Jamiyat 07.06.2019 32

ORADAN YETMISH YIL O‘TIB BUVAM VA OTAM OQLANDI! (Ochiq xat o‘rnida)

Islohot samaralari

ORADAN YETMISH YIL O‘TIB BUVAM VA OTAM OQLANDI!   

(Ochiq xat o‘rnida)

Ushbu quvonchli voqea muqaddas Ramazon oyi arafasida yuz berdi. XX asrning 37-50-yillaridagi katta qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bola - Mirza To‘layev (ish materiallarida - Tullayev) va Abdirayim Mirzayevga nisbatan adolat nihoyat qaror topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi kassatsiya instansiyasining 2019-yil 30- apreldagi ajrimida, jumladan, shunday deyilgan: "Turkiston Harbiy okrugi Samarqand garnizoni harbiy tribunalining 1949-yil 9-dekabrdagi M.Tullyayev va A.Mirzayevga nisbatan chiqarilgan hukmi bekor qilinsin. Tullyayev Mirza va Mirzayev Abdiraimning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining  83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilsin. M.Tullyayev va A.Mirzayev aybsiz deb topilib, oqlansin".

Bu haqda so‘z yuritish asnosida, avvalo, oqlangan marhumlar mening buvam bilan otam ekanligi uchun qon-qarindoshlarimning taqdiriga doir xushxabar bo‘yicha maqola yozish odobdanmikan, degan istiholaga ham bordim. Ushbu bitiklar ochiq xat tarzida bayon etilganini shu holat bilan izohlash mumkin. Boshqa tomondan yondashganda esa, hayot haqiqatlarini elga oshkor etish fuqarolik, jurnalistlik va farzandlik burchim hamdir.

Gap shundaki, 1905-yili Qarshi tumani Xushvaqt qishlog‘ida tug‘ilgan va 1985-yili shu yerda vafot etgan buvam Mirza To‘layev qishloq masjidida imomlik qilgani bois, shu manzilda 1928-yili tug‘ilgan va 2008-yili vafot etgan otam Abdirayim Mirzayev esa dindorning bolasi bo‘lgani tufayli, 70 yil muqaddam har ikkisining sha’niga "xalq dushmani" degan ayovsiz tamg‘a bosilgan.

Sobiq sovet davrida dinu e’tiqodida mustahkam turgan buvam - 10 yil, otam 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Ota-bola jazoni GULAG - Axloq tuzatish mehnat koloniyalari bosh boshqarmasining Rossiya hududidagi lagerlarida o‘tab qaytishgan.

Aslida nima bo‘lgan edi?

Rus zaminida sodir etilgan 1917-yilgi to‘ntarish ko‘lankasi yurtimiz osmoniga ham soya solgan davrlarda buvam endigina muchal yoshiga yetgan yigitcha bo‘lgan. Tez orada uning otasi To‘laboy buvam katta o‘g‘li Jo‘raboy amakim bilan birga "quloq" qilingan. Ularning har ikkisi ham o‘rtahol dehqonlar va o‘ziga to‘q tadbirkor kishilar bo‘lib, tasarrufidagi yer va ot-ulov, hovli-joyu karvonsaroylari kolxoz hisobiga o‘tkazilgan. Bu ikki bobomizning keyingi qismati hozircha bizga noma’lum.

Oradan ko‘p o‘tmay, buvamga diniy saboq bergan qishlog‘imiz masjidi imomi Hosil maxsum surgun qilinib, masjid eshigiga qulf uriladi. Mirza buvam 20 yoshning nari-berisida - otameros mol-mulksiz, yanada achinarlisi, ota, aka va yo‘lboshlovchi ustozlarisiz  navqiron hayotning alamli chorrahasida tanholanib qoladi. Tevarak-atrofdagi mozorlarda, avliyolar ziyoratgohlarida yashab yuradi. Keyinchalik qishlog‘imiz yaqinidagi "Patta" qabristoni masjidida xizmat qiladi. Masjid yonidagi yalang yerlarni o‘zlashtirib, mirishkorlik, bugungi davr tilida aytganda, dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Buvamning bor aybi ham shu bo‘lgan, nazarimda.  Chunki o‘sha paytlarda odamlarda kolxoz tuzumidan ko‘ra yakka dehqonchilik afzal, degan fikr mutlaqo bo‘lmasligi kerak edi.

Shu sabab buvamni kolxoz yetishtirgan g‘allani o‘g‘irlab, masjid hujrasiga yashirganlikda ayblashadi. Bolsheviklar qishloq faollari ishtirokida o‘tkazgan tekshiruvda bu tuhmat tasdig‘ini topmaydi. YA’ni, tekshirish natijasida bug‘doy ekilgan paykal o‘lchami bilan bu yerdan olinishi mumkin bo‘lgan hosil miqdori bir-biriga mos keladi.

Shundan so‘ng kolxozga ombor qurishda g‘ishtlaridan foydalanish bahonasida "Patta" qabristoni masjidi buzib yuborilgan. O‘sha qabohatga guvoh bo‘lgan qishlog‘imiz qariyalari: "Masjid g‘ishtlarini tashib ketishga beshta ot-arava bilan kelishgandi, lekin besh dona ham butun g‘isht chiqmadi. Bu qilmish o‘shanda Xudoga yoqmagan", deb hozirgacha eslashadi.

1949-yil iyun oyida buvam kolxozchilar ro‘yxatidan o‘chirilib, tomorqasi va uy-joyining bir qismi jazo sifatida kolxozga tortib olingan. Kolxozga a’zolik uchun topshirgan mol-mulki ham qaytarilmagan. O‘sha yilning 3 sentabrida  hibsga olinib, O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi bo‘yicha aksilinqilobiy targ‘ibot va tashviqot olib borishda ayblangan.

Hibs qilgani kelganlar masjiddagi bir qop noyob kitoblarni xachirga ortib ketishgan. Jinoyat ishi hujjatlarida 47 ta kitob musodara qilingani haqidagi ma’lumotlar qayd etilgani buni tasdiqlaydi.

Yaqinda bobomning shaxsiy kutubxonasidan qolgan eng oxirgi kitobni arabcha imlodan o‘zbekchaga o‘girib, o‘qishga muvaffaq bo‘ldim. Qozonda 1904-yili chop etilgan ushbu kitob "Axloq risolasi" deb nomlanib, tatar ma’rifatparvar ulamosi Qayum Nosiriy (Abdulqayyum mulla Abdunosir o‘g‘li) qalamiga mansub ekan. Kitob bolalarga yovuz xulqdan saqlanib, ezgu xulq egasi bo‘lish uchun ota-ona nasihati sifatida yozilgan. Bu kitob, aslida, sobiq sovet tuzumi uchun hech qanday ziyonli bo‘lmagan, hatto bugun ham maktablarimiz uchun juda zarur mavzudagi darslikdir. Kitob muallifi Qayum Nosiriy islom dini mohiyatini ham, xalqlar birdamligining ahamiyatini ham barobar ulug‘lagan yirik ziyolilardan hisoblanadi.

Tarix kitoblarida Qayum Nosiriyning nomi O‘zbekistondagi ko‘plab ma’rifatparvar ajdodlarimizning ustozi sifatida alohida qayd etilgan. Hozirgi kunda Rossiyada, Qozon shahrida Qayum Nosiriyning muhtasham uy-muzeyi ishlab turibdi. Tatar ma’rifatparvarining aynan Tataristonda chop etilgan kitoblarini o‘qigan bobom esa millatchilikda ayblanganiga nima deysiz?

Buvam qariyb bir oylik shafqatsiz tergovlar davomida aybni bo‘yniga olmagandan so‘ng yanada beshafqat yo‘l tutiladi. 1949-yil 1-oktabrda otam hibsga olinadi. O‘rta tabaqaga mansub musulmon peshvosining o‘g‘li sifatida qo‘lga olingan otamga va buvamga O‘zSSR Jinoyat kodeksining 125-moddasi "g" bandi bilan "dezertirlik" aybi ham qo‘yiladi.

Bunga qadar ota-bolaning ikkisi ham armiyaga chaqirilmagan. Buvam odatdagidek masjidda, otam esa kolxoz dalasida hibsga olingan. Demakki, o‘zlari yuborilmagan harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketishlari, dezertirlik qilishlari uchun ularda imkoniyatning o‘zi mavjud bo‘lmagan.

Aksincha, sho‘rolar tuzumi otameros yer-mulkini tortib olib, o‘zini "quloq" qilganidan keyin ham buvam va otamga "ishonchsiz unsur" sifatida qarashda davom etgan. Buvam hatto urushga chaqirilmagan. Bu holat uning diniy ulamo bo‘lgani bilan ham bog‘liqdir, balki. Masjid imomining yolg‘iz o‘g‘li sovet maktabida to‘laqonli ta’lim olishiga atayin panja orasidan qaralgan. Oqibatda otam 7 sinf ma’lumoti bilan qolib ketgan.

Vaholanki u sovet armiyasi chaqiruvidan hech qachon, tergov hujjatlarida qayd etilganidek, "faol berkinmagan". Uning hibsga olinishi to‘g‘risidagi qaror chiqqan va qo‘lga olingan sana aynan bir xil. Bu ham uning hech qachon, hech kimdan va hech qayerga qochmaganini ko‘rsatadi. Otamda, odatda, o‘sha davrda dezertirlik qilgan odamlarda kuzatilgan o‘z tanasiga jarohat yetkazish holati aniqlanmagan. Bu ham uning sovet armiyasiga chaqirilishdan qochmaganini tasdiqlaydi.

Ana shu sog‘lom qo‘l-oyoqlar bilan qanchadan-qancha sovet davri qurilishlariga hissa qo‘shilgan, kanallar qazilgan, paxta va g‘alla yetishtirilgan. Otam g‘o‘za ko‘sagidan chivib olingan nam paxtani tolaga ziyon yetkazmay quritadigan uskuna ixtiro qilgan. Kolxozning yangi o‘zlashtirilgan yerlarida paxta yetishtiradigan ilg‘or dehqonlarning oldingi safida turgan. Buning uchun keyinchalik sovet hukumatining medali bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilinishi bilan sovetlarning g‘ayriinsoniylik, dinsizlik va mustamlakachilikka tayangan, inson huquqlariga zid siyosat olib borgani fosh bo‘ldi. Istiqlol tufayli eski tuzum qurbonlariga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi.

Eng muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning insonparvar siyosati tufayli O‘zbekistonda inson, jamiyat, davlat hayotida adolat tantanasi tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ma’rifatparvar, imon-e’tiqodli insonlar bo‘lgani uchun bundan 70 yil oldin nomlari qoraga chiqarilgan buvam va otam bugungi islohotlar samarasida oqlandi. Oqilona va odilona siyosat tufayli mamlakatimizda inson qadr-qimmati oliy darajaga ko‘tarilganiga ota-buvamning taqdiriga nisbatan bugungi ezgu munosabat misolida yana bir bor amin bo‘ldim. Bu hayotiy haqiqat - adolat tantanasi har qancha tashakkuru tahsinlarga munosibdir.

Yaratganga ming bora shukurlar bo‘lsin!

G‘ulom MIRZO,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist