Qishloq xo'jaligi 13.09.2019 39

PAXTANI O‘Z VAQTIDA VA SIFATLI YIG‘IB OLISH UCHUN QANDAY CHORALAR KO‘RILMOQDA?

Qishloq xo‘jaligi

Bu yil viloyatimizda 3868 fermer xo‘jaligi tomonidan 135 ming 900 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlandi.

Bilamizki, paxta sanoat uchun muhim xomashyo hisoblanadi. Ammo uni yetishtirish oson ish emasligi ham barchamizga ayon. Bu juda ko‘p vaqt va katta mehnat talab etadigan yumush. Dehqonu fermerlarimiz bahorda yerga urug‘ qadasa, shundan to kuzga qadar agrotexnik tadbirlar davom etadi. Kuz esa paxtachilikdagi yanada mas’uliyatli davr. Chunki katta mashaqqatlar evaziga yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda va nest-nobud qilmasdan, sifatli yig‘ib olish lozim. Ayni paytda viloyatimizda ana shu ishga kirishildi.

Ta’kidlab o‘tish joiz, avvallari paxta yig‘im-terimi asosan hashar yo‘li bilan amalga oshirilar va bu ishga barcha birdek jalb etilardi. Keyingi yillarda esa majburiy mehnat tushunchasiga barham berilib, paxta hosilini yig‘ib-terib olish ham manfaatdor korxona va tashkilotlarning o‘z zimmasiga qo‘yilmoqda. Ayniqsa, joriy yilda Prezidentimiz   Shavkat Mirziyoyev paxta yig‘im-terimiga budjet xodimlari jalb etilmasligini qat’iy ta’kidladi.

Xo‘sh, shunday ekan, bu yil mamlakatimiz, shu jumladan, viloyatimizda yetishtirilgan hosilni o‘z muddatida va sifatli yig‘ib olish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Quyida shular xususida to‘xtalamiz.

Mavsumiy ishchilarning elektron bazasi shakllantirildi

Ayni paytda viloyatimizda mavsumiy ishchilarni terimga jalb etish, bu ishni tez va tizimli tashkil qilish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Viloyat paxta shtabidan olingan ma’lumotga ko‘ra, har bir otryad rahbarligiga ko‘pni ko‘rgan, katta hayotiy tajribaga ega va el orasida obro‘-e’tiborli kishilar tayinlanib, ularga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Shu bilan bir qatorda, sektorlar kesimida maxsus ishchi guruhlar shakllantirilib, ular tomonidan otryadlarga mavsumiy ishchilarni jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

- Ishchi guruhlar a’zolari hududlarda uyma-uy yurib, terimda ishtirok etish istagini bildirgan ishchilarning aniq hisob-kitobini olishdi, - deydi shtab boshlig‘i Jumanazar Tangirov.  - Har bir ishchi bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazilib, ularning pasport ma’lumotlari asosida maxsus elektron baza shakllantirildi. Bu ishchi kuchini aniq va to‘g‘ri baholash hamda terimni tizimli tashkillashtirish, ishlarni taqsimlashda muhim ahamiyatga ega.

Mas’ulning ta’kidlashicha, viloyatda umumiy hisobda 2800 ta terim otryadi shakllantirilib, har bir  otryad tarkibiga 100 nafardan terimchi biriktirildi. Bu - mavsumda 280 ming terimchi ishtirok etadi, deganidir. Hisob-kitobga ko‘ra, agar har bir terimchi mavsum davomida o‘rtacha 1500 kilogrammdan paxta terganida ham, hosilni o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish imkoniyati mavjud.

Terimchilar uchun yashash joylari hozirlandi

Joriy yilda viloyatimizda paxta yetishtirilmagan yoki kam yetishtirilgan hududlardan 73 ming nafar kishi boshqa hududlarga borib, terim ishlarida ishtirok etadi. Ayni paytda ularning ma’lum vaqt davomida yashashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Xususan, viloyatimizda terimchilar uchun 469 ta vaqtinchalik yashash joylari hozirlangan bo‘lib, ularning 7 tasi "Mehnat-rohat" palatkali shaharchalardir. Ushbu shaharchalarning har birida 1000 nafardan terimchining yashashi uchun sharoit bor. Shuningdek, 6500 terimchi uchun  hududlardagi 13 ta pillaxona binolari yashashga moslashtirilib, kerakli qulayliklar hozirlangan. Yana 449 ta bino esa shiypon va baraklardir.

Manfaatdorlik yanada oshirildi

Sir emaski, avvallari qo‘lda terilgan paxta uchun juda kam pul to‘langan. Natijada ishsiz fuqarolar ham terimda ishtirok etib, moddiy daromad olishga qiziqmas, bu yumushga asosan talabalar, budjet tashkilotlari xodimlari jalb etilishi odatga aylangandi. Vaholanki, ularning o‘z ishlari bor. Ayni vaqtda doimiy ish bilan band bo‘lmagan, terimda ishtirok etib, ancha-muncha mablag‘ ishlab olishi mumkin bo‘lgan kishilar esa faoliyatdan chetda qolib ketardi.

So‘nggi yillarda ish bilan band bo‘lmagan aholining paxta yig‘im-terimida ishtirok etishga bo‘lgan ishtiyoqi oshib borayotgani esa ana shu kamchiliklarning bartaraf qilinayotgani, mehnat uchun munosib haq taklif etilayotgani bilan bog‘liq.

E’tibor qiling, 2016-yilda qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun  285 so‘m miqdorida haq to‘langan bo‘lsa, 2017-yilda bu miqdor salkam ikki barobarga oshib, dastlab 450 so‘m, 1 oktabrdan esa 500 so‘m etib belgilangan edi. 2018-yilda esa paxta xom ashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda 650 so‘m, ikkinchi bosqichda 850 so‘m, uchinchi bosqichda 1000 so‘mdan, ayrim tumanlarda hatto 1300 so‘mga qadar mehnat haqi to‘landi.

Vazirlar Mahkamasining "2019-yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, joriy yilda terim puli yanada oshirildi. Hujjatga ko‘ra, paxta xom ashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda - 800 so‘mdan, ikkinchi terimda - 1200 so‘mdan haq to‘lanadi.

Endi o‘zingiz hisob-kitob qilib ko‘ring, birinchi terimda kuniga o‘rtacha 150 kilogramm paxta tergan kishi 120 ming so‘mni naqd qilib qo‘yadi. Agar oilaning uch a’zosi birgalikda harakat qilsa, kuniga 360 ming so‘mdan, bir oyda 10 million 800 ming so‘m ishlab topadi. Mavsum davomida esa jamg‘armani 20 million so‘mdan oshirish imkoniyati mavjud.  Bu qo‘shimcha daromad ishlab topish uchun juda katta imkoniyat aslida. Ahamiyatli tomoni, ana shu imkoniyatni to‘g‘ri baholab, terimda ishtirok etish va daromad ishlab topishga harakat qilayotgan yurtdoshlarimiz soni oshib bormoqda.

Terimchilar doimiy ravishda rag‘batlantirib boriladi

Har yili  faol terimchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirib borish ham an’ana tusini olgan. Ularga mavsum davomida manfaatdor korxona va tashkilotlar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etib boriladi, maroqli hordiq chiqarishi uchun turli uchrashuvlar, badiiy dasturlar tashkil etiladi.

Bu yil ham mahalliy hokimliklar, kasaba uyushmalari, Yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar tomonidan bu borada bir qator tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ular allaqachon boshlanib ham ketdi. Jumladan, kuni kecha viloyat hokimi tomonidan Koson, Mirishkor va Qamashi tumanlaridagi terim otryadlari rahbarlariga zamonaviy televizorlar topshirildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Albatta, bu kabi chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mavsumda ishtirok etayotgan terimchilarni yanada rag‘batlantirish, yetishtirilgan hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay, sifatiga zarar yetkazmay, qisqa vaqt ichida yig‘ib-terib olishdan iborat.

Jahongir BOYMURODOV