Iqtisodiyot 16.08.2019 45

QADAMBA-QADAM ILDAMLAO‘TGAN KORXONA

Ish bilganga ming tanga

Tadbirkorlik o‘z-o‘zidan rivojlanib ketadigan ish emas. Qachonki, qo‘l urayotgan sohasini yaxshi bilgan, bor sarmoyani to‘g‘ri yo‘naltira olgan, doimo izlanishdan, harakatdan  to‘xtamagan, aniq maqsad sari qat’iy intilgan kishigina biznesda yuqori natijalarga erishishi mumkin.

Nishonlik yosh tadbirkor Jo‘rabek Jabborovning faoliyati ham bunga misol bo‘la oladi.

- Kollejni tamomlab, pul topish, oilamga yordam berish maqsadida bir necha yil Qarshi shahridagi mebel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonada oddiy ishchi bo‘lib ishladim, - deydi u. - Bu jarayonda turli mebellar, eshik va romlar yasashni mukammal o‘rgandim. Ushbu mahsulotlarni yasashda qo‘llaniladigan texnologiyalar, ularni ishlab chiqaruvchi korxonalar, hatto mebel mahsulotlari bozori, bozordagi talab va taklif haqida yetarli bilim va tasavvurga ega bo‘ldim. Shundan so‘ng avvaldan maqsad qilganim - o‘z tadbirkorlik faoliyatimni boshlash bo‘yicha qat’iy qarorga kelganman. Ammo hali menda ishlab chiqarish uchun zarur uskunalar ham, ularni xarid qilish uchun yetarli mablag‘ ham, joy yoki bino ham yo‘q edi. Lekin ishni boshlab olsam, asta-sekin bu narsalarga erishish mumkinligiga ishonardim. Shu bois bor sarmoyaga bir-ikkita oddiy uskunani xarid qilib, eshik va romlar yasashni boshladim. "To‘rayev Asilbek Dilnura" xususiy korxonasini ta’sis etib, uni ro‘yxatdan o‘tkazdim.

Jo‘rabek Jabborovning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish uchun yetarli shart-sharoit bo‘lmasa, ishni rivojlantirish qiyin. Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Unga ham ishni rivojlantirishi uchun ana shunday qo‘llab-quvvatlov qo‘l kelgan.

- 2016-yilda faoliyat boshlagan bo‘lsam, shundan so‘ng korxona uchun yer so‘rab tuman hokimligiga murojat qilgan edim, - deydi u. - Murojaatim qanoatlantirilib, tumanning sanoat zonasidan zarur yer maydoni ajratib berildi. Unda qurilish ishlarini amalga oshirib, faoliyatimiz uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratdik.

Ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur binoga ega bo‘lgan yosh tadbirkorning oldida yana bitta muammo bor edi. Undagi uskunalar tayyor eshik va romlar, mebellarni pardozlash, misol uchun, ularga turli xil bezaklar, naqshlar chizish, yozuvlar tushirish imkonini bermasdi.  Bularsiz bugungi bozor raqobatiga dosh berish qiyin. Ayni sabab bir qancha vaqt mobaynida u buyumning asosiy qismini Nishonda yasab, so‘ng Qarshidagi korxonalardan biriga keltirib, shu yerda bezak berilgach, yana olib ketib yurdi. Bu esa kattagina qo‘shimcha sarf-xarajatni talab etar, ammo zarur texnologiyani xarid qilish uchun yetarli mablag‘i bo‘lmagach, boshqa chora yo‘q edi. E’tiborli jihati, bu muammoga yechim topishda ham yurtimizda yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlar muhim omil bo‘ldi.

- Ushbu texnologiyani xarid qilish uchun avval ham kredit olish fikrim bor edi, - deydi u. - Ammo foizi biroz balandligi bois, ikkilanib turgandim. Bu orada Yoshlar ittifoqi qoshida "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi ta’sis etilib, yosh tadbirkorlar uchun kam foizli imtiyozli kreditlar berila boshlandi. Bu men uchun ham ayni muddao edi. Shu bois, joriy yil boshida barcha hujjatlarimni tayyorlab, o‘z biznes-rejam bilan jamg‘armaning tuman bo‘limiga murojaat edim. Loyiham ma’qullanib, so‘ralgan 150 million so‘m imtiyozli kredit 7 foizli stavkada berildi va bu pulga kerakli texnologiyani xarid qildik. Mana endi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizga zamonaviy texnologiya yordamida istalgan ishlovni berishimiz mumkin. Shunchaki, kompyuterda zarur dizaynni tanlaysiz va buyruq berasiz, qolgan ishning barchasini texnikaning o‘zi bajaradi.

Bugungi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mahalliy xaridorlarning o‘zidan ortayotgani yo‘q.    4 nafar yigit shu yerda ish bilan band. Yosh tadbirkor endilikda ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi va salmog‘ini yanada oshirish, kelgusida nafaqat MDF panellari, balki alyumin profillardan ham eshik va romlar ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.