Ta'lim 26.02.2019 72

OTMga qabul: nima o‘zgaradi, qanday bo‘ladi?

OTMga qabul: nima o‘zgaradi, qanday bo‘ladi?

Biroz avval Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga Prezidentimizning "Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasi joylashtirilgandi. Muhokama jarayoni joriy yil 2 mart kuni yakuniga yetadi. Ahamiyatlisi, ushbu hujjatda tegishli jarayonga doir ko‘plab yangiliklar ilgari surilmoqda. Quyida ulardan asosiylariga to‘xtalib o‘tishni joiz topdik.

Qaror loyihasi kirish qismida qayd etilganidek, 2018/2019-o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlari ilk marotaba katta sig‘imli binolarda o‘tkazildi. Abituriyentlar binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari yordamida tekshirildi, test sinovlari kuzatuv kameralari yordamida nazorat qilindi hamda ushbu jarayonlar abituriyentlarning ota-onalariga bevosita katta monitorlarda, internet saytida onlayn tizimi orqali va televideniyeda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritildi.

O‘z navbatida mazkur tizimni yanada takomillashtirishga ehtiyoj mavjudligi ta’kidlanadi. Bundan esa bir qancha maqsad ko‘zlangan. Jumladan, oliy ta’lim muassasalariga qabul test sinovlari xalqaro andazalarga muvofiqlashtirilishi lozim. Abituriyentlarga bir nechta oliy ta’lim muassasasi ta’lim yo‘nalishi tanlovida ishtirok etishiga imkoniyat yaratilishi zarur. OTMga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirishdagi qiyinchiliklardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Shunga muvofiq, qaror loyihasida oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonini va Davlat test markazi faoliyatini takomillashtirish, xususan, imtihon fanlari bloklarini kengaytirish, test o‘tkazish tartibi va muddatlariga o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda. Abituriyentlarga uchtagacha oliy ta’lim muassasasi ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirish imkoniyati taqdim etilishi belgilanayapti.

Mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan bildirilgan bir qator takliflar ma’qullangan. Ma’lumki, o‘tgan o‘quv yilida imtihonlar 1-avgustdan 15-avgustga qadar, ya’ni 15 kun davomida tashkil etilgandi. 2019/2020-o‘quv yili qabulidan boshlab esa oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi mumkin.

Shuningdek, eng yuqori ballning 30 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan, 3 yil muddatga amal qiladigan sertifikat beriladi  hamda ularga uchtagacha ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Abituriyent uchtagacha OTMga hujjat topshira olishi ajoyib, albatta. Taklifga ko‘ra, faqat oliy ta’lim muassasalarini tanlashda imtihon fanlari bloki va ketma-ketligining mosligi e’tiborga olinishi kerak bo‘ladi. 2018-yildagi tajriba ijobiy natijalarni berdi, shu bois test sinovlarini katta sig‘imli bino va inshootlarda hamda zaruriyatga muvofiq qo‘shimcha binolarda o‘tkazish amaliyoti davom ettiriladi.

Keyingi, ya’ni 2020/2021-o‘quv yili qabulidan boshlab kuchga kiritish taklif etilayotgan o‘zgarishlar esa quyidagilardan iborat bo‘lishi kutilmoqda. Test fanlari majmuasini ikki bo‘limga ajratish va 1-bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan - ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fanni kiritish amaliyoti keng qo‘llanishi mumkin.

Bundan tashqari, yozish ko‘nikmalarini baholash uchun "O‘zbek tili", "Rus tili", "Qoraqalpoq tili" fanlari bo‘yicha alohida sinovlarni tashkil etish taklifi bildirilgan. Ta’kidlanishicha, buning zamirida yoshlarning ona tili bo‘yicha savodxonligini oshirish va aniqlash maqsadi yotibdi.

Qaror loyihasida yana ushbu mazmundagi yangiliklarni joriy etish ham belgilanmoqda. Xususan, bir bandda majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari qanday bo‘lishiga aniqlik kiritilgan. Yа’ni ular u qadar murakkablik kasb etmaydi, abituriyentlarning umumiy savodxonligi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltiriladi, xolos.

Sir emaski, viloyat, tumandan keluvchi abituriyentlarning markazga borib hujjat topshirishi ancha ovoragarchilikka sabab bo‘ladi. Tegishli hujjatda esa bunga bosqichma-bosqich barham berish nazarda tutilgan. Yа’ni kelgusida test sinovlari va tanlovda ishtirok etish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tish kifoya bo‘ladi. 

Test sinovlarida ishtirok etish uchun yig‘im undirish taklifi, shubhasiz, eng ko‘p bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan masaladir. Unga ko‘ra oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar (to‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar, I va II guruh nogironlar bundan mustasno) imtihonlarda qatnashish uchun eng kam ish haqining bir barobariga teng miqdorda haq to‘lashi kerak bo‘ladi. Ushbu yig‘imlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi aytib o‘tiladi. Joriy yil bitiruvchilari uchun test sinovlari bepul asosda o‘tkazilishi qayd etiladi.

Yana bir jihati, abituriyent uchtagacha OTMga hujjat topshira olgach, uning o‘qishga kirish imkoniyati ham oshadi. Aniqroq aytsak,  abituriyent sinov natijasi bo‘yicha olgan bali tavsiya etishga yetarli bo‘lsa, shu uch oliy ta’lim muassasasidan biri (ta’lim yo‘nalishi)da o‘qishi mumkin bo‘ladi.

Test sinovlari to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlariga tanlov o‘tkazilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda. O‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi test topshiriqlari faqat lotin alifbosida tayyorlanadi.

Ushbu qaror loyihasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ham ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, 2012-yil 31-maydagi "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror tegishli bandi tahrir etilishi belgilangan. Unga ko‘ra, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega shaxslardan iborat abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ushbu shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov asosida alohida kvotalar ajratish tartibi kiritiladi. Harbiy qism komandirining tavsiyanomasi faqat harbiy oliygohlar uchun imtiyozga ega bo‘lishi nazarda tutiladi.

Bu o‘zgarishlar yurtimizda yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni samarali qoplash, bilimli yoshlarning oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini ta’minlashga xizmat qilishi darkor. Qaror loyihasi muhokamasi regulation.gov.uz portalida davom etayapti. Agar Sizda ham biror taklif tug‘ilgan bo‘lsa, jarayonda ishtirok etishingiz mumkin.

M.SHUHRATOV tayyorladi.