Ma'naviyat 25.06.2019 64

"QALAMNING UCHI INGICHKA-Y, LEKIN…"

Saralangan satrlar

Murod Muhammad Do‘stning "Lolazor" romani o‘tgan asr 80-yillari o‘zbek nasrining ajoyib namunalaridan biridir. Turg‘unlik davri tanazzuli haqida hikoya qiluvchi ushbu asarda gazeta va gazetchilikka oid qiziq va e’tiborli lavhalar ham qalamga olingan. Albatta, roman bosh qahramonlari hayoti va taqdiri shu soha bilan u yoki bu darajada bog‘liq ekani bunga sabab. Shu mavzudagi bir qancha satrlarni saralab,  Sizga ham ilindik.

Umuman, gazetchilarda "maqola uyushtirish" degan gap borki, jo‘nroq qalloblikning o‘zginasi. Lekin bunga hamma ko‘nikkan. Agar shu kichkina qalloblik bo‘lmasa, ehtimolki, gazeta vaqtida chiqmay qoladi. Qolaversa, ayni usul yosh jurnalistlar uchun tuzukkina maktab vazifasini o‘taydi… Yodimda bor, gazetada ishlagan paytimizda Mamarayim degan hamkasbimiz bo‘lardi. Nuqul katta olimlar nomidan yozardi. Redaktorimiz "letuchka"larda koyib qolsa bormi, xudo urardi, deng! Mamarayim so‘z olib, nuqul ko‘ksiga urardi: falonchi - menman, fismadonchi ham - o‘zim! Shu ketishda, o‘zi nomlaridan maqola uyushtirgan bir to‘da olimlarning ro‘yxatini keltirardiki, naq bir akademiya bo‘lardi!

* * *

Hamkasblarni maqtab yozgan kezlarim bo‘lgan, ammo o‘zimga yoqqan asarlarini maqtaganman. Yozganda ham, falonchini maqtayapman, degan o‘yim bo‘lmagan. Jo‘ngina qilib, o‘zim o‘ylagan narsalarni yozganman. Sal-pal xato qilgan bo‘lishim mumkin. Har holda, kimki kim haqida yozmasin, o‘sha odamning o‘ziga o‘xshashini xohlaydi,     boshqacha aytganda, o‘z arshini bilan o‘lchaydi.

* * *

...go‘ring nurga to‘lgur Sharifdan tuzukroq latifa qolgani ham yo‘q. Bittasi borki, urushdan sal avval Germaniya haqida maqola yozgan, darvoqe, unda Germaniya emasdi, Olmoniya edi, xullas, do‘stimiz maqolani yozgan, maqola gazetda sonma-son chiqa boshlagan, lekin shu orada o‘rtoq Molotov bilan anavi ablah Ribbentrop deganlari uchrashganu go‘ring nurga to‘lgur Sharif gazet muharririga telefon qilgan: shu maqolani to‘xtatib tursak tuzuk. Nega, deb ajablangan bechora muharrir, chiqaversin-da? Yo‘q, degan go‘ring nurga to‘lgur do‘stimiz Sharif, sal to‘xtatib turaylik, ayni paytda chiqsa, ikki davlatning o‘zaro munosabatlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin...

O‘sha muharrir bechora (endi qaytish qilib ketdi) shu gapni aytib, dumalab-dumalab kulardi. Rostdan ham, latifa ancha tuzukday, lekin, ming afsuski, u bor-yo‘g‘i gazetchilarni kuldirishga yaraydi, xolos.

* * *

- Siz meni, televizor-pelevizorda ko‘rib yurganu endi kelib yopishyapti, deb o‘ylamang, domlajon. Gazetdayam ko‘p o‘qiymiz. O‘zimiz o‘nta gazetga obunamiz, xotindayam to‘rt-beshtasi bor, bu yog‘i bolalar ham "Gulshan"u "G‘uncha" o‘qiydigan bo‘p qolgan. Ana, qaysi kuniyam bitta maqolangiz chiqdi. Paxta teraydigan moshinning zo‘rlari bor, lekin chiqmayapti, deb yozibsiz. Agar siz yozmasangiz, bizga o‘xshagan nodonlar, e, bori shu ekan-da, deb yuraydik-da? Endi bo‘lsa, domlajon, o‘sha zo‘ridan berasizlar, deb talab qilaveramiz.

Yaxshiboyev, maqolani o‘zim emas, shogirdlarim yozgan, deb aytmoqchi bo‘ldi. Lekin iymandi. Yonidagi soddabayov yigitni yozuvchiligu gazetchilikning yoqimsiz ikir-chikirlarini aytib ranjitgisi kelmadi.

* * *

Bir gal o‘ziga sal tegibroq ketgan gazetadan qasd olmoqchi bo‘lib, sekin Oshnoga gap soldi. Asl dardini  aytmadi, boshqa bir dardni o‘ylab topdi, nutq madaniyati yomon buzilyapti, oqsoqol, dedi, bu gazetda birorta ham to‘g‘ri jumlani uchratolmaysiz, nuqul g‘o‘rlik, nuqul dumbullik, o‘zlari chiqarib, o‘zlari o‘qishsa mayliydi, lekin gazet o‘z oti bilan gazet, uni hamma o‘qiydi, xo‘sh, bu yog‘i nima bo‘ladi, g‘ij-g‘ij imlo xatoyu uslubiy xatolar o‘tib ketaversa, yosh avlodning savodiga, saviyasiga, qolaversa, tarbiyasiga salbiy ta’sir etmasmikan?

Oshnoning boshqa tashvishlari ham ko‘p edi, unchalik ro‘yxush bermadi, matbuotning tezkorligu tig‘izligini ro‘kach qildi, ishni paysalga solmoqchi bo‘ldi. Lekin Yaxshiboyev ham bo‘sh kelmadi, o‘zini hafa qilgan gazetani papkasidan chiqarib, tishga tegadigan uch-to‘rt jumlani battar buzib o‘qidi - xullas, Oshnoni yengdi. Oshno tegishli kishilarni chaqirtirib, kerakli ko‘rsatmalarni berdi. So‘ng biror oycha gazeta sahifalaridan lutfu fasohat chak-chak tomadigan bo‘ldi: qayga qarama - maqol; qayga qarama - matal; turli hikmatlar, iboralar, uyqash jumlalar; ajdodlarning ajoyib udumlariyu avlodlarning sadoqati...

Yaxshiboyev tantana qildi. Bu orada unga tegibroq ketgan gazeta muharriri uzr so‘rab keldi, so‘ng Yaxshiboyev haqida Sobitovning naq bir sahifalik maqtovini bosdiyu o‘rtadagi nifoq unut bo‘ldi. Yaxshiboyev qulay payt tanlab, nutq madaniyati xususidagi tashabbusingiz to‘la ma’qullandi - gazetlarning tili izga tushdi, yangi va qo‘shimcha tadbirlar ham belgilandi, deya Oshnoga axborot berdi.

* * *

Yaxshiboyev o‘jar yigit edi. Aytganini qilmay qo‘ymadi - O‘rtaqo‘rg‘on gazetasida kichik bir lavhani bostirdi. Ming bir azob bilan yozilgan shapaloqday xabar ustiga o‘qlog‘iday qilib, "QIZIL HASHAR" deb nom qo‘yishgan edi. Yaxshiboyevga lavhadan ham sarlavha ko‘proq yoqdi. Uningcha, ayni sarlavha Oshno topgan sarlavhadan sira qolishmasdi. O‘sha kuniyoq dorilfunun rektori uni huzuriga chaqirtirib rahmat aytdi. Talabalarimizning xayrli ishlarini matbuot sahifalarida yoritib, yana bir xayrli ish qilibsiz uka, bundan buyog‘iga yanada g‘ayrat qiling, pishiq yigit ko‘rinasiz, kelajak - sizlarniki, deya ko‘nglini ko‘tardi. Qalamning uchi ingichka-yu, lekin qamrovi keng, uka, deb tushuntirdi, bu yog‘iga faqatgina bizning dorilfunun bilan cheklanib qolmang, boshqa jabhalarni ham yoriting, sizga omad tilayman.

* * *

"Kellim" dedi, shevasi Kitobu Shahrisabzniki. Bu shevaning jabrini Yaxshiboyev ko‘p tortgan edi. Bir zamonlar, jurnalda muharrir muovini bo‘lib o‘tgan paytlarida, o‘z ta’biri bilan  aytganda, "kichkina" paytlarida, birgina mashinkachi ayollari bo‘lardi, Kitobning qoq o‘rtasidan edi, "bo‘ldi"ni "bo‘lli", "o‘ldi"ni "o‘lli" deb yozaverib, korrektor bechoralarni ko‘r qilardi.

* * *

Moyra mojarosidan biror hafta o‘tib, Yaxshiboyev gazeta mahkamasiga bordi. Borib, ko‘p xotinli bir kishi haqida yozgan felyetoni yuzasidan janjal ko‘tardi. Yaxshiboyevning qo‘ygan sarlavhasi "Mov mushuk" edi, lekin gazetchilar "O‘g‘ri mushuk", deb o‘zgartirib, oxiriga "...bu mushtumzo‘r va bu o‘g‘ri mushuk qachongacha xotin-qizlarimizning baxtlariga chang soladi, uning oyoqlarini kesib, tirnoqlarini egovlab tashlaydigan fursat kelmadimi?!" degan so‘zlarni qo‘shgan edilar.

O‘rtadagi janjal sarlavha bois emas, o‘sha keyin qo‘shilgan so‘zlar bois chiqdi. Yaxshiboyev endi ancha ulg‘ayib, o‘zining ham, so‘zining ham qadriga yetadigan bo‘lib qolgan edi. Yo‘q, o‘rtoqlar, deb turib oldi, ikkisidan birini qilish kerak, mushukning yo oyog‘i kesilsin, yo tirnog‘i egovlansin, kesilgan oyoqning tirnog‘ini egovlash - ahmoqning ishi!

* * *

Qurbonoyning ko‘zlarida g‘ussa bor edi. Ilgari boshqacha edi bu ko‘zlar. Uzoqni ko‘zlardi ular. Chaqnab, charaqlab turar edi. Qiz paytida ham, keyinchalik ham, deylik, bundan besh yilcha muqaddam, kattakon majlisda, Qurbonoy Yaxshiboyevni tanishni istamagan paytda ham yonib turar edi. Yaxshiboyevga uning ko‘zlari boshdan yoqqan. Yozgan maqolasining nomi ham esida: "Yulduzni ko‘zlagan qiz..." Bashorat qilgan ekan, Qurbonoyi tushmagur o‘n yilcha ham o‘tmay ko‘ksiga yulduz taqdi. Ikki yuzlik marrasini unutib, uch yuzga chiqardi, shodlik va hazil aralash Yaxshiboyevga telegramma jo‘natdiki, Nazar Yaxshiboyevich, siz aytgan yulduzlarning birini oldim, deb...

* * *

- Jur’atli ocherklaringiz bor-ku? - deb e’tiroz bildirdim men.

- Ularning tarixini bilmaysiz, uka. Ba’zilarini birovlar yozib, mening nomimni qalqon qilishgan. O‘zim yozganlarim esa... avval ruxsat olib, keyin yozilgan... Ya’niki, menga jur’at etishga ruxsat berishgan!..

* * *

- To‘pori yaxshi yigit, - deb maqtandi Yaxshiboyev. - O‘zimizning kadrimiz. Birinchi bo‘lib, uni o‘zim yozib chiqqanman. Yaxshilikni unutmaydi, izzat qiladi. Sizu bizga shu kerak-da. Lekin bir xillari bor, darrov tumshug‘i ko‘tarilib ketadi. Qurbonoyni eshitganmisiz?

- Qaysi? Qahramon qiznimi?

- Xuddi o‘shani, - dedi Yaxshiboyev qovog‘i osilib. - Uniyam yozib chiqqan o‘zimiz edik. Ocherkimni eslaysizmi? "Yulduzni ko‘zlagan qiz"? Lekin u qiz nariroqni ko‘zlagan ekan, mensimay ketdi...

* * *

Yaxshiboyev qahramonidan mamnun edi. Bilardiki, Qurbonoyni shu darajaga yetkizgan - uning o‘zi. Hatto muxbirlar ham avval Yaxshiboyevdan ruxsat olib, keyin Qurbonoyning yoniga borishardi. Yozganlarini ham avval Yaxshiboyevga keltirib ko‘rsatishardi. Yaxshiboyev maqolalarni o‘qiy turib Qurbonoyning soddaligidan  zavqlanardi. Axir, nomi yurtga taralgan ayol bo‘lsa-yu, ikki og‘iz gapining birida "menga Yaxshiboyev Nazar ota yordam berdilar", "men Yaxshiboyev  Nazar otaning o‘gitlaridan ruhlandim", deb tursa, uni quvlikda ayblab bo‘larkanmi!...

* * *

... bir vaqtlar matbuotda ozmi-ko‘pmi mehnat qilib, xushomadgo‘y  tanqidchilarning sharhlarini shaxsan tahrir etib, o‘ziga doxil maqtovlarni qizil qalam bilan o‘chirib qo‘yganlarini xotirlardiki, o‘chirilgan joylarni ko‘rib, tobe xodimlarning hayrati oshardi. Hurmat ham shunga yarasha bo‘lardi. O‘sha xodimlarning hammasi tirik, haligacha ularning tillari biyron, mabodo gap ochilib qolguday bo‘lsa, Yaxshiboyevning kamtarligini eslamasdan ilojlari yo‘q!

* * *

- Judayam olamiz-da! - Yaxshiboyev shunday deb qo‘ynidan bir to‘da gazeta chiqardi. - O‘qing, Saidqul, savodingizni oshiring!...

Shoshib gazetani ochdim. Ko‘rsam, ikkinchi betida kechagi maqola bosilibdi. Hech ishongim kelmadi.

- Namuncha tezkorlik, Nazar aka?

- Sizga qolsa maqolani sichqon yeb ketardi, - dedi Yaxshiboyev. - Rost gap xor bo‘lganini ko‘rishga toqatim yo‘q. Muharrirning naq bo‘g‘zidan oldim. Ammo-lekin, yomon xira ekanman,  Saidqul, chekkadan qaragan odamga juda xunuk ko‘rinsa kerak... E, qo‘ying unisini, muhimi - chiqardik! Birorta so‘zi o‘zgarmadi. Yo‘q, o‘zgaribdi, anavi "butifos" deganingizni "dorivor" deb atashibdi, xolos!

M.SHUHRATOV tayyorladi.