Jamiyat 23.07.2019 70

"PASPORT STOL"DAGILAR NOHAQ BO‘LIB CHIQDI

Inson va qonun

Nafaqa yoshiga yetay deb qolgan Azam Shirinov ko‘pchilik qatori biometrik pasport olish ishtiyoqida ichki ishlar bo‘limiga yo‘l oldi. Pasportni varaqlab, qandaydir hujjatlarni titkilagan Nishon tuman ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi boshlig‘i to‘satdan "Pasportingizni kim sizga qaytarib berdi, umuman O‘zbekiston fuqarosi pasportini olishga haqqingiz yo‘q, faqat fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida qizil pasport olishingiz mumkin", dedi.

- Kim bo‘lardi, tergovchi qaytarib berdi. Men avvalgi tergovchi va sud tomonidan noto‘g‘ri aybdor deb topilgan ekanman. Ishimni qayta tergov qilgan yangi tergovchi aybingiz yo‘q ekan, ishingiz ham yopildi, deb xat berdi, mana o‘qib ko‘ring, - e’tiroz bildirdi Azam Shirinov.

Ammo yoshgina leytenant ham bo‘sh kelmasdi.

- O‘sha tergovchi bekorlarning beshtasini aytibdi. Mana, Nishon tuman IIB va viloyat IIB pasport bo‘limlarining birgalikda tuzgan xulosasi, uni "katta"ning o‘zi tasdiqlagan. Bu xulosa nusxasi sizga nisbatan jinoyat ishida ham turibdi, tergovchi ishni yopsa yopaversin, hali bu xulosani hech kim bekor qilgani yo‘q, unda sizga fuqarolik pasporti qonunsiz berilgani va shuning uchun olib qo‘yilgani aniq yozib qo‘yilibdi.

- Bilmasam, men qonunni tushunmasam, bo‘lmasa mening pasportimni olganligingiz haqida hujjat bersangiz, biron joyda pasport so‘rashsa ko‘rsataman. Shuncha vaqt pasportsiz yurdim, bir marta Toshkentga borganimda mehmonxonaga ham joylasha olmadim, ko‘chada militsiya ushlab, sal qoldi qamab qo‘yishiga.

- Hech qanday hujjat berilmaydi, kim so‘rasa meni aytavering, o‘zim javob beraman, - gapni cho‘rt kesdi leytenant.

- Unda uyoq-buyoqga arz qilaversam ham bo‘ladimi?

- Bemalol, xohlagan joyingizga shikoyat qilavering, "lyuboy" joyda, "lyuboy" odamning oldida javob beraman.

Birpasdan so‘ng ko‘chaga chiqqan Azam Shirinov qayoqga yurishini bilmay biroz kalovlanib qoldi. Ana xolos, nima niyatda kelgan ediyu, yangi pasport uyoqda tursin, bori ham yo‘q bo‘ldi-ku.

Ha endi, yoshgina yigit ekan, qonunni yaxshi bilmasa kerak, kattalari tushunar deb, avval tuman, keyin viloyat ichki ishlar boshqarmasiga kelib katta-kichikka uchrashib ko‘rdi. Foydasi yo‘q, xuddi hammasi kelishib olgandek, bir ovozdan "Pasport noto‘g‘ri qaytarib berilgan, sizga O‘zbekiston fuqarosi pasporti berilmaydi, marhamat, "fuqaroligi yo‘q shaxs" degan qizil pasport olishingiz mumkin" deydi. Shundan so‘nggina yodiga uni sudda va tergovda himoya qilgan, aybsizligini hujjatlar bilan isbotlagan va oqlashga erishgan advokat tushdi.

Qarshimda xomush o‘tirgan Azam Shirinovning hikoyasini eshitib, u bilan bog‘liq jinoyat ishini eslayman.

Bir vaqtlar O‘zbekiston bilan  Tojikiston o‘rtasiga biroz sovuqchilik tushdi va qo‘shni respublikadan ko‘chib kelib, O‘zbekiston fuqaroligi pasportini olganlar tekshirila boshlandi. Bu ishlarning boshida SNB degan idora turdi va tuman IIBdagi pasport bo‘linmalari bilan hamkorlikda birpasda kerakli hujjatlar to‘plandi, fuqarolarning "qonunsiz pasport olganligi" to‘g‘risidagi "ish"lar prokuraturaga o‘tkazilaverdi, yuqoriga esa "aniqlangan qonunsiz harakatlar" to‘g‘risida axborotlar jo‘natilaverdi. Axir bu odamlar ham o‘zbeklar-ku, o‘sha vaqtdagi SSSRning talabi bilan yangi yerlarni o‘zlashtirish va hokazo sabablar bilan 1950-yillarda Tojikistonga ko‘chirilgan, 90-yillarda u yerdagi taloto‘pdan so‘ng o‘z vatanlariga qaytishgan, xo‘sh, avval SSSR pasporti ekan, endi O‘zbekiston pasportini olishsa nima bo‘libdi, deb e’tiroz bildiradigan huquqshunos topilmadi, borlari ham fikrini ochiq aytishdan qo‘rqdi.

Prokuratura ham bu ura-uraga darhol qo‘shildi va tekshir-tekshirlarning qanchalik qonuniyligini aniqlamasdan, Jinoyat kodeksining 228-moddasi, ya’ni "hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish" deya jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, sudga o‘tkazildi, sud ham o‘z navbatida ularni aybdor deb hukm o‘qib jazo tayinlayverdi. Qarabsizki, sudlangan odamlarning pasportlari olib qo‘yildi, ishdan bo‘shatildi, sarsongarchiliklar boshlandi. Sudlarga yozilgan qator arizalardan hech qanday foyda bo‘lmadi, kimning ustidan shikoyat qilingan bo‘lsa, ularning o‘ziga qaytarilaverdi. Yaqin o‘tmishda, afsuslar bo‘lsinkim, real voqelik ana shunday edi.

Shukurki, zamon o‘zgardi, bunday nohaq vaziyatga barham berildi va berilmoqda. Azam Shirinovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi sudyasi J.Norqobilovning amnistiya aktini qo‘llab jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida 2015-yil 9-fevraldagi ajrimi qonunsiz deb topilib, viloyat sudi tomonidan bekor qilindi. Jinoyat ishi qo‘shimcha tergovga qaytarildi. Chunki sud amnistiya akti qo‘llagani bilan bu fuqaroning aybsiz ekanini bildirmas, faqat u jazodan ozod qilingan edi, xolos. O‘z-o‘zidan tushunarliki, pasporti ham qaytarilmasdi.

Qo‘shimcha tergovda esa Nishon tuman IIB tergov bo‘linmasi tergovchisi kapitan T.Rajabovning 2018-yil 24-fevraldagi qarori bilan A.Shirinovning aybi yo‘q deb topilib, jinoyat ishi tugatildi va uning pasporti qonuniy berilgan, deya qaytarildi. Chunki qonunga ko‘ra, agar fuqaro 1992-yil 28-iyulda O‘zbekiston hududida doimiy yashab turgan bo‘lsa va hujjatlari propiska qilingan bo‘lsa, ular O‘zbekiston fuqarolari hisoblanishi ko‘rsatilgan. Azam Shirinov esa Tojikiston Respublikasi Qumsangir tuman IIBdan sobiq ittifoq pasportini 1991-yil 22-avgustda ro‘yxatdan chiqarib, Nishon tuman Balxiyak QFYga 1991-yil 30-oktabr kuni, harbiy biletini esa 1992-yil 14-may kuni ro‘yxatga qo‘ydirgan. Lekin dastlab tekshirish o‘tkazganlar bularni "ko‘rmagan".

Biroq A.Shirinovning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi, bugun yana bir muammo qarshisida lol turibdi, yangi pasport olaman deb eskisidan ham yana ayrildi.

Xo‘sh, bu muammoni qanday yechish mumkin? Viloyat, hatto Ichki ishlar vazirligiga yozilgan qator arizalar va ularga berilgan javoblar bilan tanishaman: hammasi bir xil, qonunni o‘zicha tushungan holda, javob bo‘lsa bo‘ldi, qabilida yozilgan bir qolipdagi samarasiz yozishmalar. Demak, bitta yo‘l qoladi: u ham bo‘lsa "pasport stol"dagilar bilan ma’muriy sud orqali sudlashish kerak va sud ularning harakatini qonunsiz deb topib, yangi biometrik pasport berish majburiyatini yuklashi lozim.

Bu haqdagi da’vo ariza bilan Nishon tuman sudi sudyasi qabuliga kiramiz. Sudya hujjatlarni obdan o‘rgangach, hech tajribamda bunaqa ish ko‘rmagan ekanman, deya afsus bilan bosh chayqaydi va navbatdagi savolni beradi.

- Xo‘sh, sizningcha tuman IIB pasport bo‘linmasining ham, viloyat IIB xodimlarining ham harakatini qonunsiz deb topish kerakmi? To‘xtang, to‘xtang, agar viloyat IIB xodimlarining ham harakatini qonunsiz deb topsak, viloyat IIB, ya’ni javobgar Qarshi shahrida joylashgan-ku, qonunda esa javobgar qayerda joylashgan bo‘lsa, o‘sha joydagi sudga beriladi, deyilgan. Demak, Qarshi shahar ma’muriy sudiga murojaat qilasiz, akam, - deydi vaziyatdan oson chiqqaniga xursand bo‘lib.

Nachora, sudya shunday deb lozim topgan ekan, demak, Qarshi shahar ma’muriy sudiga murojaat qilamiz. Bizdan nima ketdi, da’vo arizaning faqat "shapkasi" o‘zgaradi, xolos.

Ammo Qarshi shahar ma’muriy sudi raisi ham anoyi emas. Yo‘q, bunday ishlar ma’muriy sudga taalluqli emas, da’vo arizangizni qabul qila olmaymiz, bizning vakolatimizga kirmaydi, deya darhol qaror ham chiqarib berdi.

Endi Azam Shirinov bilan viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilamiz. Shikoyatimizni ko‘rar ekan, u yerdagi tajribali sudyalar ham bosh chayqashdi: 1-instansiya sudi to‘g‘ri qarorga kelibdi, haqiqatan ham bunday ishlar ma’muriy sudga taalluqli emas.

Unda qaysi organga taalluqli, axir fuqaro yuqorida nechta idora bo‘lsa, hammasiga ariza yozib ko‘rdi, foydasi yo‘q, masalani kimdir yechishi kerak-ku, qaysi sudga yoki organga murojaat qilaylik. "Bilmadik, lekin bizga emas", deyishdi va qo‘limizga birpasda bu haqdagi o‘z ajrimlarini ham tutqazishdi.

Men esa yana O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi 23-bobini qayta o‘qiyman. Ilgari bunday kodeks yo‘q edi, u 2018-yil 1-apreldan kuchga kirdi va unda aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilibdi: "Ma’muriy organlarning va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni yuritish". Ma’muriy organlarga ichki ishlar organlari ham kiradi, demak, ularning qonunsiz xatti-harakati va qarori ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish mumkin.

- Siz o‘qiyotgan kitobni sudyalar o‘qimagan deb o‘ylaysizmi? Ularning stolida ham turibdi-ku. Milisaning kattasi sudning kattasiga telefon qilgan-da, - yana har xil fikrlar bildira boshlaydi Azam Shirinov.

- Yo‘q, biz haqmiz, qonun biz tomonda, hali buni isbotlaymiz, mana bu shikoyat Respublika Oliy sudiga yozilgan, imzo qo‘ying.

Imillab imzo chekarkan, foydasi bo‘larmikan, men yozgan arizayu shikoyatlarning sanog‘i bo‘lmasa kerak, deb qo‘yadi.

Nihoyat, Respublika Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov xay’ati ishni ko‘ra boshladi. Yana savol-javoblar, e’tirozlar, qonunni talqin qilishlar, kodekslarni varaqlashlar va nihoyat Qarshi shahar ma’muriy sudining hamda viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining qarorlari bekor qilinib, ish mazmunan ko‘rish uchun yana boshqa sudga yuboriladigan bo‘ldi. Endi ishni G‘uzor tuman ma’muriy sudi sudyasi ko‘ra boshladi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasidan mayor, podpolkovnik unvonidagi xodimlar yana o‘zlarining eski gaplarini takrorlashni boshlashdi: "Axir biz tuzgan xulosa bekor qilinmagan, shunday ekan, biz o‘zimizning xulosamizga o‘zimiz qarshi bo‘lib yangi biometrik pasport bera olmaymiz".

Ularga e’tiroz bildiramiz. Axir bu xulosa biron-bir huquqiy ahamiyatga ega emas, bu sizlarning shaxsiy fikrlaringiz, xolos. Tergovchi va sud uchun hatto ekspertiza xulosalari ham majburiy kuchga ega emas. Azam Shirinovga nisbatan jinoyat ishi uning aybi yo‘q deb tugatilgan ekan, demak, aybini isbotlovchi "dalil" bo‘lib xizmat qilgan barcha hujjatlar ham o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Qolaversa, biror fuqaroning pasportini hech qanday sababsiz hujjat tuzmasdan olib qo‘yish mumkin emas, axir  pasport egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasida, deb yozib qo‘yilgan. Buni "pasport stoli" xodimlari yaxshi bilishi kerak-ku.

Bir necha kun davom etgan sud majlisidan so‘ng sudya 2019 yilning 28 mayida quyidagi qarorini e’lon qildi: "Viloyat IIB va Nishon tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi mansabdor shaxslarining xatti-harakati g‘ayriqonuniy deb topilsin. Nishon tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi zimmasiga arizachi Shirinov Azam Jo‘rayevichga O‘zbekiston fuqarosi biometrik pasporti berish majburiyati yuklatilsin".

Nihoyat, to‘rt yillik tergov va sudbozlikdan so‘ng adolat qaror topdi, ammo qanchadan-qancha asabbuzarliklar, tushkunliklar bo‘lib o‘tdi, ketma-ket jo‘natilgan arizalar, shikoyatlar... Ularni aytish oson, xolos.

Azam Shirinovga shuncha yillik sarson-sargardonligingiz uchun davlatdan ma’naviy zarar undirib olish mumkin, keling, bu haqda fuqarolik sudiga da’vo ariza kiritamiz, deyman. Lekin u hafsalasizlik bilan qo‘l siltaydi, qo‘ying, shu odamlar ham kimlarningdir topshirig‘ini bajargan bo‘lsa kerak-da, eng muhimi, O‘zbekiston fuqarosi degan pasport beriladigan bo‘ldi-ku, deydi.

Yaqinda u huzurimga kelib, mamnuniyat bilan yangi biometrik pasportini yon cho‘ntagidan chiqarar ekan, uni bir o‘pib qo‘ydi va uning ichidan taklifnoma chiqarib tutqazar ekan, yoshlarning to‘yini qilayapman, o‘zimning 60 yoshimni ham nishonlayapman, albatta borasiz, dedi.

Shunday qilib 4 yil davom etgan pasport mojarosi yakun topdi, ammo sud qarorlariga qaramasdan o‘zini mutlaq haq deb hisoblovchilar bilan sudlashish, tortishuvlar hamon davom etmoqda. O‘ylaymanki, adolat baribir qaror topadi, chunki qonun ustuvorligini ta’minlash asta-sekin bo‘lsa-da, barcha jabhalarga kirib bormoqda. Ishonamanki, bu tamoyil bardavom va mustahkam bo‘lib qolajak.

Safar KATTABOYEV,

Qarshi shaxridagi "Protsessual kafolat" advokatlik byurosi advokati