Jarayon 04.10.2019 22

OQSUV DARYOSIDA 3 TA KICHIK GES QURILISHI UCHUN

 OTB tomonidan 60 million dollar ajratilayapti

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) mamlakatimizda umumiy quvvati 25 megavattga teng gidroelektrostansiyalar (GES) qurish uchun 60 million dollar miqdorida zayom ajratishga qaror qildi. "Barqaror gidroenergetika" loyihasi doirasida bunyod etilajak bu inshootlar Shahrisabz tumanidagi Oqsuv daryosida qad rostlaydi.

Bank rasmiylari mazkur loyihaning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi haqida ma’lum qilishar ekan, ushbu ko‘mak O‘zbekiston hukumatiga toza energiya manbalaridan foydalanish va havoga chiqariladigan karbonat angidrid hajmini kamaytirish hisobidan mamlakatning energetik balansini diversifikatsiyalash imkonini beradi, deya ta’kidlashdi.

- O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya, shu jumladan, gidroenergetika resurslariga boy mamlakatdir, - deyiladi shu yil 1 oktabr kuni OTB rasmiy saytida joylashtirilgan xabarda. - Hozirgi vaqtda mamlakatda gidroenergetika   jabhasida soatiga atigi 1,9 gigavatt energiya hosil qilinib, mavjud salohiyatning bor-yo‘g‘i    20 foizidan foydalanilmoqda.

Loyiha doirasida Oqsuv daryosida "Rabot" (quvvati - soatiga 6 megavatt), "Chappasuv" (8 MVt) va "Tamshush" (10 MVt) kichik GESlari, umumiy quvvati 1 megavattdan iborat mitti gidroagregatlar, katta diametrli suv quvurlari va ikkita suv to‘sish inshooti, shuningdek, uzunligi 22 kilometrga teng 35-110 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish liniyasini barpo etish nazarda tutilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 75,3 million dollarni tashkil etadi, uni 2023 yilning oxirigacha yakunlash mo‘ljallangan. Kichik va mikro GESlarning ishga tushirilishi suv resurslaridan samarali foydalanib, olis hududlarda muqobil elektr manbalarini yaratish uchun zamin hozirlaydi. Shu bilan birga loyiha doirasida OTB uning asosiy ijrochisi - "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatiga institutsional salohiyat va korporativ boshqaruvni yaxshilashga ham yordam beradi.

O‘z muxbirimiz