Ma'naviyat 23.07.2019 63

OZODLIKKA BAXSHIDA HAYOT

Tarix - millat ko‘zgusi

Pokistonning Peshovar shahridagi qadimiy qabristonda dafn etilgan bir marhumga tegishli qabr toshida "Abdulmalik to‘ra ibn amir Muzaffar ibn amir Nasrullo" ismi sharifi bitilgan qabr sohibining Buxoroi sharifda tavallud topganligi qayd etilgan. Vatanidan uzoqdagi bu shaharga buxorolik bu insonni ne qismatlar yetaklab borgan, taqdirida nimalar kechgan? Bu savol har bir kishini, albatta, o‘yga solishi tabiiy.

O‘tgan zamonlarda yurtimizda hukmdorlik qilgan ajdodlarimiz orasida ota-bola, qarindoshlik munosabatlari silliq kechmagan. Ko‘p hollarda taxt vorisligi, toj-taxt talashish, mansab masalalarida turli janjallar, kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Bunday ixtiloflar u yoki bu tomonning yon bosishi yoxud o‘limi bilan yakunlangani to‘g‘risidagi misollar tarix kitoblarida ko‘p uchraydi.

1848-yilda tug‘ilib, "Katta to‘ra" nomi bilan mashhur bo‘lgan Abdulmalik to‘ra, hokimiyatni ashtarxoniylardan tortib olib, 1776-yildan 1920-yilgacha Buxoro amirligini boshqargan mang‘itlar sulolasining sakkizinchi podshohi amir Muzaffarning to‘ng‘ich o‘g‘lidir. Ammo ota va o‘g‘il o‘rtasidagi qarama-qarshilik taxtga egalik qilish (u bolaligidanoq taxt valiahdi deb e’lon qilingan edi) bo‘yicha emas, butunlay boshqa masala bo‘yicha yuzaga kelgan edi.

U o‘z mansab lavozimini Karmana begi bo‘lishdan boshladi. Abdulmalik padari buzrukvori chizgan chizig‘idan chiqmas, uning pandu nasihatlariga quloq tutib, amal qilardi, yoshligidan otda yurish, qurol ishlatishni puxta egallagan, harbu zarb ishlarida ham mohir edi.

Abdulmalik yigirma yoshga qadam qo‘yganida 1865-yil may oyi oxirida Toshkentni bosib olgan rus askarlari Buxoro amirligiga qarashli Samarqand shahriga tahdid sola boshladilar. Amir Muzaffar yosh bo‘lsa ham harbiy ishni, lashkarni boshqarishni yaxshi o‘zlashtirib olgan, otasiga sadoqatli farzand Abdulmalik to‘rani Samarqand mudofaasiga mas’ul qilib tayinladi. U ko‘hna shaharni ruslar tajovuzidan himoya qilish uchun o‘z askarlarida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirdi, istilochilarni yengish uchun puxta, ishonchli tadbirlarni ishlab chiqdi. O‘sha paytda Samarqand hokimi bo‘lib ishlab turgan SHerali Inoq johil va kaltabin odam edi. U Abdulmalik to‘raning shaharni mudofaa qilishga qaratilgan chora-tadbirlari mohiyatini tushunmadi, shu tufayli yosh lashkarboshi va bek o‘rtasida munosabat keskinlashdi. Sherali Inoq ota-bola orasida nifoq chiqarish uchun amirga Abdulmalik haqida bo‘hton gaplarni yetkazadi, uning asl niyati sizdan hokimiyatni tortib olish, deb amirni qo‘rqitadi. Bunga ishongan amir Muzaffar o‘g‘lidan haqiqatni bilib olmay, unga nisbatan adolatsiz qaror chiqaradi. Abdulmalik to‘rani Samarqand mudofaasi boshlig‘i lavozimidan chetlatib, G‘uzorga bek qilib yuboradi. Amir va taxt vorisi o‘rtasidagi ziddiyatning ilk sababi shundan boshlanadi.

Amir Muzaffar Samarqand mudofaasini yaxshi tashkil etolmadi, qo‘shinni yagona maqsad yo‘lida birlashtirolmadi, shuning uchun chor askarlari hujumiga dosh bera olmadi. Dastlab Cho‘ponota tepaligida o‘rnashib olgan Buxoro qo‘shinlari 1868 yil may oyida tor-mor etildi, keyin Zirabuloq tepaligida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tdi, bunda ham amir qo‘shinlari mag‘lub bo‘lib, rus qo‘shinlari Samarqand shahriga kirib bordi. Amir Muzaffar o‘z mag‘lubiyatini tan olib, fon Kaufmanning Turkiston general-gubernatorligining yangi chegaralari haqidagi taklifini qabul qilishga majbur bo‘ldi.

Unga muvofiq chor Rossiyasining hududlari hozirgi Samarqand viloyatining Jom  qishlog‘igacha davom etadigan bo‘ldi. Jom ruslar uchun muhim strategik ahamiyatga ega joy bo‘lib, Buxoro, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand, Qarshi, G‘uzor, Chiroqchi va Shahrisabzdan keladigan yo‘l chorrahasida edi.  Chorizm Jomning muhimligini hisobga olib, uni Turkiston qo‘shinlarining bir qismi turadigan qo‘rg‘onga aylantirdi.

Kaufman 1868-yil 28-iyunda Samarqandda amir Muzaffar bilan Buxoro amirligini Rossiya imperiyasi protektoratiga aylantirgan shartnomani imzoladi. Bundan voqif bo‘lgan Abdulmalik to‘ra qayg‘uga botdi. Chunki Samarqand amirlikning shimoliy darvozasi bo‘lib, tuzilgan sharmandali shartnoma Buxoro amirligini Rossiya imperiyasi bilan chegaradosh qilib qo‘ygan edi. Bu esa amirlik mustaqilligi, uning sarhadlari daxlsizligiga xavf solishini Abdulmalik to‘ra yaxshi his qilardi. Samarqand zaminining chorizm tasarrufiga o‘tganligi ozodlikni hamma narsadan ustun qo‘yuvchi jangovar beklar, urug‘ boshliqlari, oqsoqollarni ham tashvishga soldi. Sulh shartnomasiga muvofiq amirlikning qaram o‘lkaga aylanib qolganligi uchun oddiy odamlarda ham norozilik harakatlarini kuchaytirdi. Amir Muzaffarning obro‘si pasayib, Abulmalik to‘raning nufuzi oshib ketdi. Kitob begi Jo‘rabek, Shahrisabz begi Bobobek, mang‘it beklaridan  Xudoyor, Ibodullabek to‘qsoba, Buxoro amirligiga qarashli qator bekliklar boshliqlari uni ozodlik kurashida yo‘lboshchi deb bildi. 1868-yilning  bahoridan boshlab to‘raning qarorgohi bo‘lmish G‘uzor bekligiga mustaqillik va ozodlik tarafdorlari saf-saf bo‘lib kela boshladilar.

1868-yilning may oyida Abdulmalik to‘ra katta qo‘shin to‘plab, Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallangan  Samarqandga yurish qildi. Bu vaqtda Samarqand aholisi ham chor bosqinchilariga qarshi bosh ko‘targan edi. 2-iyun kuni ular birgalikda rus qo‘shinlari joylashgan shahar qal’asiga hujum qilishdi. Qamalda  qolgan qo‘shin qo‘mondoni yordam so‘rab general-gubernator fon Kaufmanga chopar yuboradi. 4-7-iyun kunlari xalq lashkarlari bilan bosqinchi kuchlar o‘rtasida shiddatli janglar bo‘ldi. 8-iyunda qamaldagi chor askarlariga yordam kuchlari yetib kelgach, jang istilochilar foydasiga o‘zgaradi. Natijada xalq himoyachilari Samarqanddan chiqib, tog‘ tomon chekinishga majbur bo‘ladi.

Katta to‘ra davlat mustaqilligini saqlab qolish uchun o‘z tarafdorlari bilan fidoyilik ko‘rsatayotgan bir paytda amir Muzaffar uni qo‘lga kiritish va jazolash harakatida bo‘ladi, ammo o‘z rejasini amalga oshira olmaydi. Shundan so‘ng uni tutib berishni Kitob begi Jo‘rabek va Shahrisabz begi Bobobekdan iltimos qiladi. Ammo ulardan shunday javob oladi: "To‘ra - janobi oliylarining to‘ng‘ich o‘g‘li va hukmdorimiz farzandidir. U bu ishlarni amirimizga xayrixoh bo‘lgan, davlat zavoliga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, din bayrog‘ini ko‘tarishga bel bog‘lagan ba’zi olijanob kishilar da’vati bilan qilmoqda... To‘ra o‘zini qutqarish uchun bizning hududda maqom topibdur. Odamiylik va oriyatni saqlash vajhidin mehmonning oyoq-qo‘lini bog‘lab, muxolifga topshirish yaramaydir".

Abdulmalik to‘rani yoqlayotganlar, amirdan esa yuz o‘girayotganlar soni tobora oshib bormoqda edi. To‘raning ittifoqchisi Sodiq o‘z guruhi bilan Karmana va Xatirchini egallaydi. Koson, Qarshi, G‘uzor bekliklarida to‘ra o‘z hokimiyatini tiklaydi. Amirning jiyani Said Abdullaxon ham to‘ra qo‘shiniga kelib qo‘shiladi. Amirlik mahkamasida xizmat qiluvchi bir qancha kishilar Abdulmalik tomoniga o‘tib ketadi. Abdulmalik to‘ra 1868-yil iyul-avgust oylarida amirlik hududida xalq tan olgan yagona kurashchi rahbarga aylanadi. Buxorolik tarixchi Mirza Abdulazim Somiy ta’biri bilan aytganda, amirning "yolg‘iz Allohdan boshqa suyanchig‘i qolmagan edi, zero barcha yurak-yurakdan to‘raga intilayotgan edi".

Manbalarning guvohlik berishicha, Abdulmalik to‘ra Shahrisabz shahridagi Oqsaroyda Buxoro amiri deb e’lon qilinadi. Qarshi shahri amirlik   markazi etib belgilanadi. 1868-yil sentabr oyida Abdulmalikning tez orada Buxoroni egallashi ayon bo‘lib qoladi.

Abdulmalik to‘raning ozodlik harakati o‘z taxtidan ajralib qolishdan xavfsirayotgan amir Muzaffardan  tashqari uning ta’siri ruslar qo‘l ostida bo‘lgan yerlarda ham aks-sado berayotgani Turkiston general-gubernatorligini ham tashvishga solmoqda edi. Amir yaqin amaldorlari bilan  maslahat-mashvarat o‘tkazib, general-gubernatordan Abdulmalik to‘ra va uning atrofida to‘plangan istiqlol kuchlarini yo‘q qilishda yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilishga qaror qilinadi.  Amir murojaatidan so‘ng Zarafshon okrugi boshlig‘i, general Abramov rus harbiylarini Jomga yig‘a boshlaydi. Uning maqsadi vatanparvarlarning qarorgohi Qarshi shahriga hujum qilish edi. Nihoyat general Abramov qo‘shini va amir yuborgan Yoqub qushbegi boshchiligidagi otryad Qarshi tomon otlanadi. Abdulmalik to‘ra bundan voqif bo‘lib, jangga jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi va umumiy chaqiriq e’lon qiladi. Qashqadaryo bo‘yidagi Chortoq degan joyda istehkomlar barpo qilinib, jangga hozirlik ko‘riladi.

1868-yil 21-oktabrda chor qo‘shinlari bilan abdulmalikchilar o‘rtasida hayot-mamot jangi boshlanadi. Sulton Sodiq, Jo‘rabek, Bobobek va boshqa lashkarboshilar Qarshi ostonasidagi jangda sarkardalik mahoratini yana bir bor namoyon etadilar. Chor armiyasi va amir qo‘shini harbiy tayyorgarlik, texnik jihatdan ozodlik kurashchilaridan ustunligi jang davomida yaqqol ko‘zga tashlandi. Shuning uchun 1868- yil 23-oktabrda Qarshidagi qo‘zg‘olonchilar tor-mor etilib, Abramov shaharni egallaydi. Qo‘zg‘olonchilar qattiq jazolanib, uy-joylar va shahar bozori talanadi. Abramov shaharni Yoqub qushbegi qo‘liga topshiradi. Qarshiga kelgan amir Muzaffar Abdulmalik to‘ra oilasini asirga oladi.

Abdulmalik to‘ra 200 nafar kishi bilan ona Vatanini tark etadi. Uning keyingi taqdiri qanday bo‘ldi? U oz sonli safdoshlari bilan Xiva xonligida bo‘ladi, undan so‘ng Afg‘onistonga o‘tadi. 1877-yilgacha Qashqar hokimi xizmatida bo‘ladi. Yoqubbek unga izzat-ikrom ko‘rsatib, qizini to‘raga nikohlab beradi, 40 ming kishilik qo‘shinga lashkarboshi etib tayinlaydi. Ammo Qashqar Xitoy tomonidan egallangach, to‘ra Buxoroda hokimiyatni egallash maqsadida ittifoqchi izlab bir qancha musulmon mamlakatlariga yo‘l oladi. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya tasarrufidagi Hindistonga keladi. O‘z niyatlarini amalga oshirish uchun Buyuk Britaniyaga murojaat qiladi. 1886-yil may oyida Kalkuttada turkistonlik muxolif kuchlar vakillari bilan birga  ingliz qirolichasining vakili bilan muzokaralar olib boradi. Abdulmalikning sa’y-harakatlariga afg‘on amiri Abdurahmon ham xayrixohligini bildiradi. Ammo turli xil siyosiy va  boshqa sabablarga ko‘ra chet eldan harbiy yordam ololmaydi. Rossiya imperiyasi ma’murlari to‘raning chet eldagi faoliyati va amirlikda unga xayrixoh bo‘lgan shaxslar ustidan qattiq nazorat o‘rnatadi.

Buxoro amirligini 24 yil boshqargan amir Muzaffar 1885-yilda vafot etgach, uning o‘rniga o‘g‘li Abdulahadxon o‘tiradi. "Abdulahadxon zamonida, - deb yozgan edi Abdurauf Fitrat, - Rossiyaning Buxoroga ta’siri va roli ancha mustahkam bo‘lgan edi. Abdulahadxon qaysi ishni rejalashtirmasin o‘zining himoyachisi bo‘lgan Rossiyaning nufuz va rolini inobatga olishga majbur edi".

Abdulmalik to‘ra hamma urinishlari zoye ketgani, aziz yurti, tuprog‘i istilochilar, ularning gumashtalariga qolganidan umrining oxirigacha aziyat chekib yashadi. Unga Vatanga qaytish nasib etmadi, chet elda - Pokistonda muqim yashab qoldi. 1909-yil 61 yoshida Peshovar shahrida vafot etdi. Vatan tuyg‘usi, istiqlol umidi uni so‘nggi kungacha tark etmadi.

- Abdulmalik to‘ra o‘z davrining farzandi, murakkab siyosiy kurashlar ishtirokchisi edi, - deb yozadi uning  hayoti va faoliyati haqida ilmiy tadqiqotlar olib borgan tarixchi olim Abror Odilov. - Uning Vatan ozodligi yo‘lidagi qahramonliklari, mustaqillik uchun kurashlar tarixining eng yorqin sahifalaridan biridir.

Mo‘min AZIZOV,

tarixchi-jurnalist