Madaniyat 02.04.2019 93

OYNING KUMUSH NURLARIGA YO‘G‘RILGAN KO‘NGIL QO‘SHIG‘I

Taqdimot

Viloyat musiqali drama teatrida adib Tog‘ay Murod asarlari asosida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtirilgan "Xushvaqt" romantik dramasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Spektaklga Tog‘ay Murodning "Oydinda yurgan  odamlar" hamda "Ot kishnagan oqshom" qissalari asos qilib olingan. Farzandsiz bo‘lsa-da, bir-biriga mehr-muhabbatini saqlab qolgan Ziyodulla chavandoz va xotini Momosuluv o‘z kelajaklari, orzu-umidlari - Xushvaqtini kutib yashaydilar. Bu muhabbat sahnada ko‘ngil qo‘shig‘idek jarang sochib, ularning orzu-umidlari oydindagi oyning kumush nurlariga yo‘g‘rilib ketadi. Ziyodullaning ko‘p iztiroblariga tulpori Tarlon sherik bo‘ladi, chavandoz odamlardan ko‘rmagan mehrni otidan topganday bo‘ladi.

Asar syujeti sobiq tuzum voqealari bilan bog‘liq holda kechadi. Qahramonlar o‘zbekning musaffo qalbi, sarbaland qaddi, xalqning og‘ir kunlari yupanchi bo‘lib xushvaqtlik zamoni kelishiga ishonib-ishontirib yashaydilar.

Qayd etish lozim, spektakl ustida tajribali ijodiy jamoa ishlagan. Sahnalashtiruvchi rassom - Turkmaniston xalq rassomi Berdiquli Amonsihat, bastakor - san’at arbobi Anvar Ergashev. Bosh rollarni Farhod Murodov, Sojida Ashirova hamda Mahliyo Jumayeva ijro etgan.

Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.