Jamiyat 20.08.2019 37

Plyaj futboli: YANA 5 YIL TANAFFUS QILAMIZMI?

Fotonigoh

O‘zbekistonda rasmiy musobaqa o‘tkazish talabiga javob beruvchi yagona plyaj maydoni Qarshi shahrida joylashgan, desak hayron bo‘lishingiz tabiiy. Ha, bu joy o‘zimizda, "Geolog" sport majmuasi hududida qad rostlagan (edi).

Xo‘sh, shunday noyob maydonimiz bor ekanu, nega uni bu qadar yaxshi bilmaymiz? Yo o‘zimiz borib, qumli maydonda to‘p tepmaymiz? Hechqursa, plyaj futboli bo‘yicha o‘tadigan musobaqalarni tomosha qilmaymiz?

Aytishlaricha, bundan o‘n yillar oldin mamlakatimizda ham plyaj futboli bo‘yicha rasmiy musobaqa o‘tkazishga kirishilib, buning uchun Qarshi shahrida yangi ta’mirdan chiqqan, viloyat bolalar va ayollar sport markaziga aylantirilgan sobiq "Geolog" stadionining bir burchagi tanlangan. Tezlikda ish boshlanib, o‘nlab yuk mashinalarida qum keltirilgan, tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar, hakamlar va futbolchilar uchun yechinib-kiyinish xonalari barpo etilgan. Shunga yarasha xorijnikidan qolishmaydigan binoyidek plyaj futboli maydoni paydo bo‘lgan.

So‘ng erkaklar va ayollar o‘rtasida mamlakat chempionati va kubok o‘yinlari o‘tkazila boshlangan. Har ikkalasida ham o‘nga yaqin jamoalar ishtirok etib, hatto plyaj futboli bo‘yicha ikki yilda bir o‘tkaziladigan jahon chempionati saralash o‘yinlariga qatnashadigan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham aynan shu maydonda, aynan chempionat va kubok o‘yinlarida toblangan.

Ammo nedir sabab bilan 2012-yilda erkaklar o‘rtasidagi turnirlar birdaniga to‘xtab qolib, keyingi yili ayollar musobaqalari ham o‘tkazilmay qo‘ygan. Va nihoyat, besh yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston futbol  assotsiatsiyasidagi o‘zgarishlar fonida plyaj futboliga-da e’tibor qaratilib, viloyat markazidagi ushbu maydonda o‘tgan yili yana rasmiy o‘yinlar o‘tkazilishi qayta yo‘lga qo‘yilgan.

Ammo bu xursandchilik ham uzoqqa cho‘zilmadi. O‘yinlar bir boshlanib, keyin taqa-taq to‘xtab qoldi va shu orada bu maydonga sportchi zoti biror marta qadam bosgani yo‘q.

Nima, o‘tgan yilgi musobaqa nomiga, xo‘jako‘rsinga edimi? Yo yana 5-6 yil tanaffus qilamizmi?

 Plyaj maydonining bugungi manzarasi har qanday kishi ko‘nglini xunob etadi: qumloq maydonni tobora ajriq egallab, odatiy, oddiy stadionlardan farqi qolmayapti, o‘rindiqlar sinib, ba’zilari qo‘porib olingan, tomoshabinlar sektori ustidagi qoplama chirib yo‘q bo‘lib ketgan, yechinib-kiyinish xonalari esa majmua xizmatchilariga xizmat ko‘rsatayapti, xolos.

- O‘tgan yili iyul-avgust oylarida chempionat va kubok musobaqalari o‘tkazilgandi, shundan keyin negadir to‘xtab qoldi, - deydi "Geolog" sport-sog‘lomlashtirish majmuasi boshlig‘i Yorqin Rahmonov. - Agar o‘yinlar o‘tkaziladigan bo‘lsa, oldindan tayyorgarlik ko‘ramiz. 10 kun oldin qum elanib, maydon shay holga keltiriladi. Ta’mirlash masalasiga kelsak, bu yer SHo‘rtan gaz-kimyo majmuasiga qarashli bo‘lgani uchun mablag‘ zavod tomonidan ajratiladi. To‘g‘ri, o‘rindiqlar, tepadagi yopqich vaqt o‘tishi bilan eskirib qolgan. Plyaj maydoni tashkil qilinganiga 10 yildan oshgan bo‘lsa, hali uni ta’mirlash uchun mablag‘ ajratilmagan.

Mayli, katta miqyosdagi musobaqalar o‘tkazilmayotgandir, bu majmuadagilar ixtiyoriga bog‘liqmasdir, ammo viloyat bo‘yicha turli turnirlar tashkil qilsa bo‘ladi-ku. Har holda shuncha xarajat sarflangan sharoitlar vaqt o‘tib yo‘q bo‘lib ketsin deb qilinmagan. Yo bo‘lmasa, bu joyni hamma uchun ochib qo‘ysa, odamlar jon deb kelishi tayin. Shunda o‘z-o‘zidan mablag‘ ham paydo bo‘ladi. Zavoddagilar qachon pul ajratarkin, deb kutib o‘tirib, borini ham yo‘q qilish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Sun’iy qoplamali maydonchalar  soatiga 50-60 ming so‘mdan ishlab yotgan bir chog‘da inson salomatligi uchun ahamiyati katta tayyor stadion imkoniyatlaridan foydalanmaslik uchun odam "yaxshigina" loqayd bo‘lishi kerak...

N.XO‘JAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.