Qishloq xo'jaligi 17.05.2019 184

POLYAKLAR QASHQADARYODA CHORVACHILIK KLASTERI TASHKIL ETMOQCHI

Investitsiya loyihalari

Viloyatimiz qishloq xo‘jaligining chorvachilik tarmog‘iga xorijiy investorlar sarmoya kiritish istagida. Polshaning "Global business promotion group" kompaniyasi shu yo‘nalishdagi istiqbolli loyiha tashabbuskori. Ushbu kompaniya vakillari vohamizga ikki kunlik tashrifi davomida vakolatli tashkilotlar bilan o‘tkazgan muzokaralari natijasida shunday to‘xtamga kelgan.

Safar doirasida belgilangan tadbirlarning ilk kunida mehmonlar "Nishon ko‘zgusi" fermer xo‘jaligiga qarashli majmuada o‘z xizmatlari ko‘rgazmasini namoyish qilishdi. Bundan ko‘zlangan maqsad ichki bozorda chorva va chorvachilik mahsulotlari, sifatli veterinariya xizmati, chorva ozuqasiga bo‘lgan talabni o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Ko‘rgazmaga viloyatimizdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, veterinariya va chorvachilik sohasi mutaxassislari, chorvachilik bilan faol shug‘ullanuvchi aholi vakillari taklif etildi. Ishtirokchilar bu yerda kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Polshadan keltirilgan 33 bosh Golshtin zotli qoramol qatnashchilarni befarq qoldirmadi.

- Kompaniya delegatsiyasi viloyatimizdagi ayni jabhadagi bozorni yuqori baholadi, - deydi "O‘zbekchorvanasl" agentligi viloyat hududiy "Chorvanasl" markazi direktori   Shavkat Xolmurodov. - Ular bilan hamkorlik chorvachilik yetakchi tarmoq sanalgan Qashqadaryodek hudud uchun juda muhim. Chunki bugun Polsha  bu sohada katta yutuqlarga erishmoqda. Xorijlik sarmoyadorlar ham viloyatimizda biznes boshlashga ishtiyoqmand. Suhbat asnosida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ular yirik istiqbolli loyihani ilgari surmoqchi. Dastlabki bosqichda kompaniya vohamizga naslli qoramol, veterinariya jihozlari yetkazib berish, shu maqsadda bu yerda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirgan. 2020-yilda esa ko‘p sonli chorva parvarishi, to‘yimli yem, bioqo‘shimchalar ishlab chiqarish, sut va go‘shtni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga olgan zamonaviy klaster barpo etish taklifi berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, delegatsiya a’zolari vohamiz agrar sektori haqida kengroq tasavvurga ega bo‘lish maqsadida Qarshi va Yakkabog‘ tumanlariga ham borgan. Shuningdek, kompaniya vakillari viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev qabulida bo‘lib, kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashishgan.

Aytish joiz, Polsha kompaniyasi ro‘yobga chiqarmoqchi bo‘lgan loyiha qiymati, tashkil etilajak quvvatlar ko‘lamiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

M.SHUHRATOV

M.KOMILOV olgan surat.