Ma'naviyat 09.07.2019 8

PAST

Qatralar

PAST

Oydan turib ham yerni ko‘rsa bo‘lar, ammo balandlashgan sayin ranglar, jilolar xiralashib boraveradi va Yer oddiygina sharga aylanib qoladi.

Oyoq Yerning ustida tursagina undagi har bir giyoh, har bir gulning iforini ham, tikanini ham tuysa bo‘ladi.

BOQIMANDA

U avvaliga bir qop un so‘rab keldi. So‘ng undan xamir qorib, non pishirib berishlarini so‘radi...

Pishirib ham berdilar... Chaynab, yedirib ham qo‘ydilar...

...So‘ngra uning qaymoq yegisi keldi.

BALANDLIK

Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin: uni sal balandga chiqarishgandi, ko‘zini shira bosdi. O‘zidan boshqani odam o‘rnida ko‘rmadi. Na kattani bildi, na kichikni. Hammani birvarakayiga senlashga o‘tdi.

Balandlikka qoyil: bir zumda kimning kimligini ko‘rsatib qo‘ydi...            

UVOL

U besh bolasini tashlab boshqa ayolga ilakishib ketgandi, bolalarining uvoli urdi: umrbod tirnoqqa zor bo‘lib yashadi.

OLOMON

U bir narsa aytdi, qo‘shiq desa til kuyadi, demasa... Negaki, qo‘shiq she’rdan boshlanadi.

She’r desa so‘zda na ma’no bor, na matra, qora qutidan taralayotgan sado esa miyaga gurziday urilgani urilgan.

Eng yomoni, o‘rtada bir guruh olomonning  jazavaga tushib o‘ynayotgani...

TO‘Y

Bu to‘yning ovozasi qishloqdan o‘tib shahargacha yetdi.

Dasturxonda nima qo‘yilganidan tortib qancha osh damlanganigacha, to‘yga qancha odam kelib, qancha to‘yona tushganigacha gap bo‘ldi.

...Shundoqqina qo‘shni qishloqda esa uning to‘shakda mixlanib qolgan qarindoshi doriga pulni qayerdan olishni bilmay osmonga termulib yotibdi...

QAYNONA

Juvon shu kecha tuni bilan mijja qoqmadi. Bolasi yig‘lab chiqdi. Hali beshikka soldi, hali yechdi. Dam ko‘tardi, dam alla aytdi, foydasi bo‘lmadi: go‘dak yig‘layverdi. Qorni damladimi, deb silab qo‘ydi. Qulog‘i og‘ridimi, deb ushlab ko‘rdi. Yo‘q, alomatini sezmadi. Emizdi, suv ichirib ko‘rdi, bo‘lmadi.

Tongga yaqin bolaning ko‘zi ilindi. Juvon ham boshini yostiqqa qo‘ydi-yu, toshday qotdi...

Qaynonasining ovozi uni uyg‘otib yubordi.  Irg‘ib o‘rnidan turib, soatga qaradi: 11. Xayoli qochib ketdi. Nahotki, shuncha ko‘p uxlagan bo‘lsa? Nahotki, kun tushga yaqinlashgan bo‘lsa? Axir bugun kasbdoshlari chaqaloqni ko‘rgani kelishmoqchi edi-ku. Endi nima qiladi? Qanday ulguradi? Ostonada esa qaynonasi bir qo‘lida oftobada suv, bir qo‘lida tog‘oracha, qarab turardi.

- Kelin! Mehmonlaringiz keldi, - dedi u. - Bolasini uxlatayapti, dedim. Yuzingizni yuvib, tashqariga chiqa qoling.

- Uxlab qolibman, ayajon. Uyg‘otmabsiz-da. Endi nima qilaman?

Qaynona hech narsa demay kulib qo‘ydi.

Juvon qaynonasi olib kelgan suvga yuzini yuvdi. Apil-tapil artindi-da, tashqariga chiqdi. Hamkasblari bilan salomlashib, ularni mehmonxonaga boshladi.

Xonaga kirishi bilan juvon gulday yashnab ketdi. Xontaxta ustiga dasturxon solingan, usti noz-ne’matlar bilan to‘la edi.

Juvon mehmonlardan hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi. So‘ng ovqatga unnash uchun oshxonaga kirdi. Ammo ovqat allaqachon tayyorlangan, qozonda sho‘rva mil-mil qaynardi.

U quvonib ketdi. Hamma ishni qaynonasi  bajarib qo‘yganini, uyqudan qolgan kelinini ayab uyg‘otmaganini tushundi.

Mehri tovlab ketdi. Qaynonasini mahkam quchoqlagisi, yuzlarini silagisi keldi. Yugurib uyga kirsa, qaynonasi beshik tebratib o‘tiribdi. Unga qarab: "Rahmat, rahmat ayajon", deb aytoldi, xolos.

Ammo ana shu birgina so‘zning zamirida kelin mehrining tafti, harorati bor edi. Bu harorat qaynonani isitib yubordi.

U mehr berib, mehr oldi.

Lola O‘ROQOVA