PUXTA O‘YLANGAN TASHABBUSLAR VA ISTIQBOLLI LOYIHALAR XALQIMIZ FAROVONLIGINI YUKSALTIRISHGA XIZMAT QILADI

PUXTA O‘YLANGAN TASHABBUSLAR VA ISTIQBOLLI LOYIHALAR XALQIMIZ FAROVONLIGINI YUKSALTIRISHGA XIZMAT QILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 13-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga tashrifini G‘uzor tumanida barpo etilayotgan Uzbekistan GTL zavodi bilan tanishishdan boshladi.

Ushbu hudud yaqin-yaqingacha quruq dasht bo‘lib, bu yerda qurilishi mo‘ljallagan zavod loyihasi to‘xtab qolgan edi.

Shavkat Mirziyoyev bu loyihaga oid barcha masalalarni hal qilib berdi - Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi qaroriga muvofiq, "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish" investitsiya loyihasi bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Davlatimiz rahbari 2017-yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur zavodning qurilish maydoniga kelib, uni moliyalashtirish, xorijiy texnologiyalar bilan jihozlash, quruvchilar va kadrlar ta’minoti kabi barcha masalalarni chuqur tahlil qilgan edi.

Xuddi o‘sha joy. Faqat bu gal manzara umuman boshqacha. 135 gektardan ziyod maydonda qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Temir-beton poydevorlar qo‘yilib, estakadalar ko‘tarilgan. Ulkan avtokranlar o‘rnatilib, murakkab uskunalarni yig‘ish boshlab yuborilgan. Zavodning yuragi bo‘lmish "Fisher-Tropsh" reaktori barpo etilmoqda.

Zavod dunyodagi yetakchi litsenziar kompaniyalar - "Sasol" (JAR), "Haldor Topsoe" (Daniya) va "Chevron" (AQSH) texnologiyalari asosida bunyod etilayotir. Qurilish ishlari bosh pudratchi - Koreya Respublikasining "Hyundai Engineering Co. Ltd." va "Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd", Singapurning "Enter Engineering Pte. Ltd." kompaniyalari tomonidan olib borilmoqda. Quruvchi va payvandchilarning ko‘pchiligi mahalliy yoshlardir.

Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya kabi 21 davlatdagi 126 zavodda majmua uchun zarur 11 mingdan ortiq texnologik uskuna tayyorlanmoqda.

Bunday ish hajmi bejiz emas. Tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) olish juda murakkab jarayon bo‘lib, yuqori texnologiyalar va chuqur ilmiy yechimlarni talab etadi. Hozir dunyoda bunday zavodlar atigi beshta. SHo‘rtandagisi oltinchisi bo‘ladi.

Mazkur ulkan loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard AQSH dollariga teng. Uning amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YEVRO-5 standartiga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Uning 311 ming tonnasi aviakerosin, 743 ming tonnasi dizel yonilg‘isi, 431 ming tonnasi nafta, 53 ming tonnasi suyultirilgan gaz bo‘ladi.

Zavodning asosiy ahamiyati shundaki, tabiiy gaz xomashyo emas, qo‘shimcha qiymatli mahsulot sifatida sotiladi. Masalan, 1000 kub metr tabiiy gazni taxminan 155 dollarga eksport qilayotgan bo‘lsak, yangi zavodda shuncha gazni qayta ishlash orqali 300 dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Foyda ikki barobar ortadi. Boshqa GTL mahsulotlaridan olinadigan qo‘shimcha daromad 576 million dollardan oshadi.

Yana bir muhim jihat - yiliga neft importiga ketadigan 1 milliard dollardan ortiq valyuta tejaladi. Zavod ishga tushgach, 1 ming 300 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz majmua qurilishini ko‘zdan kechirdi. Pudratchi va investorlar bilan suhbatlashdi.

Biz har tomonlama mulohaza qilib, 1 milliard dollarlik import o‘rnini to‘ldiradigan tarixiy loyihani amalga oshirmoqdamiz. Bu iqtisodiyotimiz barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu paytgacha neft-gaz tarmog‘ida bunday nomenklatura yo‘q edi. Bu yerda yoqilg‘i ishlab chiqarib, benzin tannarxini tushirsak, odamlar loyiha samarasini o‘z kundalik hayotida seza boshlaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mutaxassislar, texnika va resurslardan maksimal foydalanib, qurilish-montaj jarayonlarini oqilona muvofiqlashtirish, zavodni ishga tushirishni tezlashtirish, mahsulot ishlab chiqarishni imkon qadar ertaroq yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Uni foydalanishga topshirish muddatini qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.

Ushbu zavod SHo‘rtan gaz-kimyo majmuasiga yaqin joylashgani umumlashgan infratuzilma obyektlaridan foydalanishda qulaylik yaratadi.

Bu yerda yana bir loyiha - Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining quvvatini 125 ming tonnadan 505 ming tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda. U GTL naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi.

Bunday ishlar neft-gaz sohasida birinchi klaster yaratish imkonini beradi. Ushbu korxonalar kelgusida kimyo, avtomobilsozlik, turizm, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Yakkabog‘ tumanida "Sag agro Yakkabog'" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan yong‘oqzor va bodomzorlarni borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-iyundagi "Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori hamda joriy yil yanvar oyidagi Qashqadaryoga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida tumanda "Sag agro Yakkabog'" MCHJ tomonidan 25 milliard so‘m mablag‘ evaziga 1 ming 140 gektar maydonda yong‘oqzor va bodomzorlar tashkil etilmoqda. Ayni paytda 700 gektar maydonda yong‘oqning "Chendler", "Cisco" va bodomning "Avijor", "Guara" navli ko‘chatlari o‘tqazildi. Kelasi yili yana 440 gektar maydonda mazkur daraxt ko‘chatlari ekiladi. Yong‘oqzor 4 yilda, bodomzor 3 yilda hosilga kiradi.

Mazkur bog‘ to‘liq barpo etilgach, yiliga 7 ming tonnaga yaqin mahsulot olinadi. 500 kishining bandligi ta’minlanadi. Yetishtirilgan mahsulotning 60 foizini eksportga chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentimiz bog‘da yong‘oq ko‘chati o‘tqazdi.

Davlatimiz rahbari mahalliy tabiiy-iqlim sharoitiga mos yong‘oqning serhosil plantatsiyalarini yaratish, hududlarda yong‘oq ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish, ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalarni yong‘oq yetishtirish jarayoniga joriy qilish, yong‘oq ko‘chatlarini parvarish qilishga jalb etiladigan agronomlarni yong‘oq plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri o‘tkazish bo‘yicha o‘qitish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Qashqadaryo qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta salohiyatga ega. Yakkabog‘da ham hosildor yerlar, dehqonchilikni yaxshi biladigan odamlar ko‘p. Bundan to‘g‘ri foydalanib, bog‘dorchilikni rivojlantirish, aholini ham oziq-ovqat bilan, ham ish bilan ta’minlash mumkin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois ko‘chatxonalar tashkil etish, aholi tomorqalari uchun mevali daraxtlar yetkazib berish zarurligi ta’kidlandi.

Shu yerning o‘zida Qashqadaryo viloyati tumanlaridagi zaxira yer maydonlarida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2019-2020-yillarda pista, achchiq bodom, yong‘oq va chakanda plantatsiyalarini tashkil etish hamda Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligida kurkachilikni rivojlantirish, mamlakatimizdagi o‘rmon xo‘jaliklari va fermer xo‘jaliklarida pista plantatsiyalari barpo qilish, qorako‘lchilik, uzumchilikni rivojlantirish, "Nasaf agro impeks" MCHJ tomonidan Kitob tumanida zamonaviy intensiv bog‘ tashkil etish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbariga viloyatda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Prezidentimiz Muborak tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Aziz agro trans fayz" zamonaviy issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Tadbirkor Qobiljon G‘ulomov 2016-yili "Muborak issiqlik elektr markazi" AJ atrofidagi tashlandiq hududdan 2 gektar yer olib, issiqxona barpo etgan edi. Natija kutilganidan ham ziyod bo‘ldi. 2017-yil 4 gektar, 2018-yil yana 3 gektar yerda issiqxona qurdi.

Tabiiyki, cho‘l hududda, oqar suvdan uzoqda mo‘l hosil yetishtirish oson emas. Tadbirkor buning ham uddasidan chiqdi. Ya’ni yomg‘ir mavsumida 800-1000 tonnalik suv to‘planadigan hovuzlar qurdi. To‘plangan suvdan ekinlar tomchilatib sug‘oriladi. Yana bir ahamiyatli tomoni "Muborak issiqlik elektr markazi" AJda ishlab chiqarishda paydo bo‘ladigan issiq suv ilgari maxsus jarayonda sovitilardi. Ushbu issiq suv quvurlar orqali issiqxonaga tortib kelingan. U issiqxonadagi zarur havo haroratini ta’minlab beradi, sovigach, yana issiqlik korxonasiga qaytariladi. Ayni paytda issiqxonada 100 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Kelasi yili issiqxona umumiy maydoni 10 gektarga yetkaziladi. Ish o‘rinlari soni yana ko‘payadi.

Umuman, tuman bo‘yicha 60 tadbirkorga 300 gektar yer shu kabi issiqxona qurish uchun ajratilgan. Kelgusida issiqxonalar qurishni yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.

Mamlakat iqtisodi rivoji, aholi farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadigan bunday issiqxonalar tarmog‘ini yanada kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Shu yerda Qashqadaryo viloyatida 2019-2020-yillarda issiqxonalar tashkil etish, Chiroqchi tumanida lalmi maydonlarda poliz ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, viloyatda aholi tomorqasidan foydalanishni yaxshilash kabi qator loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan dasturga asosan Qashqadaryo viloyatida yengil sanoat tarmog‘ida 10 dan ziyod yirik istiqbolli loyihani amalga oshirish belgilangan. O‘tgan davrda ularning ayrimlari doirasida ishlar yakunlanib, yangi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qarshi shahridagi "Sulton tex group" korxonasi ana shulardan biridir.

Mazkur korxona joylashgan hudud bundan ikki yil muqaddam sobiq paxta zavodiga qarashli qarovsiz yerlar edi. Davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chog‘ida Qashqadaryo viloyatida amalga oshiriladigan yengil sanoat loyihalari qatorida "Sulton tex group" korxonasini barpo etish haqida ham ma’lumot berilgan edi. Asosiy maqsadi paxta tolasini chuqur qayta ishlash orqali tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘lgan mazkur korxona viloyatda yengil sanoat tarmog‘ini rivojlantirishda muhim loyihalardan biri bo‘ladi.

O‘tgan davrda loyiha uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 10,4 million dollar krediti va korxona ta’sischisining 6,6 million dollar o‘z mablag‘i yo‘naltirilib, paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish korxonasini qurish boshlab yuborildi. Joriy yil boshida loyihaning dastlabki bosqichi - yiliga 7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega fabrika ishga tushirildi.

Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida ushbu korxonada bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Paxta tolali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonada Shveytsariya va Yaponiyadan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi tozalash, yigirish va o‘rash uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, bu yerda 300 ga yaqin ishchi mehnat qilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida korxonada 5 ming 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarildi. Shundan 12 million dollarlik mahsulot Polsha, Turkiya, Eron, Misr kabi 10 ga yaqin mamlakatga eksport qilinib, 50 milliard so‘mlik mahsulot ichki bozorga yetkazib berildi.

Korxonada tolani tozalashdan tortib, o‘rashgacha bo‘lgan barcha jarayon avtomatik tarzda boshqariladi. Laboratoriyada tola va ip sifati qattiq nazoratga olinadi.

Davlatimiz rahbari ushbu laboratoriya faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan suhbatlashdi. Prezidentimizning tashrifi doirasida loyihaning ikkinchi bosqichi - yiliga 3 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega to‘quv fabrikasi faoliyatiga start berildi.

Ta’kidlash joizki, umumiy qiymati 53 million dollardan ziyod bo‘lgan korxonaning navbatdagi bosqichlarida mato to‘qish, uni bo‘yash, tayyor  kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Jumladan, tikuv mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi 2019 yil yanvar oyida ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollar bo‘lib, Yevropaning ilg‘or ishlab chiqarish uskunalari asosida ishlaydi. Fabrika ishga tushishi natijasida 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 9 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

E’tiborli jihati, bugungi kunda korxonada eng samarali iqtisodiy tizim bo‘lgan paxta to‘qimachilik klasteri tashkil qilinib, buning uchun Qarshi tumani hududidan 10 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Paxta yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot qilib sotishgacha bo‘lgan jarayon ushbu korxonaning o‘zida amalga oshiriladi. Bu mahsulot tannarxi arzonlashishi va sifat darajasining oshishiga olib keladi, viloyatda jahon bozorida raqobatbardosh tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Shavkat Mirziyoyev korxonaning   keyingi bosqichlarini tez va sifatli amalga oshirish, tayyor mahsulot turlarini va eksport geografiyasini yanada kengaytirish, paxta to‘qimachilik klasterini takomillashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda Singapurning "Indorama" kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida paxta to‘qimachilik klasterlari tashkil etish, mamlakatimizning Polsha, Eron, Buyuk Britaniyadagi elchixonalari tomonidan Qashqadaryo viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan rejalar taqdimoti o‘tkazildi.

Prezidentimiz 2017-yil 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahrida qurilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Qarshi filiallari loyihasi bilan tanishib, bu filiallarning tashkil etilishidan maqsad aholiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish ekanini alohida ta’kidlagan edi.

Qisqa vaqt oralig‘ida mazkur loyihalar asosida jadal qurilish ishlari bajarildi, ilgari foydalanilmay turgan hudud tutash joylashgan markaz filiallari atrofi obodonlashtirildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, tibbiy asbob-uskunalar, malakali kadrlar ta’minoti, zamonaviy davolash usullari bilan tanishdi.

Filial nafaqat qashqadaryoliklar, balki boshqa viloyatlar va qo‘shni respublikalar aholisi uchun ham xizmat qiladi.

120 o‘rinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida reabilitatsiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi bo‘limlar, kunlik 100 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz yurak-qon tomir kasalliklariga tashxis qo‘yish va davolash uchun zarur barcha zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu asbob-uskunalardan samarali va to‘g‘ri foydalanish nihoyatda muhimdir. Buning uchun zamonaviy tibbiyot ilmini chuqur o‘zlashtirgan, tajribali va o‘z kasbining fidoyi mutaxassislari zarur.

Markazga yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda ilg‘or tajribaga ega, Rossiya, Germaniya kabi davlatlarda tahsil olgan, malaka oshirgan shifokorlar jalb qilingan. Ular o‘z tajribasi va bilimlarini viloyatdagi hamkasblariga ham o‘rgatadi.

Bu yerda koronarografiya, ventrikulografiya, tomirlar angiografiyasi, koronar tomirlarni stentlash, ballonli valvuloplastika, bo‘lmachalararo va qorinchalararo to‘siq nuqsonlarini okklyuder yordamida bartaraf etish, aortakoronar shuntlash, yurak orttirilgan nuqsonlaridan klapanlarni protezlash, aorta va uning shoxlarida, yurak tug‘ma nuqsonlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlari bajariladi.

Shu kungacha hududda endokrinologiya xizmatini ko‘rsatadigan bosh muassasa - viloyat endokrinologiya dispanseri bo‘lib, u 1980-yilda tashkil etilgan, ishlash tizimi hamon eskicha edi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, endokrinologik kasallikka chalingan bemorlar endi shu yerda davolanadi. Diabetik nefropatiya, umumiy endokrinologiya va bolalar, qalqonsimon bez kasalliklari va endokrin jarrohlik, diabetik to‘piq jarrohligi, laboratoriya-diagnostika kabi bo‘limlarni, 50 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikani o‘z ichiga olgan markazda yiliga 700-800 jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Filialni malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ikki nafar shifokor xorijda malaka oshirib qaytdi. Bu yerda amalga oshirilgan asosiy yangiliklardan biri Diabet maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilganidir. Maktabda malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga o‘z-o‘zini nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yo‘llari, bolalarga esa non birligiga asosan to‘g‘ri ovqatlanish tartibi o‘rgatiladi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur tibbiyot muassasalariga malakali mutaxassislarni jalb qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish qamrovi va sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Qarshi shahridagi ushbu filiallar boshqa viloyatlarga namuna bo‘lishi kerak. Buning uchun, avvalo, aholining tibbiy madaniyatini oshirish zarur. Asosiy maqsadimizdan biri - xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish. Buning uchun biz barcha imkoniyatimizni safarbar etamiz. Toki bu islohotlarimiz samarasini xalqimiz bugun, kundalik hayotida sezsin, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

O‘zA