Sport 28.05.2019 8

POLVONLARIMIZDA ATIGI BITTA OLTIN MEDAL

Belbog‘li kurash

24-25-may kunlari Chiroqchi tumanidagi 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilgan belbog‘li kurash bo‘yicha  O‘zbekiston chempionatida  erkaklar "klassik" va "erkin" yo‘nalishida 8 tadan vazn, ayollar faqat "erkin" yo‘nalishida 7 ta vazn toifasida bellashdi.

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston milliy belbog‘li kurash federatsiyasining yillik taqvim-rejasiga muvofiq tashkil etilgan mazkur mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 300 nafarga yaqin  sara polvonlar ishtirok etdi.

Medallar jamg‘arish bo‘yicha birinchilik namanganlik sportchilarga nasib etdi. Ushbu viloyat vakillari beshta oltin, yettita kumush hamda 15 ta bronza medalga ega chiqishgan. Shuningdek, Andijon, Farg‘ona viloyatlari sportchilar ham bu borada yuqori natijalarni qayd etgan.

Musobaqada viloyatimiz kurashchilari atigi 1 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Unga 52 kilogramm vazn toifasida kurashgan Munisa Alisherova ega chiqqan.

Shuningdek, Filura Ergasheva hamda Iroda Erkayeva o‘z vazn toifalari bo‘yicha kumush medal olishgan bo‘lsa, Musharraf Ibodullayeva, Xurshida To‘xliyeva, Maftuna Ergasheva hamda Ozoda Toshmurodova bronza medalni qo‘lga kiritgan.

 Erkak kurashchilarimiz faqat bir dona bronza medalni qo‘lga kiritdi. Uni 90 kilogrammgacha vazn toifasida Shuhrat Rahmatov viloyatimiz terma jamoasi hisobiga yozib qo‘ygan.

J.BOYMURODOV