ovozi balandlashar, yo‘lovchilar manziliga yetdimi yoki yo‘q, tez-tez tushib keta boshlashdi.

Avtobusdan tushar ekanman, ko‘z oldimdan "Sen yetim emassan" kinofilmidagi kadrlar birma-bir o‘ta boshladi. Unda Mahkam ota oilasining och-nahor ahvolida ham turli millat bolalariga g‘amxo‘rlik qilganliklarini bir eslab ko‘ring-a! Bu shunchaki kino emas - bizning o‘tmishimiz, tariximiz! O‘sha nochor zamonlar oldida hozirgi o‘tayotgan to‘kin va osuda kunimizning qiyoslab bo‘lmas darajada qadri, qiymati borligini nega tushunmaymiz?! Axir o‘zbek millati, bolaning begonasi bo‘lmaydi, deya dushmanining  bolasiga-da mehr-oqibat ko‘rsata oladigan buyuk xalq emasmidi!? Endi esa atigi ming so‘m pul uchun konduktor bolani duch kelgan yerda avtobusdan tushirib yuborsa-yu, ota-ona, organ xodimlari uni uch kun qidirishsa...

***

Yashayversang ko‘raverasan deganlaridek, ayrim er-xotinlarni ko‘rib, ajablanasan kishi.  Shifoxona eshigi oldida bir kelinchakning zorillab yig‘lagani hech ham esimdan chiqmaydi. Ikki tomonlama pnevmoniya (o‘pka yallig‘lanishi), baland isitma bilan kelgan bu homilador kelinchakning eri shifoxonaga yotishiga ruxsat bermabdi. Ustiga-ustak ayoli ichishi lozim bo‘lgan dorilarni ham berkitib qo‘ygan ekan. Nima emish, dorilar uning puliga kelganmish.  Kerak bo‘lsa o‘zing ishlab top, debdi. Shifokorlar kelinchakning eriga gap uqtirolmay boshi qotgan...

Ming afsuski, oradan nima gap o‘tishi, qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar shu ayol vujudida o‘z zurriyodi borligini, bu mitti jon mehr-muhabbatga, e’tiborga muhtoj ekanligini unutib qo‘yuvchi shafqatsiz kimsalar ham oramizda uchrab turibdi.

***

Yaqinda bir dugonamning onasi saraton xastaligidan vafot etdi. Qanchadan-qancha yelib-yugurishlar, muolajalar natija bermadi. Ta’ziyaga kelgan qo‘shnilaridan biri, "Aylanay, qo‘shni ayollar nega bularning ovozi chiqmaydi, deyishyapti. Ovoz chiqarib jonliroq yig‘lang. Axir onangiz o‘ldi-ya, onangiz", desa bo‘ladimi. Og‘ir judolikdan karaxt bo‘lib qolgan, neki tashvishi bo‘lsa ichida, dardini doston qilishni bilmaydigan  dugonam kutilmagan gapdan qotib qoldi. Dabdurustdan shunday chinqirib yubordiki, bu ovoz go‘yoki fahmsiz, dilozor odamlarga qaratilgan faryoddek tuyuldi menga. Eng qizig‘i, bu ayollarning hech biri bemor qo‘shnisini biror marta yo‘qlab ham chiqmagan ekan...

Yaxshilik tilda emas, yuraklarda yashasin. Uning nuri har bir ishimizda, amalimizda o‘z aksini ko‘rsatsin. Qalbimizda mehr-oqibatning kurtaklari bo‘y ko‘tarsin. Shoir "Agarki dunyoda yaxshilik va mehr-muhabbatning nurlari qanchalik ko‘p taralsa, yomonlik, falokat  ortga chekinib, yo‘qolib boraveradi...", degan ekan.

Shunday ekan, kelinglar azizlar, OQIBAT devorlarini baland ko‘taraylik!

Nilufar JABBOROVA,

jurnalist