PREZIDENT MAKTABLARIDA KIMLAR O‘QIYDI?

Qaror va ijro

Xabaringiz bor, 2019-yil 20-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga asosan 2019-2021-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan, jami o‘n to‘rtta Prezident maktablari tashkil etiladigan bo‘ldi. Tasdiqlangan jadvalga asosan Qashqadaryo viloyatida 2020-yilda Prezident maktabi quriladi. Prezident maktablari 2019-2020-o‘quv yilida Toshkent, Namangan, Nukus va Xivada ishga tushiriladi. Bu maktablar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgach, 2020-2021-yillarda respublikaning barcha viloyatlarida tashkil etiladi. Prezident maktablari bevosita Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunadi.

Xo‘sh, Prezident maktablariga kimlar qabul qilinadi o‘zi?

Bu maktablarga qabul qilish respublika umumta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan tanlab olinadi. Bitta maktabga yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil -  12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi.

Joriy yilda Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablariga o‘quvchilar 5-10 sinflarga, kelgusi yildan 5-sinfga qabul qilinadi. Hujjatlar 2019-yil 1-iyundan 22-iyunga qadar qabul qilinadi, pm.xtv.uz rasmiy sayti orqali onlayn tarzda ham topshirilishi mumkin. Bu yil hujjatlar ariza beruvchi tahsil olayotgan hududlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Boshqa viloyatlar maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilar 2020-2021-yillarda respublikamizning istalgan hududida tashkil etilgan Prezident maktablariga hujjat topshirishi mumkin.

Prezident maktablariga nomzodlar umumta’lim maktablarining eng iste’dodli o‘quvchilari orasidan tanlab olinadi. Nomzodlar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, oxirgi o‘quv yilidagi tabelning asl nusxasini hamda ta’lim olayotgan maktabidan belgilangan shakldagi ma’lumotnomani taqdim etishi kerak.

Mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Joriy yildagi tartibga binoan Prezident maktablariga nomzod 4-sinf bitiruvchilarining matematika va tabiatshunoslik fanlaridan, 5-sinf bitiruvchilarining matematika, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari, 6-sinf bitiruvchilarining matematika, biologiya, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan, 7-9-sinflar bitiruvchilarining algebra, geometriya, informatika va axborot texnologiyalari, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha baholari 5, ya’ni "a’lo" bo‘lishi kerak. Bu fanlardan bahosi "a’lo" bo‘lmaganlar Prezident maktablariga hujjat topshirish huquqiga ega emas.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu yil Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablariga o‘quvchilar qabul qilinadi. Nomzodlar bir o‘ringa 20 kishidan oshsa, dastlabki imtihon matematika fani bo‘yicha o‘tkaziladi. Asosiy bosqichda talabgorlar soni bir o‘ringa 20 nafardan oshmagan holda tashkil etiladi. Asosiy bosqich axborotni tahlil qilish va aniqlash bo‘yicha, mantiq elementlari bo‘lgan matematika va ingliz tili fanlaridan bo‘ladi. Ballar teng bo‘lib qolsa, qabul komissiyasi nomzodlar bilan suhbat o‘tkazadi. Nomzodlar va ularning  ota-onalari imtihon natijalaridan shikoyat qilish huquqiga ega emas.

Prezident maktablarida o‘quvchilar bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan ta’minlanadi. Haftaning 5 kuni mobaynida maktabda o‘qish va yashash imkoni beriladi. Shanba va yakshanba kunlari ota-onalari bolalarni uyiga olib ketishi mumkin. O‘qitish jarayoni ta’lim, tabiiy fanlar, texnologiyalar, texnik ijodkorlik, san’at va matematika dasturi bo‘yicha ingliz tilida o‘tiladi. Shuningdek, o‘zbek tili va adabiyoti, tarix va boshqa fanlarga ham ahamiyat qaratiladi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan birga xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi beriladi. Bu diplom xorijiy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish imkonini beradi.

Prezident maktablarida tahsil olgan yoshlarimiz nafaqat zamon talablariga javob beradigan, shu bilan birga, xalqu davlat va millat manfaati yo‘lida fidoyi inson bo‘lib yetishishi maqsad qilingan. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablarda o‘qiydigan yoshlarimiz xalqimizning faxriga aylanishi kerak.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari