Tibbiyot 09.05.2019 37

OSTEOMIYELIT QANDAY KASALLIK?

Salomatlik

Inson a’zolari ichida eng qattiq deb ta’riflanuvchi suyak o‘z navbatida nozikligi bilan ham ajralib turadi. Negaki, qo‘pol munosabat,  jarrohlik usullari ba’zan insonning majruh bo‘lib qolishiga, suyakning sekin-astalik bilan yemirilishiga ham olib kelishi mumkin. Natijada osteomiyelit kasalligi yuzaga keladi. 

 Osteomiyelit - ko‘mikning yallig‘lanishi. U ko‘pincha odam skeleti g‘ovak suyaklarining bo‘g‘imga yaqin joyida uchraydi. Kasallikka yiringlatuvchi mikroblar (stafilokokk, streptokokk) sabab bo‘ladi. Mikroblar suyak to‘qimasiga uzoqdagi yiring o‘chog‘idan, masalan, chipqondan, anginada yallig‘langan murtak bezlaridan, yangi tug‘ilgan bolalarda infeksiya tushgan kindikdan qon oqimi (gematogen yo‘l) bilan kelishi mumkin. Yallig‘lanish sil, zaxm kasalliklari oqibatida ham paydo bo‘ladi.

Kasallikning o‘tkir va surunkali turlari bor. O‘tkir gematogen osteomiyelit odatda 8-17 yoshda ro‘y beradi. Ko‘pincha, badan sovqotgach yoki lat yeganda to‘satdan boshlanadi. Bemor junjikib, harorati 39-40 darajagacha ko‘tariladi, pulsi tezlashadi, ko‘z oldi qorong‘ilashadi, uxlay olmaydi, alahlaydi. So‘ngra yallig‘langan suyak og‘riydi, ustidagi teri shishib, qizaradi. Yiring yorib chiqqanda, harorat pasayib, bemorning ahvoli yaxshilanadi. Osteomiyelit oqibatida yiringli artrit rivojlanishi, suyak sinishi, sepsis paydo bo‘lishi mumkin. Qonda leykotsitlar ko‘payadi.

Kasallik sovuqda uzoq vaqt qolib ketish, suyakda operatsiya o‘tkazish jarayonida infeksiya tushishi, jarohatlarni vaqtida davolamaslik oqibatida ham kelib chiqishi mumkin.

Asosan yosh bolalarda kuzatiladigan ushbu suyak kasalliklarining oldini olishda to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor qaratish, sport bilan doimiy ravishda shug‘ullanish, uyqudan oldin ovqatlanmaslik lozim.

Osteomiyelit tez-tez qaytalanib, odam tanasining butun a’zolariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bunda bo‘g‘imlarda, asab tizimida, qon-tomir, yurak, buyrak, jigar va boshqa yumshoq to‘qimalarda o‘zgarishlar kuzatiladi. Osteomiyelitga uchragan naysimon suyaklarda esa patalogik sinish, katta hajmda suyak to‘qimasining chirishi, suyak defekti, yolg‘on bo‘g‘im, suyak to‘qimasining o‘sishdan to‘xtashi va suyak hosil qiladigan bo‘g‘imlarning tiklanishida og‘ir o‘zgarishlar paydo bo‘lishi mumkin.

Agar bemor kasallikni tezda sezib, vaqtida davolansa, asoratlarsiz sog‘ayib ketadi. Ammo suyak yemirilib, yiringlash qonga tarqalgan bo‘lsa, sezilarli asoratlar qoladi. Kasallik kompleks va operatsiya usulida davolanadi. Osteomiyelitdan ortopedik asoratlar qolmasligi ham mumkin.

Har bir inson o‘z salomatligi uchun qayg‘urmog‘i shart. Agar u o‘z sog‘ligiga e’tibor bermas, jarohatlardan saqlanmas ekan, bir umr majruh bo‘lib qolishi, davosi yo‘q kasalliklarga duchor bo‘lishi mumkin. Atrofda millionlab kasallik infeksiyalari izg‘ib yurgan bir paytda ehtiyotsizlik qilib turli kasalliklarni yuqtirib yoxud orttirib olish ortiqcha.

Bugungi kunda dunyoda onkologik kasalliklar tarqalishi bo‘yicha birinchi o‘rinda tursa, jarohatlar va boshqa sabablar bilan suyak yemirilishi kasalliklarini orttirib olish, natijada bir umrga majruh bo‘lib qolish 2-o‘ringa chiqib ulgurganini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik darkor.

Y.RAHMATULLAYEV,

bolalar jarrohi