So'nggi yangiliklar 03.06.2019 28

OROMGOHLAR MAVSUMGA SHAYMI?

Seminar

2019-yilgi yoz masumida Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlari va Shahrisabz shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 18 ta statsionar bolalar oromgohida 25090 nafar bola sog‘lomlashtirilishi va dam oldirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 5000 nafardan ortiq kam ta’minlangan oilalar farzandlari, 90 nafar "Mehribonlik uylari" tarbiyalanuvchisi hamda 100 nafar iqtidorli bolalar bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlangan. 

Ushbu ma’lumotlar Shahrisabz tumanidagi "Ziyo chashmalari" oromgohida viloyat Muvofiqlashtiruvchi guruhining 2019-yilgi mavsumga bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini qabul qilish va mavsumning ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan navbatdagi seminar yig‘ilishida e’lon qilindi.

Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda yozgi sog‘lomlashtirish va dam oldirish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik  va uni namunali o‘tkazish bo‘yicha fikr almashildi.

Xususan, mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, oromgohlarni zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlash, bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat mahsulotlari sifati, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini nazorat qilish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. oromgohlarga jalb etilgan bolalar xavfsizligini ta’minlash, turli madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazish, ijodiy uchrashuvlar tashkil etishni yanada kuchaytirish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlandi.

S.ALLAYOROVA