So'nggi yangiliklar 27.12.2018 185

PREZIDENT TOPSHIRIQLARI ASOSIDA KELGUSI YILI VILOYATDA 1128 TA TADBIR AMALGA OSHADI

Ijro va istiqbol

PREZIDENT TOPSHIRIQLARI ASOSIDA KELGUSI YILI VILOYATDA

1128 TA TADBIR AMALGA OSHADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13-14 dekabr kunlari viloyatga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan yig‘ilish bayoni imzolangan bo‘lib, uning 1-bandida Bosh prokuratura, Hisob palatasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga viloyat hokimligi bilan birgalikda viloyatning barcha shahar va tumanlari 4 ta sektor rahbarlarining faoliyatini o‘rganish, kamchiliklarni aniqlab, 2019 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha "yo‘l xaritalari"ni tuzishga ko‘maklashish topshirig‘i berildi.

Shunga asosan tuzilgan ishchi guruh tomonidan sektorlar faoliyati tahlil qilindi, shtablar ishi o‘rganilib, mavjud kamchiliklar, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berildi.

2019 yilgi "yo‘l xaritalari"da 1128 ta tadbir amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, ular uchun jami 4 trillion 611 milliard 361 million so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirildi. Buning hisobidan kelayotgan yilda 98 kilometr yo‘l qurish, 1 ming 200 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash, 339 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini qurish, 495 kilometrini ta’mirlash, 121,9 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari qurish, 161 kilometrini ta’mirlash, 162 ta yangi transformator o‘rnatish va mavjud 342 tasini yangilash, 104 kilometr gaz quvurlarini ta’mirlash, 98 ming 960 ta gaz ballonlari yetkazib berish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, 134 ta bog‘cha, 24 maktab va 4 shifoxona qurilishi, 101 bog‘cha, 96 maktab, 54 shifoxona kapital ta’mirlanishi, aholining ehtiyojmand qatlami uchun 753 ta arzon uy qurilishi, 2028 ta uy-joy ta’mirlanishi belgilandi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 45 ta bo‘sh bino va 7797 gektar yer maydoni ajratish, 184 ta loyihani ishga tushirish uchun 205 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni jalb etish, faoliyat ko‘rsatmayotgan 337 ta korxonani sog‘lomlashtirish, bu orqali 23 ming 278 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilandi.

Umuman olganda, davlat rahbarining viloyatimizga tashrifi hudud rivoji, aholi farovonligini ta’minlashda yanada yangi sahifalarni ochmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

B.ERKAYEV,

viloyat prokuraturasi iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i